1

Amir Temurning 313 amiri

Moziydan sado 18.01.2018, 14:41
Amir Temurning 313 amiri

Manbalarda Amir Temur qo`shinida 313 nafar lashkarboshi (amir) bo`lgani aytiladi. Ularning soni nega aynan 313 nafar ekanini bilish ko`pchilikka qiziq bo`lsa kerak. Bu boradagi ma`lumotlarni tahlil qilgach, hosil bo`lgan umumiy xulosani keltirib o`tmoqchimiz.

Tarixchi Ibn Arabshohning aytishicha: «Temur har doim: “Erishgan barcha narsam va mustahkam makonlarni fath qilishim – Shayx Shamsuddin Fohuriyning duosi, Shayx Zayniddin Xavofiyning himmati tufayli, barokatlarim esa faqat Sayyid Baraka yordamida bo`lgan”, der edi». Shunday ekan, biz tahlil qilgan masala ham bevosita diniy omil bilan bog`liq.

Islom tarixidagi eng muhim yurishlardan biri Badr g`azotidir. Bu jangning muhimligi shundaki, uning taqdiri bevosita Islom dini taqdiri ham edi, musulmonlar mag`lubiyatga uchrashsa, Islom targ`ibotiga nuqta qo`yilishi va musulmonlar er yuzidan yo`qolib ketishi mumkin edi. Bu haqda Alixonto`ra Sog`uniy bunday yozadi: “Bu muborak g`azotga tayyorlanib chiqqan sahobalarning soni uch yuz o`n uchga etdi. Buning ikki yuz qirq nafari ansorlar bo`lib, qolganlari muhojirlar edi. Bu askarning borliq ko`riklari ikki ot, etmish tuya bo`lganlikdan, yo`l bo`yi almashib mindilar. Makka mushriklari qo`shinida to`qqiz yuz ellik kishi bo`lib, etti yuz tuya, yuztacha sovutlangan yugurik otlari bor edi. Qur`oni karim oyatlarida Alloh bu jangda uch mingta farishtani yordamga tushirgani zikr etilgan”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Abdulloh ibn Abbos: «Badr urushi kuni Payg`ambar (alayhissalom)­ning chodir ichida turib: “Ey bor Xudoyo! Sendan O`zing bergan ahding va va`dangni so`rayman. Ey bor Xudoyo! Bugundan keyin Senga ibodat qilinmasligini xohlasang, (O`zing bilasan)” deb turganlarini ko`rdim», degan. Bu esa jangning qanchalik ahamiyatli ekanini bildiradi. Aksar manbalarda Badr jangchilari 313 kishi ekani aytiladi.

Demak, Amir Temur davrida bu jang tafsilotlarini deyarli har bir askar bilgan va undan ruhlangan. Bundan Amir Temur bobomizning dinimiz tarixini mukammal bilgani, undan qo`shin tuzilishi va davlatni boshqarishda samarali foydalanganini anglash mumkin.

Sherzod JO`RAEV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1