Xabaringiz bor, yana 17 kundan so`ng Koreya Respublikasining Pxyonchxan shahrida XXIII qishki Olimpiya o`yinlari start oladi. Unda sayyoramizning 90 ta davlatidan 6 500 dan ziyod sportchi va rasmiy shaxslar ishtirok etishi kutilmoqda.

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, 2018 yilgi qishki Olimpiya o`yinlarida O`zbekiston sharafini ikki nafar sportchimiz himoya qiladi. Bular figurali uchish bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Misha Ge va tog` chang`i sporti bo`yicha mamlakat terma jamoasi etakchisi Komiljon To`xtaevlardir.

Musobaqalarga birinchi bo`lib Misha Ge kirishadi. U 16 fevral kuni “Gangneung Ice Arena” muz saroyida figurali uchishning qisqa dasturida chiqish qilsa, ertasiga 17 fevralda erkin dasturda o`z omadini sinab ko`radi.

Komiljon To`xtaev 18 fevral kuni tog chang`isining gigant slalom bahslarida ishtirok etadi. 22 fevralda esa slalom bo`yicha musobaqada qatnashadi. Tog` chang`isi bo`yicha bellashuvlar “Yongpyong Alpine Centre” majmuasida bo`lib o`tadi.

Ma`lumot uchun, XXIII qishki Olimpiya o`yinlari Koreya Respublikasining Pxyonchxan shahrida 9 -25 fevral kunlari bo`lib o`tadi.






