O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori asosida Buxoro viloyati Ichki ishlar tizimida Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi tuzilgan edi. Ushbu boshqarmaning asosiy vazifalari qatoriga sayyohlik ob`ektlari va infratuzilmalari joylashgan hududlarda jamoat tartibini saqlash, sayyohlar xavfsizligini ta`minlash, ularga zaruriy ma`lumotlarni etkazish kabilar kiritilgan. Albatta bunday vazifalarni o`z vaqtida va samarali amalga oshirish tegishli malaka va ko`nikmalarga ega bo`lishni talab etadi.
Buxoro viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi faoliyatini yuqori darajada tashkil etish maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, joriy yilning 8 yanvar kunidan boshlab, Buxoro davlat universiteti Turizm fakultetida ushbu boshqarma xodimlari uchun 216 soatlik maxsus kurslar boshlab yuborildi. Kurslarning asosiy maqsadi - boshqarma xodimlarining kasbiy malakalarini oshirish, turizmga tegishli asosiy faktlar, turli millat vakillarining xususiyatlari, favqulodda holatlar paytida ular bilan ishlash kabi tushuncha va bilimlarni berish, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar bilan muloqot kirisha oladigan darajada ingliz tilida ko`nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Turizm fakulteti tomonidan ushbu kurslarni o`tishga yuqori malakali, Italiya, Ispaniya, AQSh, Turkiya, Yaponiya kabi turizm taraqqiy etgan mamlakatlarda ta`lim olgan va malaka oshirgan o`qituvchi-trenerlar jalb etildi.
Shuni ta`kidlash joizki, viloyat IIB tomonidan Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi tarkibiga o`z sohasining fidoiy, bilimdon va yangi ko`nikmalarni egallashga qiziquvchi xodimlar kiritilganligi kurslarning qiziqarli va foydali o`tishiga xizmat qilmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Matbuot xizmati






