Toshkent shahri hokimligida boshqaruv tizimining zamonaviy usullarini tatbiq qilish maqsadida Seul shahri meriyasi tajribasi o`rganilmoqda. Bu “Raqamli ofis”, fuqarolar murojaatlarini ko`rib chiqish va o`rganish, shuningdek, davlat xizmatlarini taqdim etish sohasida axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishni ko`zda tutadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligida Seul shahri meriyasi delegasiyasi bilan bo`lib o`tgan uchrashuv chog`ida ma`lum qilindi.
Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Mahmud Asomovning ma`lum qilishicha, Seul meriyasi delegasiyasi hokimlikda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini takomillashtirish borasidagi islohotlar, poytaxt tumanlarida mavjud 44 sektor faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha ishga tushirilgan innovasion ishlanmalar bilan yaqindan tanishishi ko`zda tutilgan.
– Hozirgi kunda aholi murojaatlarining qariyb 80 foizi elektron tarzda kelib tushmoqda", deydi M.Asomov. – Shu bois ular ijrosini nazorat qilish, o`z vaqtida sifatli amalga oshirish uchun alohida tizim zarur.
O`rganishlar yakuni bo`yicha koreyalik mutaxassislar sohani takomillashtirish bo`yicha o`z tavsiya va takliflarini ishlab chiqadi.
17.01.2018 15:48
Toshkent shahar boshqaruvi tizimida o`zgarishlar kutilmoqda






