AsosiySport

O`FF prezidentining O`zbekiston OTJ futbolchilariga tashakkurnomasi bildirdi

O`zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Osiyo chempionati chorak finalidan o`rin olgan Yaponiyaga qarshi o`yin oldidan O`zbekiston OTJ futbolchilariga murojaat qilib, ularni g`alabaga undagan edi. Futbolchilarimiz ham bu murojaatdan ruhlanib, bugun ajoyib o`yin namoyish qilib, yirik hisobda g`alaba qozonishdi, deb yozadi federasiya rasmiy sayti.

Umid Ahmadjonov o`yindan keyin futbolchilarga o`z tashakkurini izhor qildi:

"Hurmatli futbolchi va murabbiylar!

Bugungi ajoyib o`yin, chiroyli g`alaba va Osiyo chempionati yarim finaliga yo`l olganingiz bilan barchangizni tabriklayman! Rahmat Sizlarga! O`yindan avval Sizlarga yuborgan murojaatimdan to`g`ri xulosa chiqargan holda, bugun maydonda joningizni berib harakat qildingiz. Kechagi fojeadan qalbi g`amga to`lgan yurtoshlarimizga oz bo`lsa-da, quvonch baxsh etishga muvaffaq bo`ldingiz. Albatta, Qozog`istonda vatandoshlarimiz bilan ro`y bergan fojeaning alamini hech narsa bosa olmaydi. Biz hamisha o`tganlarning ortidan xayrli duolar qilamiz.

Lekin bugungi o`yiningiz bilan Siz nafaqat yurtdoshlarimizga quvonch ulashdingiz, balki Vatanimiz sha`nini munosib himoya qila oldingiz. Yaponiyadek futboli rivojlangan mamlakat o`yinchilaridan o`zbekistonlik futbolchilar hech bir jabhada aslo kam emasliklarini namoyish qilib berdingiz. Buning uchun Sizlarga minnatdorchilik bildiraman.

Endi oldinda Sizlarni Osiyo chempionati yarim final bahsi kutib turibdi. Ushbu mas`uliyatli o`yinda ham yurakdagi o`t bilan astoyidil harakat qilib, g`alaba qozonishingizni tilab qolaman. O`zbekiston hech kimdan kam emasligini butun dunyoga ko`rsatib qo`ying! Final sari olg`a!

Umid Ahmadjonov, O`FF prezidenti".

    Boshqa yangiliklar