1

ONASIGA KERAGI BO`LMAGAN ChAQALOQ...

Jinoyat 10.01.2018, 00:12
 ONASIGA KERAGI BO`LMAGAN ChAQALOQ...

Mehriniso katta pul topish ilinjida Rossiyaga yo`l oldi. Biroz mehnat qilgach, yashashning oson yo`lini tanladi. Homiladorligi ma`lum bo`lganda, begona yurtda bola oldirishning ilojini topmay, uyga qaytishga qaror qildi. Onasi olamdan o`tib ketganligi, otasi boshqa ayolga uylangani bois xolasi Nasibaning uyiga keldi. Xolasining qizi Feruza bir necha yildan beri befarzandligi tufayli bolasini unga berishni ko`ngliga tugdi. Biroq Feruza uning ko`zi yorishini kutmay, ishlash uchun Turkiyaga yo`l oldi. Turkiyada bo`lgan Nasiba xolasi esa O`zbekistonga qaytdi. Mehriniso bola katta qilishning bunchalik mashaqqatli ish ekanligini tasavvur ham qilmagan edi. U avvaliga bu borada Nasiba xolasining yordamiga umid qildi. Biroq shusiz ham tashvishi boshidan oshib yotgan Nasiba har doim ham Mehrinisoga qarashishga vaqt topolmadi. Shundan keyin u arazlab, boshqa tumanda yashovchi dugonasi Surayyonikiga ketdi.

— Surayyo, agar bolamga qarab tursang, men ishlab pul topardim. Enagalik qilganing uchun senga uch yuz ming so`m oylik to`lardim, bolaning oziqlanishi uchun alohida pul berardim, – dedi Mehriniso.

— Mayli, o`rtoqjon, o`g`lingga mehrim tushim qoldi, unga o`zim qarayman, – dedi Surayyo.

Shunday qilib, Mehriniso ishga ketgan odam bo`lib, tongda chiqib ketar, kech qaytardi. Surayyoning nima ish qilyapsan degan savoliga “Toshkentda ishlayapman”, deb javob berar, aynan nima ish bilan shug`ullanayotganligini aniq aytmas edi. Kunlarning birida Mehrinisoning amakisi qo`ng`iroq qilib, uning uyga qaytishini talab qildi. Mehriniso jonajon dugonasining haqini berishni xayoliga keltirmay, ortiga qaytdi. Amakisining xotini yaqinda farzand ko`rgani bois, o`g`liga kennoyisi qarashiga umid qildi. Amakisining uyiga etib kelgan Mehriniso bolasining suti qolib ketganligini bahona qilib, chaqaloqni uyga tashlab, ko`chaga chiqib ketdi. Qaytib kelganda esa, bolasini Nasiba xolasi olib ketganligini bildi.

— Bolani shuncha ovorai-sarson qilmay, menga bera qol, seni rozi qilish uchun 100 dollar beraman, pul berganimdan keyin uni mening nomimga rasmiylashtiramiz, – dedi Nasiba.

Xolasining taklifidan Mehrinisoning boshi ko`kka etdi. U hech bir ikkilanishlarsiz ayolning gapiga ko`ndi. O`sha zahotiyoq bolasini xolasiga tutqazib, otasining uyi tomon yo`l oldi. Oradan ikki hafta o`tgach, Mehriniso Nasiba xolasiga qo`ng`iroq qilib, puldan gap ochdi. Jiyanining surbetlarcha pul talab qilishidan jahli chiqqan Nasiba bola kerakmasligini, uni qaytarib olib ketishi mumkinligini aytdi. Oradan bir soat o`tar-o`tmas Nasiba qo`shnisi Umidadan chaqaloqni berib yubordi. Otasining uyida bola katta qilish uchun shart-sharoit bo`lmaganligi sababli chaqaloqni kasal qilib qo`ydi.

Surayyo dugonasining o`g`liga qaraganda yaxshi ko`rib qolganligi tufayli Mehriniso bolasini olib ketgandan keyin ham uni unuta olmadi. Nuqul tushiga chaqaloq kirar, uning kelajagidan juda xavotirlanar edi. Bola tez-tez tushiga kirgani bois, Mehriniso xizmat haqini bermagan bo`lsa-da, chaqaloqdan xabar olishga qaror qildi. U Mehrinisoning uyiga kelganda bekorga bezovta bo`lmaganligini angladi. Chaqaloq yaxshi parvarish qilinmaganligi uchun kasal bo`lib qolgandi.

— Mehriniso, bu ahvolda bolani nobud qilasan. Yaxshisi men bilan yur, uni o`zim davolayman, o`zim qarayman. Hozir taksi chaqiraman, narsalaringni yig`ishtir, – dedi Surayyo.

Qo`shni qiz Umida ham ular bilan birga Surayyoning uyiga yo`l oldi. Yo`l davomida Mehriniso Umidaga “farzanding yo`q, istasang bolamni senga sotaman, qonuniy ravishda rasmiylashtirib beraman”, deb ko`ndirishga harakat qildi.

— Bola uchun qancha so`raysan? – deb so`radi Umida.

— O`zing yaxshi bilasan, yana Rossiyaga qaytib ketmoqchiman, yo`limga pul kerak, – dedi Mehriniso xuddi biror buyumni savdolashayotgan odam kabi sovuqqonlik bilan.

Surayyo ularning gapini eshitib, xavotirga tushdi. U o`sha kuni tuni bilan bolani qutqarish yo`llarini o`ylab chiqdi va ichki ishlar idorasiga qo`ng`iroq qilishga qaror qildi. Ichki ishlar xodimlari undan va Umidadan bolani sotish tadbirida ishtirok etishni so`rashdi. Ular rozi bo`lishdi.

— Kechagina Rossiyadan pul kelgandi, narxini kelishsak, bolani o`zim olaman. Faqat pul uchun Sirdaryo shahriga kelishlaring kerak, biror kafeda uchrasharmiz, – deb qo`ng`iroq qildi Umida.

Pulning daragini eshitgan Mehriniso shoshilib, Surayyo bilan birga Sirdaryo shahriga yo`l oldi. Ular kechki soat beshlarda kafelardan birining alohida xonasiga yig`ilishdi.

— Umida, hech narsadan xavotirlanma, hammasi qonuniy bo`ladi, bolamni sening nomingga rasmiylashtirib beraman, – dedi hech nimadan xabari bo`lmagan Mehriniso.

– Ertaga fikringdan qaytib, bolamni qaytar, demaysanmi?

– Bundan aslo tashvish chekma, bola kerakmas, uning turgan-bitgani tashvish ekan. Men Rossiyaga qaytib ketaman, – dedi Mehriniso.

Uning bemehrlik bilan aytgan so`zlaridan keyin Umida Mehrinisoga 300 dollarni uzatdi. Pulni shoshma-shosharlik bilan kurtkasining cho`ntagiga tiqqan Mehriniso chaqaloq va uning hujjatlarini Umidaga berdi. Oradan besh daqiqa o`tar-o`tmas xonaga ichki ishlar xodimlari kirib kelishdi...

Avaliga Mehriniso hech narsani bo`yniga olmadi, biroq cho`ntagidan chiqqan pullarning seriyasi ichki ishlar xodimlarining qo`lidagi dollar seriyalari bilan mos kelgach, lom-mim deyolmay, aybini tan olishga majbur bo`ldi. Unga nisbatan O`z.R.JKning 135-moddasiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tegishli jazoga tortildi.

Lola Shoimova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1