AsosiyJamiyat

My.gov.uz orqali yuborilgan murojaatlar soni 11,5 mingtani tashkil etdi

My.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimiz axborot-kommunikasiya tizimining istiqbolli loyihalaridan. 2013 yil 1 iyuldan ishga tushirilgan ushbu portal davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub`ektlari bilan o`zaro hamkorligining qulay, samarali vositasiga aylandi.

Mazkur loyiha “Obod turmush yili” Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Interaktiv davlat xizmatlari ko`rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog`ida O`zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi. Yagona portalning yaratilishi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish va rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo`ldi.

–  Bugungi kunda yagona portal orqali yigirmadan ortiq yo`nalish bo`yicha 170 dan ziyod interaktiv xizmatdan foydalanish mumkin, – deydi O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo`linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti boshlig`i E.Rahmonov. – Ular orasida avtomatik rejimda taqdim etiladigan interaktiv xizmatlar ham bor. Masalan, jismoniy va yuridik shaxslarning stasionar telefon aloqa xizmatlari hamda internetga ulanishi, soliq bo`yicha qarzdorlik mavjud emasligi to`g`risida davlat soliq xizmati organlaridan ma`lumotnoma olish, telekommunikasiya sohasida lisenziya olish va boshqa xizmatlar shular jumlasidandir.

Portalda aholi murojaatlarini ko`rib chiqishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlari portal orqali davlat va xo`jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyati organlariga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, bu erda ma`lumotnomaga oid axborot topish, foydalanuvchilarga ularning murojaat va arizalari davlat organlari tomonidan ko`rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanini bilish imkonini beradigan “Statistika” modulidan foydalanish mumkin.

Portalga Qoraqalpog`iston Respublikasi shahar va tumanlari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ulangan. Fuqarolar o`z murojaatlarini yashash joyi bo`yicha taqdim etishi mumkin. Bu mahalliy ahamiyatga ega masalalarni tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi. Bunga Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari kompyuterlashtirish markazi bilan hamkorlikda tuman rahbarlarini “Elektron hukumat” tizimiga jalb qilish bo`yicha o`tkazilayotgan tashkiliy tadbirlar tufayli erishilmoqda.

Qisqa muddatda sayt orqali davlat organlariga jo`natilgan murojaatlar soni 11,5 mingtani tashkil etdi. Shuning qariyb 83 foizi ko`rib chiqilgan va fuqarolarga tegishli javoblar qaytarilgan. Portaldan ayniqsa jismoniy shaxslar ko`proq foydalanayotir. Jami murojaatlarning 88 foizi aynan ulardan kelib tushgan. Murojaatlarning ko`p qismi Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta`limi vazirliklari va Davlat soliq qo`mitasiga yuborilgan.

Yagona portaldan foydalanuvchilar orasida yuridik shaxslar ham ko`pchilikni tashkil qiladi. Tadbirkorlar portal qulayliklari va imkoniyatlariga yuqori baho bermoqda.

Yagona portal muntazam takomillashtirib borilmoqda. Jumladan, ulanayotgan tashkilotlar soni ortib, qo`shimcha imkoniyat va xizmatlar ishlab chiqilmoqda, portal orqali ish sifati va qulaylik darajasi oshmoqda. Davlat organlarining mas`ul xodimlari bilan hamkorlikda portal modullaridan samarali foydalanilmoqda, o`quv mashg`ulotlari va seminarlar o`tkazilmoqda.

O`zaro aloqalarni yaxshilash va davlat organlarining murojaatlar ustida ishlashi xususida foydalanuvchilar fikrini inobatga olish maqsadida “Baholash” servis xizmatidan foydalangan holda, portalda murojaatga qaytarilgan javobga izoh berish imkoniyati yaratildi. Ushbu tizim davlat organlarining fuqarolar murojaatlarini to`liq va sifatli ko`rib chiqishini ta`minlashga yordam beradi.

Yagona portal foydalanuvchilari uchun murojaatlarni davlat organlariga jo`natadigan Android platformasidagi maxsus mobil ilova ishlab chiqildi. Ular uyali aloqa telefoniga keladigan SMS-xabar orqali o`z murojaatlarining ko`rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanidan xabardor bo`lishi mumkin. Yagona portalning axborot-ma`lumot xizmati faoliyati ham alohida e`tiborga loyiq. Mazkur xizmat mutaxassislari interaktiv xizmatlardan foydalanishga oid ma`lumotlarni taqdim etishdan tashqari telefon orqali fuqarolardan murojaatlarni qabul qilib, tegishli davlat muassasasiga jo`natadi.

Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali  “O`zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ko`rsatilayotgan ko`plab  xizmatlar uchun to`lovlarni mobil telefoni orqali to`lash imkonini bermoqda. Yaqin vaqtlarda foydalanuvchilar real vaqt rejimida “O`zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi xizmatlari to`lovini ham portal orqali amalga oshirishi mumkin. Bundan tashqari, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi mutaxassislari O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davlat bojlari hamda boshqa yig`imlarni on-layn usulda to`lash masalalarini ko`rib chiqayotir.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimizda axborot-kommunikasiya texnologiyalari jadal rivojlanayotganining yorqin dalilidir. Portalni takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar, shubhasiz, tez orada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari fuqarolar hamda yuridik shaxslar bilan real vaqt rejimida yanada samarali hamkorlik qilishiga yordam beradi.

    Boshqa yangiliklar