1

Sakkizinchi qurbon

Mutolaa 23.01.2018, 22:44
Sakkizinchi qurbon

Men soatiga sakson kilometr tezlikda moshinani eldirib borardim, biroq tekis yo`lga chiqib olgach, tezlik ikki barobar kamdek tuyuldi.

Avtomobil radiosidan yangiliklarni tinglayotgan mallasoch yigitning ko`zlarida yovvoyilarcha o`t chaqnadi. Yangiliklar tugagach, yigitcha radioning ovozini o`chirdi.

– Hozircha uning ettita qurbonini topishibdi, – dedi yigit engagini silab.

– Eshitdim, – dedim bosh irg`ab.

Bir qo`limni ruldan bo`shatib, asabimni tinchlantirish uchun ensamni siladim.

Hamrohim menga qarab ayyorona kulimsiradi:

– Nega asabiylashyapsan?

Unga bir qarab oldim.

– Yo`g`-e, nega asabiylasharkanman?

Ammo u tirjayib o`tiraverdi.

– Polisiya Edmont atrofida ellik milya doirasidagi barcha yo`llarni to`sib qo`yibdi.

– Buniyam eshitdim.

Yigitcha hiringladi.

– U pixini yorganlardan.

Men uning tizzasida yotgan zanjirli sumkasiga nazar soldim.

– Uzoqqa ketyapsanmi?

U elka qisdi.

– Bilmasam.

Yigitcha pakanaroq, qiltiriqdan kelgandi. Tashqi qiyofasidan o`n etti yashar o`spirinni eslatar, ammo bundan besh yosh katta bo`lishi ham mumkin.

Yigitcha qo`lini ishtoniga artdi.

– Hech o`ylab ko`rdingmi, bu ishlarni qilishga uni nima majbur qilyaptiykin?

Men nigohimni yo`ldan uzmadim.

– Yo`q, o`ylab ko`rmagan ekanman.

U lablarini yalab oldi.

– Balkim butun umr kimdir unga jabr-zulm o`tkazgandir, nima qilish kerag-u, nimaga qo`l urmaslikni uning o`rniga hal qilishgandir. Vaqti kelib bu bosimga dosh berolmay qolgan.

Yigitcha yo`lga tikilib qoldi.

–Uning sabr-kosasi to`lib, portlagan. Axir hamma narsaning ham chegarasi bor.

Men oyog`imni tepkidan bo`shatdim. Yigitcha menga qaradi.

– Nimaga tezlikni pasaytiryapsan?

– Benzinim kam. Birinchi yoqilg`i quyish shahobchasigacha qirq milya bor. Keyinsiga, ehtimolki, tag`in qirq milya bordir.

Moshinani chetga burib, tizilib turgan uchta benzokolonkalar yonida to`xtadim. Yoshi o`tib qolgan kishi moshinani aylanib, men o`tirgan tomonga o`tdi.

– Bakni to`ldirib, moyni tekshirib qo`ysangiz, iltimos, – dedim.

Yigitcha atrofni ko`zdan kechirdi. Bu bug`doy dalasidagi yagona pastakkina bino edi. Oynalarni chang bosgan. Ichkaridagi devorga ilingan telefon arang ko`zga tashlanadi. Yigitcha norozi bo`lib, oyog`ini likillatdi.

– Chol uzoq timirskilandi-da. Kutishni yomon ko`raman.

U qariyaning kapotni ko`tarib, moyni tekshirayotganiga razm solib turdi.

– Nimaga sharti ketib, parti qolgan chollar yanayam uzoq umr ko`rgisi keladi-a? Undan ko`ra o`lib qutulishgani yaxshi emasmi?

Men sigareta tutatdim.

– Chol sening bu gapingga qo`shilmagan bo`lardi.

Yigit nigohini choldan uzib, ishshaydi.

– Anavi erda telefon bor ekan. Balki bitta-yarimtaga qo`ng`iroq qilishni istarsan?

Men og`zimdan pag`a-pag`a tutun pufladim.

– Yo`q.

Qariya xizmat joyiga qaytgach, yigitcha oynadan mo`raladi.

– Janob, radiongiz bormi?

– Yo`q. Shovqinni yoqtirmayman, – dedi qariya bosh chayqab.

– Gapingizda jon bor, janob. Osoyishtalik bo`lsa, umringiz uzayadi, – deb irshaydi yigitcha.

