AsosiyJamiyat

Islom Karimov tadbirkorlarga ko`proq erkinlik berish maqsadida Qaror imzoladi

15 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko`rsatish bilan bog`liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida Qaror imzoladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida investisiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-sonli Farmoniga muvofiq hamda lisenziyalashni va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish mexanizmlarini yanada soddalashtirish va arzonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlikka ko`proq erkinlik berish maqsadida:

         1. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning:

         2014 yil 1 iyundan boshlab, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi lisenziyalanadigan faoliyatning va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarning alohida turlarini 1- va 1-a ilovalarga muvofiq bekor qilish;

         faoliyatning lisenziyalanadigan turlarini va ruxsat etish xarakteriga ega tartibotlarni rasmiylashtirishning muddatlari va yig`imlari miqdorlarini 2- va 3-ilovalarga muvofiq qisqartirish;

         ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni va lisenziyalarni olish tartibotlarini yanada qisqartirish va soddalashtirish to`g`risidagi takliflari 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

         2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi lisenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish bo`yicha vakolatli organlar, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi bilan birgalikda:

         2015 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalashda “bir darcha” tamoyilini qonun hujjatlari darajasida joriy etishni 5-ilovaga muvofiq ta`minlasin;

         tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan lisenziya kelishuvlari shartlarini bajarish bo`yicha davriy hisobotlarni elektron shaklda taqdim etib borish uchun dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etishni 2014 yilning oxirigacha tamomlasin.

         3. Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali tadbirkorlik sub`ektlari uchun ustuvor interaktiv xizmatlarni joriy etish bo`yicha loyihalar ro`yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

         O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi quyidagilarni ta`minlasin:

         faoliyatning lisenziyalanadigan turlarini va ruxsat etish tartibotlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga o`tkazish, shuningdek, davlat organlarining tadbirkorlik sub`ektlari bilan o`zaro elektron hamkorligini joriy etish samaradorligini baholash bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirish va tizimli monitoring qilish;

         O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki, “O`zkommunxizmat” agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2014 yilning oxirigacha Kommunal xo`jalik va uy-joy fondi portalini elektron to`lov tizimlari va kommunal xizmatlarning billing tizimlari bilan birlashtirish yo`li orqali mazkur portalni takomillashtirish bo`yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tadbirkorlik sub`ektlariga axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda, real vaqt rejimida o`zaro hisob-kitoblar holati to`g`risida xabar berish bo`yicha xizmatlar ko`rsatish imkoniyatlarini nazarda tutish;

         manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari va tadbirkorlik sub`ektlariga 2013-2020 yillar davrida O`zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikasiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi doirasida ishlab chiqilayotgan axborot tizimlaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratish.

         4. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo`mitalari, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 2014 yil 1 oktyabrdan boshlab, O`zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradigan maxsus “tadbirkorlik sub`ektining kabineti” ishlashini ta`minlasin:

         moliya, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlarni interaktiv rasmiylashtirish va taqdim etish;

         soliq va boshqa majburiy to`lovlarni, kommunal to`lovlarni, lisenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar bo`yicha ko`rib chiqishda va ularni olishda to`lanadigan yig`imlarni va davlat bojlarini Internet-banking tizimi orqali to`lash;

         ma`lumotnomalar olish va boshqa interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish.

         5. 2014 yil 1 iyundan boshlab, tadbirkorlik sub`ektlariga “bir darcha” tamoyili bo`yicha elektron shaklda quyidagi jarayonlarni amalga oshirish huquqni beradigan tartib o`rnatilsin:

         tadbirkorlik sub`ektlarining ularni Mahalliylashtirish dasturiga kiritishga doir talabnomalarini ko`rib chiqish uchun O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligiga, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasiga taqdim etish;

         milliy valyutada bir yilgacha bo`lgan muddatga kredit olishga doir hujjatlarni xizmat ko`rsatuvchi tijorat banklariga taqdim etish.

         6. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari:

         O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik sub`ektlarining moliya-xo`jalik faoliyatiga noqonuniy aralashish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko`rsatishda ortiqcha qog`ozbozlikka yo`l qo`yish holatlari uchun davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ma`muriy javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutgan holda qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha takliflarni ikki oy muddatda belgilangan tartibda kiritsin;

         O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bo`yicha qabul qilinayotgan me`yoriy-huquqiy hujjatlarni keng yoritish yuzasidan har bir hududda tadbirlar o`tkazsin.

         7. Iqtisodiyot vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar va lisenziyalarni berish tartibotlarini belgilaydigan me`yoriy-huquqiy hujjatlarga 2014 yil 1 iyungacha tegishli o`zgartishlar kiritsin.

         8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

         O`zbekiston Respublikasi 

Prezidenti I.KARIMOV

       

         

    Boshqa yangiliklar