Ma`lumki, Sofiya Rotaru Toshkentda 3 iyun kuni "Istiqlol" san`at saroyida konsert berishi haqida reklama bannerlar ilingan.
Sayyod.com saytining yozishicha, sayt muxlislaridan biri bu xabarni aniqlashtirish maqsadida Rotaruning ma`murlari bilan uning rasmiy saytida ko`rsatilgan manzil orqali bog`langanida, bu xabarni inkor etilib, hech kim firibgarlar hatti-harakatlaridan kafolatlanmaganligi va ular bilan kurashish mushkulligini aytgan.
Sofiya Rotaruning ma`muri bahorgi konsert turlarini Rossiya shaharlari bo`ylab o`tkazishini, odatda san`atkor konsert dasturlarini bahor va kuzlarda o`tkazishini ma`lum qilgan. Shuningdek, hozircha hech qanday yakkaxon konsert rejalashtirmaganini ma`lum qilgan.
Sayt xodimlari mazkur xolat yuzasidan “O`zbeknavo” estrada birlashmasi bilan bog`langanida Sofiya Rotaruning Toshkentdagi konsertiga ruxsatnoma berilgani va bunga asos sifatida uning ma`murlari bilan shartnoma mavjudligi aytilgan.
"O`zbeknavo" bergan ma`lumotga ko`ra, ularda mavjud bo`lgan 4 mart kuni tuzilgan shartnomaga asosan, o`zbekistonlik "Art Modern Music" xalqaro prodyusserlik markazi va "Refleks myuzik prodakshn" firmasi o`rtasida shartnoma tuzilgan.
Sofiya Rotaruning ma`murlari bilan ushbu shartnomaga aniqlik kiritish maqsadida bog`lanilganida, u yana bir bor O`zbekistonda konsert berish borasida hech kim bilan muzokara olib borilmaganini ma`lum qilgan.
Darakchi.uz yuqoridagi holat yuzasidan "Art Modern Music" markaziga qo`ng`iroq qilganida, 3 iyunga belgilangan konsert bo`lishini va bu haqda Sofiya Rotaruning o`zi 20 aprel kuni rasmiy bayonot berishini, hozirda esa Barselonada ekanligi sabab hech nima deya olmasligini ma`lum qilishgan.





