“Bahaybat viruslar” deb hajmi mikrometrdan katta viruslarga aytiladi. Hozirgacha fanga “bahaybat viruslar”ning to`rtta oilasi ma`lum. Bular mimivirus, pandovirus, pitovirus va mollivirusdir.
Ular ichida eng “bo`ydor”i pitovirus bo`lib, uning uzunligi 1,5 mikrometr. U ichi lipidlardan iborat 60 nanometrli qat-qat qobiq bilan o`ralgan. Pitovirus qurboni ichiga kirib olish uchun bakteriya shamoyilini oladi. Hujayra ichiga kirgach, qobig`i yorilib, lipidli membranasidan “ariqcha” orqali suyuqlik chiqadi. Natijada virus to`xtovsiz ko`paya boradi.
Olimlar tomonidan sayyoramizning abadiy muzliklar bilan qoplangan hududlarida ana shunday “bahaybat viruslar” topilayotgani va faollashtirilayotganligi oxir-oqibat insoniyatga katta xavf tug`dirmaydimi, deb yozadi RIA Novosti.
Misol uchun, 2014 yilda ham Yoqutistonning shimoliy-sharqiy qismida “bahaybat viruslar” topilgan edi. Aniqlanishicha, ularning yoshi 30 ming yilga teng bo`lgan. Eng qizig`i, bundan 30 ming yil oldin ham noma`lum infeksiyadan odamzotning qadim ajodlari-neandartallar qirilib ketgan. Bu tasodifmi yoki...
“Bahaybat viruslar” insoniyatga xavf tug`dirish mumkin, deb xavotirlanishga asos juda kam, – deydi Rossiya Fanlar Akademiyasiga qarashli tuproqshunoslikning fizik-kimyoviy va biologik muammolari institutining kriologiya laboratoriyasi katta ilmiy xodimi L.Shmakova. – Hozircha “bahaybat virus”larning faqat bir xujayrali sodda organizmlarga zarar etkazishi isbotlangan.
Ma`lumot uchun: “Bahaybat virus”larning genomi juda boy bo`lsada (misol uchun pandovirus oqsilida 2556 ta gen bor, va ularning faqat 401tasigina nima funksiya bajarishi fanda aniqlangan) ular hujayraga “qarindosh” emas. Chunki hujayrada bo`lganidek ribosomalar, RNK unda yo`q va bo`linish yo`li bilan ham ko`paymaydi.






