Hademay yurtimizdagi oliy o`quv yurtlariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlanadi. OO`Yuga kirish ishtiyoqida yurgan yoshlar hozirdan tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Vaziyatdan unumli foydalanishga qaror qilgan “uchar” kimsalar abiturientlar uchun soxta qo`llanmalarni ko`paytirib pullash ilinjida bo`lishadi. Ular tomonidan chuv tushirilgan yigit-qizlar ko`p hollarda talabalik baxtidan mosuvo bo`lishadi.
QALLOBLARGA ChUV TUShMASLIK UChUN ESA...
Yoshlarning vaqtini tejash, ularning bilimlarini mustahkamlash istagida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi qator yo`nalish va fanlardan test savollarini tayyorladi.
2014/2015 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalari, oliy harbiy ta`lim muassasalari, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari (Akademik lisey va Kasb-hunar kollejlari)ga kiruvchilar ta`lim yo`nalishlari bo`yicha test sinoviga tayyorgarlik ko`rish uchun, pedagog xodimlar malaka toifasi olishda mutaxassislik fanlaridan tayyorgarlik ko`rish uchun diagnostik test tizimi yo`lga qo`yildi.
Endilikda barcha xohlovchilar tanlagan yo`nalishlari bo`yicha o`zlarini test topshirish orqali bilim darajalarini sinab borishlari mumkin. Buning uchun esa quyidagi talablarga rioya qilinsa kifoya.
TALABLAR QANDAY?
BIRINChIDAN, buning uchun tanlangan ta`lim yo`nalishi bo`yicha test savollari kitoblari va miqdori buyurtma qilinsa bas.
IKKINChIDAN, Davlat test markazi tomonidan buyurtma asosida test materiallari (savollar kitoblari va javoblar varaqalari) tayyorlanadi hamda belgilangan muddatda belgilangan manzilga jo`natiladi.
BU NIMA BERADI?
Abiturient test sinovi orqali nafaqat o`z bilimini sinab ko`radi, balki savollar kitobi va javoblar varaqasi bilan ishlash ko`nikmasini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo`ladi.
NARXI QANChA?
- 1 dona savollar kitobi va javoblar varaqasi narxi: oliy, oliy harbiy ta`lim muassasalariga kiruvchilar uchun - 9610 so`m;
- ta`lim muassasalari pedagog xodimlari uchun - 9610 so`m;
- o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalariga kiruvchilar uchun - 4805 so`m.
DIQQAT!!!
Test savollar kitoblari va javoblar varaqalarini olish bo`yicha qaerga murojaat qilish mumkinligi haqidagi to`liq ma`lumotlar bilan "Darakchi" gazetasining kecha, ya`ni 17 aprel kuni sotuvga chiqqan 12-sonida tanishish mumkin.





