1

“Tafsilot-Press” gazetasi xodimi nega pora oldi?

Jinoyat 11.01.2018, 12:31
“Tafsilot-Press” gazetasi xodimi nega pora oldi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Farg`ona viloyatida bir jurnalist pora bilan qo`lga tushganligi haqida turli xabarlar tarqaldi, deb yozadi O`zA. Xo`sh, bu nechog`li to`g`ri? Aslida nima bo`lgan edi?

Toshkent shahridan ro`yxatdan o`tgan “Tafsilot-Press” gazetasi bosh muharriri o`rinbosari N.Ashurov Farg`ona viloyatidagi xalq ta`limi va tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvolini o`rganish maqsadida xizmat safariga yuboriladi. U Farg`ona tumanidagi 32 va 3-maktabgacha ta`lim muassasalarida zaxira rejasida ko`rsatilgan hajmda qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilmaganligi holatini matbuotda yoritmaslik evaziga tovlamachilik yo`li bilan 1 ming 500 AQSh dollari talab qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentning Farg`ona viloyati boshqarmasi, Farg`ona shahar va Farg`ona tuman bo`limi xodimlari, Milliy xavfsizlik xizmati Farg`ona tumani bo`limi xodimlari tomonidan 2017 yil 19 dekabr kuni o`tkazilgan tezkor tadbir davomida N.Ashurov Farg`ona shahridagi “Do`stlik” mehmonxonasi yonida 800 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlandi.

Tezkor tadbir davomida “Do`stlik” mehmonxonasidagi N. Ashurov joylashgan xona xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda xizmat guvohnomasi, tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar, ma`lumotnomalar va normativ xujjatlar nusxalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Shuningdek, u Farg`ona tumani tibbiyot birlashmasi omborini kuz-qish mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini va birlashma oshxonasida ovqatlarni tayyorlanish holatini o`rganib, tushlikka solingan ovqatga oz miqdorda go`sht solinganlik holatini matbuotga olib chiqmaslik evaziga omborchidan 200 AQSh dollarini talab qilib, 100 AQSh dollarini olganligi aniqlangan.

Huquq-tartibot organlarining aniqlashicha, “uddaburon” jurnalist N.Ashurov 2017 yil 11 dekabr kuni Farg`ona viloyati Dang`ara tumani hokimligiga borgan. Iqtisod bo`limi xodimi Davronjon Begmatovga Toshkentdan kelganligini, qishga tayyorgarlik, oziq-ovqat zaxirasini yaratilganini ko`rishi kerakligini aytadi. D.Begmatov tuman xalq ta`limi bo`limidan xodim ajratib, tumandagi 1-ixtisoslashgan maktab internatiga yuborgan. N.Ashurov o`zini vallomatlardan tutib tekshirishni boshlaydi. Maktab direktori S.Mamajonova mehnat ta`tilida bo`lganligi bois ishda bo`lmaydi. Shunga ham qaramay jurnalist uning xonasiga kirib, hujjatlarni tekshirgan. Bundan xabar topgan maktab direktori ishxonasiga kelsa kabinetida bir begona kishi uning ish stolida o`tirib hujjatlarni tekshirayotgan ekan. S.Mamajonova jurnalistdan tekshiruv uchun asos so`ragan.

Nafs qurboniga aylangan N.Ashurov Prezident farmonlaridan nusxalar ko`rsatgan. Hujjatlarda kamchiliklar yo`q ekan, deb chiqib ketmoqchi bo`lgan. Maktab direktori jurnalistning hatti-harakatlaridan shubhalanib, uni tuman hokimligiga olib borgan. Tuman hokimi kech bo`lganligi sababli ertaga kelinglar gaplashamiz, deb ularni chiqarib yuborgan. N.Ashurov tashqariga chiqib, maktab direktoriga qo`ng`iroq qilib uni chaqirgan. “Endi nima qilamiz?” – deb so`ragan. Direktor kamchilik aniqlanmaganligi, bu bo`yicha huquq tartibot idoralariga murojaat qilishini aytgan. Ta`magirlik qilmoqchi bo`lgan jurnalistning rangi o`zgarib, sekingina juftakni rostlagan. Ertasi kuni maktab direktorining qo`ng`iroqlariga umuman javob bermagan.

Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan “Tafsilot-Press” gazetasi bosh muharriri o`rinbosari N.Ashurovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mamlakatimizda bugungi kunda ommaviy axborot vositalarini qo`llab-quvvatlash, matbuotni erkin minbarga aylantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jurnalistlarimiz bu yo`lda fidoiylik va mashaqqat bilan mehnat qilmoqda. N.Ashurovga o`xshagan ba`zi bir nafs kuyiga kirgan kishilar jurnalist kasbida dog` tushirmoqda. Bunday tovlamachilar qonun oldida albatta javob beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1