Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori asosida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Bu haqda O`zbekiston xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 2012 yil 10 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarorining qabul qilinishi yurtimiz umumta`lim maktablarida chet tili fanini o`qitish tizimini tubdan o`zgartirib, sohada keng ko`lamli islohotlarni boshlab yubordi.
Xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda uzluksiz ta`lim tizimi uchun umumevropa talablariga (CEFR) asoslanib chet tillaridan yangi davlat ta`lim standartlari va boshlang`ich sinflarda (1-4 sinf) haftasiga ikki soat chet tilini o`qitishni nazarda tutgan yangi o`quv rejasi ishlab chiqildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 8 maydagi 124-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
2013-2014 o`quv yilidan boshlab yurtimizning barcha umumta`lim maktablarining 1-sinflarida chet tili fanini o`qitish yo`lga qo`yildi. Jumladan, 533 845 nafar birinchi sinf o`quvchilari, shundan 502 432 nafari (94,1%) ingliz tili, 12 657 nafari (2,4%) fransuz tili, 18 756 nafari (3,5%) nemis tili fanini o`rganishmoqda.
O`tgan o`quv yilida 144 soatlik malaka oshirish kursi tashkil etilib, ularda respublikaning barcha hududlaridan saralab olingan 243 nafar chet tili trener o`qituvchilar tayyorlanib, ular yordamida jami 25 310 nafar chet tili o`qituvchilari malaka oshirdi.
Chet tili o`qituvchilarini yangidan yaratilayotgan 2-sinf darslik majmuasidan foydalanishiga qaratilgan 36 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etilayapti.
2014-2015 o`quv yilida respublika bo`yicha jami 26 344 nafar chet tili o`qituvchilar faoliyat yuritadi. Ularning 20 365 nafari ingliz tili, 3506 nafari nemis tili, 2345 nafari fransuz tili, 128 nafari boshqa til o`qituvchilari hisoblanadi. Birgina 2013-2014 o`quv yilida 1464 nafar oliy ma`lumotli yosh pedagoglar umumta`lim maktablariga chet tili fani o`qituvchisi sifatida qabul qilindi.
Joriy o`quv yilida oliy ta`lim muassasalarining chet tili yo`nalishiga 262 nafar fuqaro qo`shimcha ravishda to`lov kontrakt asosida imtiyozli talabalikka qabul qilindi.
Ingliz tili o`qituvchisi mutaxassisligi bo`yicha qayta tayyorlash kurslariga bilim darajasi eng kamida V1 darajadagi talablar asosida tinglovchilar qabul qilinishi yo`lga qo`yildi. Jumladan, ariza bergan o`qituvchilardan 321 nafari qayta tayyorlash kursidan o`tish imkoniyatini qo`lga kiritdi.
Chet tili o`qituvchilarining oylik tarif stavkalariga qishloq joylardagi ta`lim muassasalari o`qituvchilariga 30 foiz va boshqa ta`lim muassasalaridagi chet tili o`qituvchilariga 15 foiz miqdorida qo`shimchalar to`lash belgilandi.
Chet tillari kabinetlarini zamonaviy axborot-kommunikasiya, o`qitishning texnik vositalari va anjomlari bilan jihozlashni (qo`shimcha jihozlashni) jadallashtirish Dasturi doirasi shu kunga qadar 2457 ta boshlang`ich sinflar jihozlangan bo`lsa, 2016 yilga kelib to`liq jihozlangan xonalar soni 17 222 taga etkazish rejalashtirilgan. O`tgan o`quv yilning o`zida 17 222 ta sinflar o`quv adabiyotlar, lug`atlar va DVD magnitolalar bilan jihozlandi.
Joylarda ta`lim muassasalarining chet tillari kabinetlari uchun etkazib berilgan axborot-kommunikasiya, o`qitishning texnik vositalari va anjomlarini ishlatish, ulardan samarali foydalanish bo`yicha o`quv-seminarlari tashkil etilmoqda.
