1

Ko`rnamaklik

Jinoyat 16.01.2018, 00:25
Ko`rnamaklik

Rivoyat qilishlaricha, bir kuni nodon qandaydir kishining uyiga borib qolibdi. Uy egasi uni mehmon qila boshlabdi. Ammo egulik tuzsiz va bemaza ekan. Buni anglagan mezbon egulikka tuz qo`shibdi. Tuz taom mazasini tobiga keltirgach, nodon o`zicha o`ylabdi: “Demak, hamma gap tuzda ekan. Agar bir chimdim bilan shunchalik mazali chiqqan bo`lsa, ko`proq qo`shsa, nima bo`larkan?” Ahmoq ahmoqligicha qolaveradi: u o`sha zahoti faqat tuzning o`zini tanovul qilishga tutinibdi. Tuzni yutibdi, rohatlanish o`rniga azobga qolibdi.

Biz tilga olmoqchi bo`lgan Zilola (ism-shariflar o`zgartirilgan) ham o`zini nodonlarcha tutib, uysiz-joysiz ko`chada qolganida rahm shafqat qilib, uyining to`ridan joy bergan ayolning tilla buyumlarini o`g`irlab, shugina tilla taqinchoqlar bilan boyib ketaman deb o`yladi.

Zilola asli zominlik edi. Ota-onasi tengi chiksa tekin ber maqoliga amal qilib, qizlarini tezda turmushga berib yuborishdi. Ammo Zilolaning baxti kulmadi. Turmush o`rtog`i bilan kelisholmay, ajrashib, ota uyiga qaytib keldi. Bir paytlar o`zi yayrab-yashnab o`sgan uyda uni xuddi begonalar kabi qabul qilishdi. U yaqinlaridan sira ham bunday munosabatni kutmagandi. Ayniqsa. akasining xotini olaqarash qilganda dunyolarga sig`may ketardi. Otasi nogiron, onasi uy bekasi, ular hech qaerda ishlamas edilar. Har zamonda akasi birovlarning yumushini qilib, topgan puli katta ro`zg`orga urvoq ham bo`lmasdi. O`zi ishlay desa, qo`lida biror hunari yo`q.

Zilola o`ylab-o`ylab, pul topish maqsadida Guliston shahriga yo`l oldi. Bir nechta tamaddixona, oshxonalarga bosh suqib, ish izladi. Shunday oshxonalardan biri ularga idish yuvuvchi kerakligini, ammo ish kech tugashini aytishdi. Zilola pulga muhtoj bo`lganidan ularning barcha shartlariga rozi bo`ldi. “Endi uy-joy masalasini hal qilsam bo`ldi”, deb o`yladi Zilola. Uning Guliston shahrida hech kimi yo`q edi. U oshxona yonida joylashgan ko`chalardan biriga yo`l oldi. Tavakkal qilib, darvozalardan birini taqillatdi. Darvoza ochilib, ostonada xushro`ygina, keksaroq ayol paydo bo`ldi.

– Assalomu-alaykum, xolajan! – deb shosha-pisha salomlashdi Zilola.

– Vaalaykum-assalom, qizim! Keling, tinchlikmi?

– Xolajon, menga ijaraga arzonroq uy kerak, edi. Dehqon bozorning oldidagi oshxonada idish yuvaman, – deb Zilola boshidan kechirganlarni oqizmay-tomizmay, ayolga gapirib berdi.

Ayol tabiatan yumshoqko`ngil bo`lgani bois, qizga judayam achindi.

– Qizim, mening ismim Muqaddas, xola deb chaqirsang ham bo`laveradi. Uyda mendan tashqari qizim Sanobar va jiyanim Dilfuzalar ham yashashadi. Mayli, biz bilan yashay qol, sharoiting og`ir ekan. Oyiga ellik ming so`m bersang bo`ldi. Siqilma, oyning o`n beshi qorong`i bo`lsa, o`n beshi yorug` bo`ladi. Hali hech nima ko`rmaganday bo`lib ketasan, – deb Zilolaga tasalli berdi Muqaddas xola.

