Qadim Buxoro shahriga kelgan kishi ushbu muqaddas zaminda qo`nim topgan etti buyuk avliyo – pirlar qabrini ziyorat qilishi maqsadga muvofiq. Necha zamonlardan buyon bu an`ana davom etib kelmoqda.
Buning uchun Xoja Abduholiq G`ijduvoniy (G`ijduvon), Xoja Orif Mohitobon Revgariy (Shofirkon), Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy (Vobkent), Xoja Ali Rominatiy (Romitan), Xoja Muhammad Boboyi Samosiy (Romitan) va Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshbandiy (Kogon) qabrlari joylashgan maskanlar ketma-ketlikda ziyorat qilinadi. Bugungi kunga kelib, ziyorat turizmini ma`qul ko`ruvchilar aynan shu muqaddas qadamjolarga tashrif buyurishmoqda.
ANUR TUR turoperatorligi ekspertlarining ma`lum qilishicha, ziyorat Xoja Abduholiq G`ijduvoniy (G`ijduvon)ning qabridan boshlanadi.
Xoja Abduholiq G`ijduvoniy hazratlari 1103 yili G`ijduvonda tug`ilib, 1179 yilda vafot etgan. Xojagon tariqatining asoschisi hazrat Abduholiq avliyolarning sultoni va boshqa nomlar bilan sharaflangan. Xizr alayhissalom, Yusuf Hamadoniy, Imom Sadriddin, Niyoz Xorazmidan ta`lim olgan. G`ijduvoniyning otalari hazrat Imom Abduljamil asli rumlik bo`lib, Imom Molik (713-795) avlodlaridan. Manbalarda keltirilishicha, G`ijduvoniy hazrati Naqshbandiyning ikkinchi ma`naviy ustozi bo`lib, Xojagon tariqatiga asos solgan. Ayni shu tariqat Naqshbandiy tomonidan takomillashtirilib, uning nomi bilan Naqshbandiya nomi bilan atala boshlagan. Barchamizga ma`lum “Dast bakor, dil bayor!”(“Qo`ling ishda, qalbing Allohda bo`lsin!”) shiori ham birinchi marta Abduholiq G`ijduvoniy tomonidan aytilgan.
Xoja Muhammad Orif Revgariy hazratlari ulug` avliyo, ilm, hilm, taqvo, riyozat va ibodat ahlidan. Xoja Orif Mohitobon nomi bilan mashhur. Shofirkonning Revgar qishlog`i tavallud topgan. Umr bo`yi dehqonchilik bilan shug`ullangan. Xoja Orif Revgariy 100 yil hayot kechirgan. Alisher Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” asarida bu zot haqida ma`lumotlar keltirilgan.
Uchinchi ziyoratgoh Vobkent tumanida, shaharga etmasdan o`ng tomonga kirib ketgan yo`lda joylashgan. Bu maskanda Xoja Orif Revgariyning shogirdi, ulug` avliyolardan bo`lmish Mahmud Anjir Fag`naviy qo`nim topgan. Silsilai oliyaning o`n birinchisi, Buxoroning Fag`na qishlog`ida tavallud topgan, 1315 yilda vafot etgan. Me`morchilik bilan shug`ullangan.
Navbatdagi ikki avliyoning qabri Romitan tumanida joylashgan.Vobkentdan Yangibozor, Ibn Sino tug`ilgan Afshona qishlog`i va Rominat shahri orqali Buxoro-Gazli yo`liga chiqib, uni kesib o`tilsa, to`g`rida Xoja Ali Romitaniy hamda Xoja Muhammad Boboyi Samosiy ziyoratgohlariga eltadigan yo`l chiqadi. Ichkagira bir kilometrcha yurilganidan so`ng aylana yo`ldan to`g`riga 300 metrlar yurilsa, o`ng tomonda dastlabki ziyoratgoh darvozasi keladi.
Xoja Ali Romitaniy 1191 yili Romitan tumanidagi Qo`rg`on qishlog`ida tavallud topgan. Xojagon-naqshbandiya tariqatidagi ulug` avliyo, alloma, karomatpesha, yuksak ma`naviy maqom sohibi, qutbi zamon Xoja Ali Romitaniy tasavvuf ta`limotini hayotga yaqinlashtirish va tarbiya vositasiga aylantirishga ulkan hissa qo`shgan. Mato to`qish kasbi bilan shug`ullanib, halol mehnat bilan kun kechirgan va to`quvchilarning piri hisoblangan. Tariqatdagi ustozi Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy bo`lsa, Muhammad Boboyi Samosiyga ustozlik qilgan. Xalq va tasavvuf ahli orasida Xojai Azizon va Hazrati Azizon nomlari bilan mashhur bo`lgan. Rumiy, Jomiy va Navoiy asarlarida bu zot haqida ma`lumotlar keltirilgan. 1321 yilda vafot etgani aytiladi (130 yosh).
Xoja Ali Romitaniy ziyoratidan chiqqandan so`ng ozgina ortga qaytib, aylana yo`ldan chapga burilib, 5 chaqirim bosib o`tilganida esa ikkinchi manzil muntazir kutadi.
Muhammad Boboyi Samosiy xojagon – naqshbandiya tariqatidagi ulug` avliyo, sohibkaromat valiyulloh. 1259 yilda Romitan tumanidagi Samos qishlog`ida tavallud topgan, bog`bonchilik bilan tirikchilik qilgan, dehqonlarning piri bo`lgan. Sayyid Amir Kulol hazratlarining ustozi hisoblanadi. Xalq orasida Shamsi Haq, Hazrati Bobo nomi bilan mashhur. Muhammad Boqir (“Maqomi Shohi Naqshband”), Mavlono Shahobiddin (“Maqomoti Sayyid Amir Kulol”), Abdurahmon Jomiy (“Nafohatul uns”), Alisher Navoiy (“Nasoyim ul muhabbat”), Nosiriddin To`ra (“Tuhfat az zoirin”) asarlarida u kishi haqida ma`lumotlar keltirilgan.
Sayyid Amir Kulol ziyoratidan so`ng oxirgi manzil – Xoja Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohiga yo`l olinadi. Taomilga ko`ra, bu zot ziyoratiga kelganlar dastlab onalarining qabriga borish kerak Shundan so`ng hazrati Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratiga yo`l olinadi. Naqshbandiy ziyoratgohi avvalgilaridan ancha obod, anchagina gavjum ekan. Bu zot haqida esa internetda etarlicha ma`lumotlar mavjud, ko`pchiligimiz u kishi haqida bilamiz va Kogonga bir necha marta kelib-ketganmiz. Majmuaning jami maydoni 20 gektardan oshadi. Bu erda ziyoratchilar, namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan, ham ziyorat qilib qalbingiz taskin topadi, ham tomosha qilib ko`zingiz quvnaydi.