Umumta`lim maktablarining 1-sinflari uchun yaratilgan 537 786 nusxa chet tili darslik majmuasiga qo`shimcha ravishda o`qituvchilar va ota-onalar uchun o`zbek tilida 446 084 nusxa hamda rus tilida 59 974 nusxa qo`llanma chop etilib, 2 sentyabr kuni barcha 1-sinf o`quvchilariga foydalanish uchun “Prezident sovg`asi” sifatida taqdim etildi. Shuningdek, 2014-2015 o`quv yili uchun 2-sinf o`quvchilari uchun 588 957 ta hamda ularga dars beradigan chet tili o`qituvchilari uchun ingliz, nemis va fransuz tili darslik majmualari chop etiladi va foydalanish uchun bepul taqdim etiladi.
Shu o`rinda aytish kerakki, 2014 yilning 13 yanvaridan 20 martiga qadar 2-sinflar uchun chet tillaridan yaratilgan darslik majmualari ingliz tilidan 80 ta, nemis tilidan 28 ta va fransuz tilidan 28 ta tayanch maktablarda tajriba-sinovdan o`tkazildi. Ingliz tili darslik majmualari Buyuk Britaniyalik ekspert Vendi Arnold xonim tomonidan takomillashtirildi.
Qayd etish lozimki, 2-sinf o`quvchilari uchun “Kids’ English-2” darslik majmuasi tajriba-sinovlari 2013 yilda “Kids’ English-1” darslik majmuasi tajriba-sinovdan o`tkazgan eksperimentator-o`qituvchilar tomonidan o`tkazildi. Ushbu eksperimentator-o`qituvchilar mazkur majmualardan foydalangan holda 2-sinflarda o`quvchilarga haftasiga ikki soatdan, amaldagi darslarga qo`shimcha ravishda chet tillaridan dars o`tishdi. Tajriba-sinov hamda amaliyot natijalari, eksperimentator hamda amaliyotchi o`qituvchilar fikrlarini inobatga olgan holda xorijiy ekspertlar, tilshunoslar yordamida chet tillari bo`yicha 1-,2-sinflar uchun darslik majmualarini (o`quvchi kitobi, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanma, multimedia ilovalari) takomillashtirilmoqda.
Chet tili bo`yicha tayanch maktablarda oliy ta`lim muassasalari, malaka oshirish institutlarining tajribali chet tili mutaxassislari, trener-o`qituvchilar ishtirokida “Mahorat maktablari” faoliyati yo`lga qo`yildi.
Har bir tuman(shahar)da bitta umumta`lim maktabi bazasida tajriba-sinov sifatida chet tillarni chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etildi. Shuningdek, maktabgacha ta`lim muassasalarida chet tillarni o`rgatish yo`lga qo`yilmoqda.
Bundan tashqari, chet tillarni maktabdan tashqari vaqtda o`qitishni yo`lga qo`yish maqsadida umumta`lim maktablarida va “Barkamol avlod” bolalar markazlarida 2-4-sinflar uchun chet (ingliz, nemis va fransuz) tillari bo`yicha to`garak mashg`ulotlarini tashkil etish yuzasidan metodik tavsiya ishlab chiqildi va 2013-2014-o`quv yilidan boshlab 2-3-4-sinflarda haftasiga 2 soatdan chet tili to`garaklari faoliyati yo`lga qo`yildi.
Chet tilidan Davlat ta`lim standartlari, o`quv dasturlarining o`quvchilar tomonidan o`zlashtirilishi, o`qituvchilarning kasbiy mahorati hamda bolalardagi psixologik holatini tahlil qilib borish maqsadida doimiy monitoringi olib borilmoqda.
Chet tillari o`qitilishini takomillashtirishga qaratilgan qarorlarning mazmun-mohiyatini keng pedagogik jamoaga etkazish, joylarda belgilangan vazifalarning o`z vaqtida ijrosini ta`minlash, shuningdek, chet tili o`qituvchilariga amaliy metodik yordam ko`rsatishga mo`ljallangan “Video-metodik-xizmat” yo`lga qo`yildi.