Yo`lga chiqqach, tezlikni yana saksongacha oshirdim. Yigitcha bir muddat mum tishlab o`tirdi, so`ng tag`in tilga kirdi:

– Etti kishini asfalasofilinga jo`natish uchun ozmuncha iroda-yu, matonat kerakmi?! Sen biron marta qo`lingga to`pponcha ushlaganmisan?

– Menimcha, har bir odam ushlagan bo`lsa kerak.

U tishining oqini ko`rsatdi.

– Birontasiga qurol o`qtalmisan?

Men uning o`z so`zlaridan ilhomlanib, chaqnayotgan ko`zlariga boqdim.

– Odamlarni dahshatga solish zap ish-da, – dedi u. – Agar qo`lingda qurol bo`lsa, katta odamga aylanasan.

– Ha, sen endi pakana emassan.

Yigit sal-pal qizardi.

– Sendan boshqasining qo`lida qurol yo`q ekan, demak, sen dunyodagi eng qudratli odamsan.

– Kimnidir o`ldirish uchun kuchli asab kerak, – dedi yigitcha. – Ko`pchilik buni bilmaydi.

– Qurbonlarning bittasi besh yoshli bolakay ekan, – dedim. – Bunga nima deysan?

Yigit lablarini yaladi.

– Balki bu tasodifdir?

Men boshimni sarak-sarak qildim.

– Boshqalar bunday deb o`ylamaydi-da.

Yigit bir lahzaga kalovlanib qoldi.

– Nimaga u norasida go`dakni o`ldiroladi, deb o`ylayapsan?

Kiftimni uchirdim.

– Biron nima deyish qiyin. Bir marta qotillikka qo`l urdingmi, u yog`iga o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas. Balki qaysidir lahzalarda unga qurbonlarining jinsi, yoshi ahamiyatsiz bo`lgandir. Ular bor-yo`g`i qurbonlar.

Yigitcha bosh irg`adi.

– Balki odam o`ldirishdan lazzatlanar. Asosiysi — birinchi qadam, u yog`i silliq kechaveradi.

U besh daqiqacha jim ketdi.

– Polisiya uni hech qachon ushlolmaydi. Chunki u ilonning yog`ini yalagan.

Bir zumga ko`zimni yo`ldan uzdim.

– Hamma uni bilsa, butun mamlakat uni tanisa, bunisiga nima deysan?

Yigitcha ozg`in elkasini qisdi.

– Balki bu narsa uni tashvishga solmas. U o`zini to`xtatolmagan. Endi u odamlarning nazdida zo`r odamga aylandi.

Bir milcha jim ketdik, keyin yigitcha:

– Radiodan uning tashqi qiyofasiga berilgan ta`rifni eshitdingmi? – deb so`radi.

– Albatta. Bir haftadan beri shu haqda tinmay javrashyapti.

U menga jiddiy qiyofada tikildi.

– Meni moshinangga o`tqizishdan cho`chimadingmi?

– Yo`q.

U makkorona tirjayishda davom etdi.

–Nima balo, asablaring temirdanmi?

Bosh chayqadim.

– Yo`q. Biror bahonayi-sabab bo`lmasa, qo`rqmayman.

– Men o`sha ta`rif-u tafsivlarga juda mos kelaman-da.

– Bu turgan gap.

Yo`lning chek-chegarasi ko`rinmaydi, atrof biyday dala, kimsasiz. Yigitcha hiringladi.

– Men quyib qo`yganek o`sha qotilga o`xshayman. Hamma mendan cho`chiydi. Bu esa menga moydek yoqadi.

– Menimcha, sen ermak qilgansan.

– Oxirgi ikki kun ichida polisiyachilar meni shu yo`lda uch marta ushlab, olib ketishdi. Xuddi qotil kabi men ham mashhur bo`ldim.

– Bilaman, – mdedim. – Hali sen bundanam mashhur bo`lasan. Seni shu yo`lda topaman, deb tahmin qilgandim.

Tezlikni pasaytirdim.

– Nima deb o`ylaysan, men ular ta`riflagan qotilga o`xshaymanmi?

Yigit nafratomuz kulimsiradi.

– Yo`q. Sening sochlaring qo`ng`ir. U esa men kabi mallasoch.

Men jilmaydim.

– Ammo-lekin sochlarimni bo`yashim mumkin-ku.

Yigitcha nima voqea ro`y berishini anglab, ko`zlari kosasidan chiqquday olayib ketdi.

Yigitcha sakkizinchi qurbon bo`ladi.

Jek Richi

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1