Ayolning gaplaridan Zilolaning boshi ko`kka etdi. U zudlik bilan ko`ch-ko`ronini ortib, xolaning uyiga ko`chib keldi. U bir haftada uy egalari bilan apoq-chapoq bo`lib ketdi. Xonadon sohibalari ham uni o`zlarining yaqinlariday qabul qilishdi. Ammo...

Shu bir hafta mobaynida Zilola uy egalari pullarini, qimmatbaho buyumlarini qaerda saqlashlarini bilib oldi. Muqaddas xola ham, qizi ham o`zlari halol, pok odam bo`lishganidan Zilolaning qo`lidan biror yomon ish kelishiga ishonmagandilar. Ular tilla buyumlarini mehmonxonada turgan servant ichidagi choynakda saqlashardi.

Kun o`tgan sayin Zilolaning yuragiga shayton g`ulg`ula solaverdi: “Sen ertadan kechgacha tik oyoqda, qo`ling suvdan chiqmay, idish yuvib, arzimagan pul topasan. Choynak ichidagi tilla buyumlarni o`g`irlasang, og`ir mehnat azobidan qutulasan”. Zilola payt poyladi va uyda hech kim yo`qligidan foydalanib, choynak ichidagi Muqaddas xola va qizi Sanobarga tegishli bo`lgan 1 juft 1.500.000 so`mlik tilla sirg`ani, 1 juft 500.000 so`mlik kumush sirg`ani, 1 dona 500.000 so`mlik tilla uzugini, 1 dona 350.000 so`mlik va 1 juft 350.000 so`mlik tilla sirg`alarini yashirin ravishda o`g`irladi.

Zilola o`g`irlagan tilla taqinchoqlarini Guliston shahar dehkon bozorida tilla oldi-sotdisi bilan shug`ullanuvchi notanish ayolga 1 juft 1.500.000 so`mlik tilla sirg`ani, 1 dona 350.000 so`mlik tilla sirg`ani, jami 670.000 so`mga sotib yubordi. Qolgan 1 juft 500.000 so`mlik kumush sirg`ani, 1 dona 500.000 so`mlik tilla uzukni va 1 juft 350.000 so`mlik tilla sirg`alarni ijarada yashayotgan uyning ko`chasi boshidagi quduq ichiga “Qolgan taqinchoqlar tilla bo`lmasa kerak”, degan o`yda tashlab yubordi.

Zilola Muqaddas xola bilan qizi Sanobar tilla buyumlar yo`qolganini bilib qolishsa, qay holatga tushishlarini tasavvur qildi. “Eh, qolgan taqinchoqlarni bekor quduqqa tashladim, ularni joyiga qaytarib solib qo`yganimda, balki o`g`irlik qilganim bilinmasmidi?” deb o`yladi. So`ng ortiga qaytib, quduq ichidan taqinchoqlarni olishga harakat qildi. U erdan bir dona 500.000 so`mlik tilla uzukni va bir juft 350.000 so`mlik tilla sirg`ani topdi, lekin 500.000 so`mlik kumush sirg`a topilmadi. Keyinchalik uning o`g`irlik qilgani ma`lum bo`lgach, u Muqqaddas xolaga quduq ichidan olgan tilla taqinchoqlarni qaytarib berdi. Muqaddas xolaning o`zi quduq ichidan sirg`ani izlayotgan paytda uni topdi, ammo qo`lini tok urib yuborgani uchun sirg`a yana quduq ichiga tushib ketdi. Shundan keyin u ariza bilan Guliston shahar ichki ishlar bo`limiga murojaat qildi.

Yuqorida bekorga hikoyamizni tuz haqidagi rivoyat bilan boshlamadik. Xalqimizda bir kun tuz ichgan joyingga qirq kun salom ber degan naql bor. Muqaddas xola Zilolaga rahm qilib, uyidan joy, osh-ovqat berdi, lekin u xolaning bu yaxshiligiga o`g`irlik bilan javob berdi. Ba`zida ortiq darajada ishonuvchanlik, soddalik insonning o`z boshiga muammo orttirib olishiga sabab bo`ladi. Shuning uchun ehtiyot bo`laylik, Zilola kabi tuzini eb, tuzlig`iga tupuradigan insonlar oramizda bisyor...

Lola Shoimova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1