AsosiyMadaniyat

"O`zbekkino" Xiva xonligi bosh vazirining sirli o`limi haqida film suratga olmoqda

“O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan Xiva xonligining bosh vaziri Islomxo`janing hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi film suratga olinmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qiladi.

O`z davrining taraqqiyparvar, halqparvar davlat va jamoat arboblaridan biri bo`lgan Islomxo`ja 17 yoshidan xonlikning savdo va sanoat markazlaridan biri hisoblanmish Xazorasp bekligiga xokimlik qilgan, 26 yoshida Xiva xonligining bosh vaziri etib tayinlangan.

Valiaxd Asfandiyor to`raning hukmronligi davrida Islomxo`ja xonlikning barcha muhim va mas`uliyatli vazifalarini o`z zimmasiga olib, ko`plab inshootlar qurdirgan. Qator sohalarda islohotlar olib borgan. Biroq xonlikning eng yuqori amaldori, buyuk islohotchi Islomxo`ja sirli ravishda o`ldirilib, hatto qotillikni fosh etish uchun boshlangan tergov harakatlari bosdi-bosdi qilingan.

“Islomxo`ja” nomli badiiy-publisistik filmda bosh vazirning sirli o`limi tafsilotlarini o`rganishga bel bog`lagan tadqiqodchi-tarixchi olim oradan bir asr o`tganiga qaramay, mavjud hujjatlarga asoslanib, asl aybdorlar qiyofasini ochishga harakat qiladi.

Film ssenariy muallifi — Jo`rabek Ro`zmetov, rejissyor — Jahongir Ahmedov.

Ssenariyni yozish jarayonida ijodiy guruh Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida bo`lib, buyuk ajdodimizning Rossiya bilan bog`liq faoliyatini o`rganib qaytdi.

Islomxo`ja obrazini taniqli aktyor Ulug`bek Qodirov ijro etishi kutilmoqda. Shuningdek, ayni kunlarda filmda rol o`ynashi mumkin bo`lgan aktyorlar jamoasi ham saralab olinmoqda.

Foto

I-Uzoqov.jpg

photo_2018-01-20_13-00-58.jpg

photo_2018-01-20_13-00-36.jpg

photo_2018-01-20_13-01-09.jpg

photo_2018-01-20_13-01-23.jpg

photo_2018-01-21_11-07-29-680x510.jpg

photo_2018-01-21_11-08-59-680x511.jpg

Boshqa yangiliklar