1

G`arazlarga yo`g`rilgan farazlar yoxud tuhmat balosiga yana bir misol...

Jamiyat 18.01.2018, 13:17
G`arazlarga yo`g`rilgan farazlar yoxud tuhmat balosiga yana bir misol...

Dunyoning ming yillar ilgari paydo bo`lgan, bugun ham davom etib kelayotgan eng mudhish illatlardan biri bu – millatchilik. Dunyoda minglab, millionlab insonlar o`limiga sabab bo`lgan qonli nizolar, shafqatsiz qirg`inlar ham ko`pincha shu mudhish illat sababli yuzaga chiqqanini hech kim inkor etolmaydi.

Insoniyat har jihatdan taraqqiy etgan XXI ham bu illat insonlar o`limiga, mamlakatlar tarqqiyotiga g`ov bo`layotganini hech kim inkor etmaydi. Ammo, ana shu haqiqatni yo tushunmayotgan yo tan olishni istamayotgan yoki hammasini ko`ra-bila turib, qandaydir g`arazli maqsadlarni ko`zlab qalam tebratayotgan ayrim g`alamis qalamkashlarning borligi odamning dilini g`ash qiladi.

Xabaringiz bor, O`zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan O`FF Ijroiya Qo`mitasi Byurosining 2018 yil 15 yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug`ullanishdan umrbod chetlashtirilgan O`zbekiston futbol federasiyasining rasmiy saytida e`lon qilingan ma`lumotlarga ko`ra, Samvel Babayan “Paxtakor” futbol klubida faoliyat olib borgan vaqtida futbolchilarning shartnomasi bilan bog`liq hujjatlarga noqonuniy o`zgartirishlar kiritgani aniqlangan. U jamoa tepasiga yangi rahbariyat kelayotganidan xabar topgach, klub bilan bitimi 2018 yil so`ngiga qadar bo`lgan futbolchilar shartnomasini 2017 yil qilib o`zgartirgan. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad — yil so`ngida erkin agentga aylanadigan futbolchilarni xorijiy klublarga sotib, moddiy manfaat ko`rish bo`lgan.

Futbol rasmiylarining fikriga ko`ra, u mamlakatning bosh jamoasini ham ko`ngildagidek boshqara olmadi hamda futbolchilarga bo`lgan noxolis munosabati sabab, terma atmosferasiga salbiy ta`sir ko`rsatdi. Samvel Babayan termaga nomzodlarni saralab olishda asosan o`ziga ma`lum futbolchilar bilangina ishlagan hamda barcha klublarga teng munosabatda bo`lmagan. Shuningdek, tajribali murabbiy hamda mutaxassislarning fikr va tavsiyalarini inobatga olmagan.

Ochig`i, men futbol mutaxassisi emasman. Samvelning qanday murabbiy bo`lganiyu, o`zbek futboli qanday karomatlar ko`rsat(ma)ganini futbol muxlislari yaxshi bilishadi. Xullas, men Babayanning shaxsiga ham, uning faoliyatiga ham baho bermoqchi emasman.

Bir qarashda, har qanday ma`muriy idorada yuz berishi mumkin bo`lgan tabiiy holat. Har erda va har doim ishini udda qilolmagan, qonun-qoidalarga amal qilmagan amaldor ertami-kemi shu kuyga tushadi. Babayanning o`rnida Boboev, Ivanov yoki Maxarashvili (familiyalar mutlaqo shartli) bo`lganda ham shu holat yuz berishi tayin edi.

Ammo, aynan bu holat Samvel Babayan bilan yuz berganini ayrim armanistonlik jurnalistlar o`zlaricha baholamoqchi bo`lishdi. Gap ushbu hodisa xususida http://armenianreport.com/ internet nashrida chop etilgan bir maqola va uning muallifi Tevos Arshakyan ustida bormoqda.

Maqolada Samvel Babayanning ishdan chetlatilishi millatchilik deya baholanib, o`zbek xalqining milliy manfaatlari, asriy qadriyatlari, bugun yurtimizda yuritilayotgan insonparvar siyosat qattiq tanqid ostiga olinadi. Maqolada na mantiqqa, na ilmiy mezonlarga mos tushadigan ma`lumotlar, “faktlar” tiqilib yotibdi. Bir so`z bilan, maqola muallifi yo o`zbek xalqi, O`zbekiston haqida deyarli hech qanday tasavvurga ega emas, yo u xalqimiz va Vatanimizni yomonotliq qilishga qat`iy bel bog`lagan.

Nima emish, bugungi O`zbekistonda armanlar “ikkinchi navli odamlar” sifatida qaralarmish. Babayanning ketishi ham millatchilikdan boshqa narsa emasmish.

Tarixdan yaxshi bilamiz. O`zbek xalqi hech qachon boshqa millat va elat vakillariga dushman ko`zi bilan qaramagan. Sobiq imperiyaning so`nggi yillarida yuz bergan nizolar esa, “tashi kuchlar” tomonidan o`ylab topilgan fitnadan boshqa narsa emasdi va bugun bu fitnalar allaqachon fosh etilgan.

Muallif bitganidek, o`zbek xalqi hech qachon o`zidan “aqlli, madaniyatli” xalqlarga g`ayirlik qilmagan. Zotan, biz o`zimizni hech kimdan ustun qo`ymagan holda, madaniyat va ma`rifat bobida ham, kuch-qudrat va aqliy salohiyat bobida ham kam emasligimizni juda yaxshi bilamiz. Mayli, biroz millatchilik bo`lsayam aytib o`taylik: Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, al-Farg`oniy, Zamaxshariy, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy singari yuzlab buyuk allomalari bilan dunyodagi yana qaysi xalq baralla faxrlana oladi?

O`zbekiston zaminida azal-azaldan har bir xalqning tarixi madaniyati, qadriyatlariga katta hurmat bilan qaralgan. Bugun yurtimizdan 130 dan ziyod millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab kelishmoqda. Bundan bir necha yil avval Baynalmilal Madaniyat markazidagi bir tadbirda rusiyzabon rahbarlardan birining aytgan gapi hech qachon esimdan chiqmaydi.

“Yaqinda MDH davlatlaridan biri (qaysi davlatligini atayin tilga olmadik – tahr.) ning vakili mehmon bo`lib keldi. Uni hamkasblarimiz bilan yaqindan tanishtirdim. O`zbekistonning go`zal shaharlari, urf-odatlari, an`analari, tabiati unga yoqdi. Faqat bitta narsaga – qanday qilib bir idoraning rahbari rus, o`rinbosari o`zbek, bo`lim boshlig`i qozoq, haydovchisi tatar, hisobchisi ukrain bo`lishi mumkinligiga tushunolmadi. Biz esa, unga bu idora O`zbekistonning bir parchasi ekani, bu mamlakatning har bir burchagida ana shunday xilma-xillik, o`zaro hamjihatlik, do`stlik hukmronligini tushuntirib berdik...”

Izohga hojat bo`lmasa kerak.

Shuncha millat vakillari tinch-totuv kun kechirayotgan bu zaminda nega ulardan qaysidir biriga nisbatan millatchilik qilinishi mumkin? Maqola muallifi Babayanga nisbatan millatchilik qilanganini yozarkan, “nimaga unda bizning millatdoshimizga shunday muhim va mas`uliyatli lavozimni ishonib topshirishdi?” degan savolni bermaydi?

Men shaxsan ushbu millatdan etishib chiqqan va yurtimizda yashayotgan o`nlab korxona rahbarlarini, maktab direktorlarini, tadbirkorlarni, olim va ziyolilarni bilaman. Ularning har biri shu yurtning suvini ichgan, noni egan, shu xalqning yaxshi-yomon kunida birga bo`lgan. Ularning hech biridan O`zbekiston haqida biror og`iz nordonroq gap eshitmaganman. Hatto bu ikki xalq vakillari o`rtasida qiz olib qiz berganlar ham bor. Yurtimizdan ikki millat vakillari o`rtasida qurilgan qanchadan-qancha oilalar bor. Janob Arshakyan bir marta bo`lsayam yurtimizga kelib, bu erda yashayotgan millatdoshlari bilan gaplashib ko`rganida edi, bir amadorning ishdan bo`shatilishidan katta fojia yasamagan bo`lardi.

Agar O`zbekistonning, o`zbek xalqining mehru muhabbatini his etib, ulg`aymaganida edi, mashhur san`atkor Tamarxonim o`zbekona qo`shiq va raqslari bilan jahonga tanilmagan, Artur Grigoryan dunyoning turli ringlariga o`zbekistonlik sportchi sifatida chiqmagan bo`lardi. Taniqli Arevat Grigoryan teleekran orqali o`zbek tilida ona tilidagidek ravon gapirib, muxlislar qalbini zabt etmagan bo`lardi. Janob Arshakyan ana shu millatdoshlari haqida eshitganmikin?

