AsosiyJamiyat

“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini yoritishda OAV roli kuchaytiriladi

Toshkentda “Sog`lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va vazifalari” mavzusida respublika konferensiyasi bo`lib o`tdi.

Tadbir O`zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA.

Konferensiyada ommaviy axborot vositalarida “Sog`lom bola yili” Davlat dasturining tezkor, sifatli va har tomonlama yoritilishini ta`minlash masalalari muhokama etildi. Shundan kelib chiqqan holda, jurnalistlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan samarali hamkorligini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo`nalishlari amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazorati o`rnatish, ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb mahoratini oshirish masalalari ko`rib chiqildi.

Anjumanda O`zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullaev, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori E.Solihov, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sh.G`ulomov va boshqalar so`zga chiqdi.

Tadbirda “Sog`lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida qulay muhit yaratish, jismonan sog`lom, ma`nan etuk barkamol avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgani alohida qayd etildi.

Aholini hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar haqida atroflicha xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari oldiga “Sog`lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish jarayonini keng yoritish vazifasi qo`yilgan. Bu borada jurnalistlarning etarli malaka va mahoratga ega bo`lishi, ularda aniq ijtimoiy pozisiya, yuksak mas`uliyat hissini shakllantirish, jurnalistlarni ixtisoslashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga,  ommaviy axborot vositalarining vazirliklar, idoralar, ta`lim muassasalari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan yaqin hamkorligi ham muhim o`rin tutadi.

Ta`kidlash joizki, konferensiya ushbu maqsadlarga xizmat qildi. Vazirlik, idora, davlat va jamoat tashkilotlarining mas`ul xodimlari tadbir ishtirokchilariga aholi o`rtasida axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etishda yordam beradigan tahliliy hamda statistik ma`lumotlarni taqdim etdi.

Konferensiyada “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta`minlashni keng yoritishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish bo`yicha fikr almashildi. 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar