1

Manziliga etolmagan “yuk”

Jinoyat 11.01.2018, 23:48
Manziliga etolmagan “yuk”

Fazliddin (ism-shariflar o`zgartirilgan) kira qilib bir-ikki so`m pul topish ilinjida “Jiguli” avtomashinasiga o`tirgancha, Xovos qo`rg`onidagi avtoshohbekatga yo`l oldi. Yoz kuni, havo issiq bo`lganidan bekatda odam kam edi. Issiqdan va bekorchilikdan uyqusirab o`tirganda, Tojikiston Respublikasi, Zafarobod shahrida yashovchi, eski tanishlari Baxtiyor va Alijonga ko`zi tushdi. Ular ham Fazliddinni tanib, uning oldiga kelishdi.

– Assalomu-alaykum, Fazliddin jo`ra! Ahvollar qanday? Ish bo`lyaptimi? – deb u bilan hol-ahvol so`rashdi Baxtiyor.

Alijon ham salomlashish uchun qo`l cho`zdi.

– Hormanglar! O`zlaring tinchmi? Ahvolim yaxshiku-ya, ammo ishning tayini yo`q, ish bo`lmagandan keyin pul ham bo`lmaydi... – dedi bechorhol qiyofaga kirib, Fazliddin.

– Agar istasangiz, ish bor. Bir-ikki so`mlik bo`lib qolishingiz mumkin... – dedi ilmoqli qilib Alijon.

Pulning daragini eshitib, Fazliddinning uyqusi qochib, ko`zi moshdek ochildi.

– Xo`sh-xo`sh, nima ish ekan u? – deb qiziqib so`radi Fazliddin.

Atrofga alanglab, hech kim yo`qligiga ishonch hosil qilgan Baxtiyor darrov maqsadga ko`chib qo`ya qoldi.

– Bir-ikki kunda Tojikistondan anchagina miqdorda giyohvandlik vositalarini olib o`tamiz, uni Chinoz tumanida yashovchi Suyundiq ismli odamga etkazsangiz, rozi qilamiz.

– Men u odamni qanday taniyman? Yukni qaerga olib borish kerak? – deb so`radi Fazliddin.

– Istasangiz, hozir birga Chinozga borib kelamiz. Men sizni yukni qabul qilib oladigan o`sha Suyundiq bilan tanishtiraman. Yaxshigina yo`l kira ham beraman, – deb taklif qildi Baxtiyor.

– Qani, ketdik bo`lmasa, – dedi ovi baroridan kelgan Fazliddin.

Yigitlar mashinaga o`tirgancha, Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga yo`l olishdi. Ularni “Baliq bozori”ning yonida Suyundiq ismli, qozoq yigit “Neksiya” avtomashinasida kutib oldi. Baxtiyor Fazliddin va Suyundiqni bir-biriga tanishtirib, ikki-uch kun ichida giyohvandlik vositasi etib kelishini, uni Fazliddin olib kelib topshirishini aytdi. Qisqa tanishuvdan keyin ular yana orqaga, Xovosga qaytishdi. Baxtiyor bilan Alijon avtoshohbekatda tushib qoldi. Fazliddin esa keladigan yukni Chinozga etkazish uchun avtomashina topish kerakligini o`yladi va yuk mashinasi bo`lgan sinfdoshi Adhamnikiga yo`l oldi. U Adhamga yaqin kunlarda yuk kelishini, uni Chinozga etkazish lozimligini aytdi. Adham bu yuklarning aslida nima ekanligini bilgach, yaxshigina pul evaziga manzilga etkazishga va`da berdi.

Oradan ikki kun o`tgach, Baxtiyor va Alijonlar Tojikistondan “Ural” rusumli motosiklga 3 qopni joylagancha etib kelishdi. Ular har bir qop ichida 72 donadan qilib, alohida qadoqlangan va ustki qismi sariq rangli skotch bilan o`ralgan “opiy” giyohvandlik vositasini u yashaydigan mahallaga olib kelishganini ma`lum qilishdi. Fazliddin ularga biroz kutib turishni aytib, o`zi do`sti Adhamnikiga yo`l oldi.

– Adham, anavi kuni aytgan yukim keldi. Mashinangni hayda, uni ortishimiz kerak, – dedi Fazliddin.

– Senga yolg`onchi bo`ldim, do`stim. Kelib-kelib mashinamning bugun buzilganini qara, – dedi hijolat bo`lgancha Adham. – Hozir men boshqa mashina qidirib ko`raman. Yukni boshqa mashinaga ortamiz, xavotir olma. – dedi Adham Fazliddinning ko`nglini ko`tarib.

Fazliddin Adham mashina topib kelguncha, Baxtiyor va Alijonning oldiga jo`nadi. Ular motosikldagi yuk bilan “Yangier-Dashtobod” yo`lining o`ng tomonidagi yulg`unlar o`sib yotgan joyda mashinani kutadigan bo`lishdi.

