AsosiyJamiyat

"Iegov guvohlari" diniy tashkiloti vakillari Din ishlari qo`mitasiga tashrif buyurishdi

Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan Din ishlari bo`yicha qo`mitaga "Iegov guvohlari" diniy tashkilotining Evropa Uyushmasi vakillari Luka Toffoli va Lorenso Trapanezelar tashrif buyurdilar. Mehmonlarni Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi O.Yusupov qabul qildi.

O.Yusupov mehmonlarni O`zbekistonga tashrifi bilan qutlab, ular bilan o`tgan uchrashuvdan so`nggi holat yuzasidan muloqot qildi, bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita Axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, L.Toffoli o`zining O`zbekistonga bugungi tashrifi yakuniy tashrif bo`layotganligi, bundan keyin Respublikadagi diniy tashkilot masalalari bilan yangi tayinlangan mas`ul shaxs -  L.Trapaneze shug`ullanishini ma`lum qildi.

O.Yusupov L.Toffoli bilan bo`lgan muloqot samarali bo`lib kelganligi sababli, janob L.Trapaneze bilan ham o`zaro munosabatlar shu ruhda saqlanib qolishiga ishonch bildirdi.
Ayni paytda, O.Yusupov "Iegov guvohlari" diniy tashkiloti markaziy organining internet saytida joylashtirilgan O`zbekistonga taalluqli bo`lgan ma`lumot bilan tanishganligi, haqiqatdan ham so`nggi ikki yil davomida diniy tashkilot faoliyatida ijobiy o`zgarishlarga erishilganligini bildirdi.

O.Yusupov Respublikamizda diniy tashkilotning katta yoki kichik ekanligiga qaramay, ulardan hamda barcha dindorlardan amaldagi qonunlarga to`liq rioya qilishlik talab qilinishi sababli, dindorlar bilan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida"gi qonun normalari borasida ko`proq tushuntirish ishlari olib borishlik zarurligini bildirdi.

Jumladan, bugungi kunda Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan noislomiy diniy tashkilotlar rahbarlari bilan mazkur yo`nalishda uchrashuv va seminarlar olib borilayotganligi alohida ta`kidlandi.
L.Toffoli ham o`zaro muloqotlar haqiqatdan ham ijobiy bo`layotganligini ta`kidlagan holda, o`zi vakil hisoblangan Evropa Assosiasiyasining O`zbekiston to`g`risidagi fikrini ijobiy berishga xarakat qilayotganligini aytib o`tdi. Jumladan, yuqorida qayd etib o`tilgan internet-saytdagi ma`lumot assosiasiyaning o`z mustaqil fikrga ega ekanligining mahsuli bo`lganligini bildirdi. Lekin, bu yo`nalishda bugungi kungacha yagona hal etilmagan narsa - u ham bo`lsa, diniy tashkilotning Toshkent va boshqa yirik shaharlarda ro`yxatdan o`tmayotganligi ularning harakatlariga to`siq bo`layotganligini bildirdi.

O.Yusupov Respublitkamizda diniy tashkilotlarning davlat ro`yxatidan o`tishida vaqt bo`yicha ham, son bo`yicha ham hech qanday to`siqlar mavjud emasligini aytib, eng asosiy masala - bu mazkur diniy tashkilot tomonidan qonun buzilishlariga yo`l qo`yilmasligi qat`iy talab qilinishida ekanligini bildirdi. Faqat shu sharoitdagina "Iegov guvohlari" diniy tashkiloti ham davlat ro`yxatidan o`tishi mumkinligi ta`kidlandi.

L.Toffoli qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Din ishlari bo`yicha qo`mitaning keyingi faoliyatiga muvaffatqiyat tilab qoldi.

 

    Boshqa yangiliklar