1

Ispaniyada Xivaga o`xshagan shahar bor ekan

Madaniyat 25.01.2018, 10:12
Ispaniyada Xivaga o`xshagan shahar bor ekan

Yaqinda Ispaniya poytaxti Madrid shahrida 38-Xalqaro turizm ko`rgazmasi o`tkazildi. Miqyosi jihatidan Berlin ko`rgazmasidan keyin ikkinchi o`rinda turuvchi mazkur “Fitur” deb nomlangan ko`rgazma har yili Ispaniya hukumati va Madrid shahrida joylashgan Butunjahon turizm tashkiloti hamkorligida tashkil etiladi, deb yozadi “Xalq so`zi” muxbiri.

Bu yilgi tadbirda dunyoning 166 davlatidan o`n mingdan ortiq kompaniya va sayyohlik agentliklari ishtirok etgani uning jahon turizmi sohasida nechog`lik ahamiyat kasb etishini ko`rsatib turibdi.

Mazkur tadbirda mamlakatimiz delegasiyasi ham muvaffaqiyatli qatnashib, yurtimizning ulkan sayyohlik salohiyatini butun dunyoga namoyish etishdi. Tashrifning muhim voqealaridan biri Xorazm viloyatidagi Xiva va Ispaniyaning Avila shaharlari o`rtasida birodarlashgan shaharlar to`g`risidagi kelishuvni imzolash uchun muzokaralar jarayoni boshlanishi bo`ldi.

— Xiva va Avila shaharlari o`rtasidagi juda ko`p o`xshash jihatlar e`tiborimizni tortdi, — deydi Xiva shahri hokimi Erkin Yaqubov. — Har ikkala shahar qal`a shaklida bo`lib, devorlar Xivada paxsadan, Avilada esa toshdan ko`tarilgan. Shahar-qal`aga kirish uchun Xivada 4 ta darvoza o`rnatilgan bo`lsa, Avilada ular soni 6 ta. Har ikkala shaharda qal`a ichkarisida hozirgi kunda ham aholi istiqomat qiladi. Avila 1985 yilda, Xiva esa 1989 yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritilgan. Avila shahri ma`muriyati bilan turizm sohasida o`zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator masalalarda kelishuvlarga erishdik. Kelgusida Xiva va Avila birodarlashgan shaharlar maqomini olishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1