Adham yuk tashish bilan shug`ullanuvchi tanishi Boburnikiga borib, bir joyda yuk borligini, uni Chinozga olib borish kerakligini aytdi. Bobur yukning nimaligiga qiziqqanda, “medikamentlar”, deb qo`ya qoldi. Bobur kech bo`lganda, qaergadir borib yuk ortishni istamadi, “uni uyimga olib kelib, ortamiz”, dedi. Adhamning uni shartiga ko`nishdan boshqa iloji qolmadi. Ular yukni Boburning uyiga olib kelishga majbur bo`lishdi. 2 ta sintetik qopdagi yuk yukxona tagidagi maxsus xufyona temir qutiga, bittasini esa haydovchi o`rindig`i tagidagi maxsus sandiqqa joylashtirildi. Fazliddin Boburga yukni ertasi kuni tongda, Chinozda Adham bilan birga kutib olishini, yo`lda hech kim to`xtatmasligini, agar biror favqulodda vaziyat yuzaga keladigan bo`lsa, o`zi javob berishini aytib, gaz quyish uchun 20.000 so`m uzatdi. Qolgan pulni yukni etkazgandan keyin berishga va`da berdi.

Tong otgach, Fazliddin Adham bilan birga yukni kutib olish uchun Chinozga jo`nadi. Ammo Guliston shahridan o`tgandan keyin yo`lda “Jiguli”si buzilib qoldi. Ular avtomashinani o`sha erda qoldirib, yo`lovchi mashinada shoshilgancha, Chinozga jo`nashdi. Chinozda ularni betoqatlik bilan Suyundiq kutib turardi. Ular yuk boshqa mashinada kelayotganligini Suyundiqqa etkazib, uni xotirjam qilishdi.

Erta tongdan “maxsus yuk”ni ortib yo`lga chiqqan Boburni Sirdaryo tumanidagi “Yangiobod” YPH maskanida ichki ishlar xodimlari to`xtatdi. U “Qaerga ketayapsiz?” degan savolga “Chinozdan shag`al ortib kelishim kerak”, deb javob berdi. Boburning o`zini bejo tutishi, xodimlarni shubhaga soldi. Ular mashinani chekkaga olib chiqib, it bilan tekshirganlarida avtomashina kuzovi va haydovchilik o`rindig`i tagidan 72 dona skotch bilan o`ralgan giyohvandlik vositalari topildi va xolislar ishtirokida tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Keyinchalik bu vositalar “opiy” guruhiga mansub bo`lgan giyohvand alkoloidlar – morfin, kodein, tebain moddalari ekanligi aniqlandi, ularning sof og`irligi esa 139.423 gramm ekanligi ma`lum bo`ldi.

Chinozda yukni kutib toqati-toq bo`lgan Fazliddin bilan Adham orqaga qaytishdi. Yo`l-yo`lakay ular Boburning mashinasini qidirgancha, Guliston shahriga etib kelishdi. Fazliddin rafiqasiga qo`ng`iroq qilganida, uyga uni izlab ichki ishlar xodimlari kelganini eshitib, nima voqea yuz berganini angladi. U rafiqasiga mashinasi turgan joy manzilini berib, “Dadamga ayt, kelib olib ketsin”, dedi va zudlik bilan Adhamni olib, Toshkent shahriga qaytdi. Bu erda ular tanishining uyida 3 kun turishdi va Xovosga qaytib, chegaradan yashirincha Tojikiston respublikasiga o`tib ketishga qaror qilishdi. Ular kechki payt Xovos tumaniga kelib, aylanma yo`llar orqali Tojikiston respublikasiga o`tib ketishdi.

Bir jinoyatning ustiga ikkinchi jinoyat amalga oshirildi. Ularga nisbatan qidiruv e`lon qilindi. Oradan 5 yil vaqt o`tdi. O`zga yurtda darbadarlik jonga tekkach, yana o`sha eski usul bilan O`zbekistonga qaytmoqchi bo`lishdi, ammo ular chegarada qo`lga olindi.

Buyuk donishmandlardan biri “Ikkiyuzlamachi odam o`zi ota-onasini o`ldirib, unga jazo tayinlanayotganda etim qolganini e`tiborga olishni iltimos qiladi”, degan ekan. Fazliddin va Adham ham ularga nisbatan hukm o`qilayotganda, bu jinoyatga oilaviy sharoiti og`irligi, puli yo`qligi uchun qo`l urganini e`tiborga olishni suddan iltimos qildi. Ammo o`zlari sotishni rejalashtirgan og`u qanchadan-qancha oilalarning boshiga falokat olib kelishini, qanchadan-qancha odamlarning umriga zavol bo`lishini o`ylab ko`rishmadi.

Sud Fazliddiin S. ni O`z.R.JKning 273 va 223-moddalariga asosan 20 yilga, Adham D.ni ham xuddi shu moddalar bilan 18 yil qamoq jazosiga hukm qildi.

Lola ShOIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1