O`z navbatida azaldan o`zbek ziyolari ham qarman xalqiga, uning madaniyatiga yuksak baho berishmaganida, Alisher Navoiy o`zining mashhur qahramonlaridan biri Shirinni arman millatidan tanlamagan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov singari buyuk shoirlarimiz arman qizlarining latofatini ta`riflab, she`rlar bitishmagan bo`lardi. Janob Arshakyan bularni bilmasligi aniq.

Maqola muallifi O`zbekiston hayotida muhim o`rin tutgan, O`zbekistonni Vatan deb bilgan arman millatiga mansub fidoyi, sog`lom fikrli hamyurtlarni emas, aksincha, sobiq tuzumning jallodlaridan biri bo`lgan, minglab begunoh insonlarni qon qaqshatib, “o`zbek ishi” atalmish zulm va bedodlikka boshchilik qilgan Gdlyanni faxr bilan esga olishining o`ziyoq uning asl qiyofasini ko`rsatib turibdi.

Qolaversa, muallifning chorak asrdan beri o`z echimini topolmay tobora “gazaklab” kelayotgan Tog`li Qorabog` muammosiga ham O`zbekistonni aralashtirishga urinayotgani uning yo uquvsiz masxaraboz, yo siyosatdan bexabar “siyosatdon, yo kimningdir nog`orosiga o`ynayotgan qo`g`irchoq ekanidan darak beradi. Holbuki, O`zbekiston o`z mustaqilligining ilk yillaridan boshlab, boshqalarning ichki ishlariga, ichki muammolariga aralashmaslik siyosatini amalga oshirib kelayotir. Aslida minglab begunoh insonlarning o`limiga, millionlab aholining o`z tug`ilib o`sgan tuprog`ini tark etishiga sababchi bo`lgan Tog`li Qorabog` muammosi ham bir paytlar aynan Arshakyan singari “millatparvar” jurnalist va ziyolilarning “o`tli” chiqishlari, maqolalaridan boshlanganini ko`pchilik yaxshi eslasa kerak.

Mayli, bu haqda qancha ko`p gapirmay, Arshakyanga o`xshaganlar meni qip-qizil millatchiga chiqarib qo`yishi aniq. Shu bois, yurtimizda o`sib voyaga etgan, tom ma`noda har ikki xalqning munosib farzandi bo`la olgan hamyurtimiz, iste`dodli ijodkor Abdurahmon Meshayanning ijtimoiy tarmoqqa joylagan mana bu haqli va mardona fikrlari bilan mavzuga yakun yasasam:

“...tadbirkor armani tadbirkorligini, teleyulduz o`z jurnalistligini, murabbiy o`z murabbiyligini emin-erkin amalga oshirayotgan O`zbekistonda, shu O`zbekiston xalqiga tuhmat qilgan Tevos Arshakyan g`araz to`la maqolasi uchun uzr so`rashi shart.

Murabbiyga kelsak, uni 32 million xalqni o`z terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishini yana to`rt yil kutishga mahkum etganidan ancha avval bo`shatish kerak edi. Bunda esa uni qo`llagan "qo`li uzun"larning ham, unga qarshi "bunt" qilmagan ashaddiy futbol fanatlarining ham aybi salmoqli.

Dunyoning boshqa mamlakatida qandayligini bilmadim, ammo O`zbekistonda armanlar chapanichasiga aytsam, mazza qilib yashashyapti. Darvoqe, bundan to`qqiz yil burun bir qondoshim O`zbekistondan ko`chib ketdi. Qayga ko`chganligini aytmay qo`ya qolay. Sotqin, laganbardor, o`zbeklarning dumi kabi laqablarga duchor qilishmasin yana. Xullas, o`sha qondoshimiz, ikki yil zo`rg`a dosh berib, bor-yo`g`ini arzon-garovga sotib, yana Toshkentga qaytib keldi. Balki o`zi kabi armanlarga kun bermaydigan, millatchilik qiladigan, tinimsiz kamsitadigan o`zbeklarni sog`ingandir?

A, labbay?...”

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1