AsosiyJamiyat

Davlat soliq qo`mitasi 3 nafar rahbar xodimni egallab turgan lavozimidan ozod etdi

O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasida davlat soliq xizmati organlari faoliyatining I chorak yakunlariga bag`ishlangan kengaytirilgan Hay`at yig`ilishi o`tkazildi.

Yig`ilishda Prezidentimizning 2014 yil 7 apreldagi “O`zbekiston Respublikasida investisiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq, davlat soliq xizmati organlarida amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2014 yil 11 martdagi 15a-sonli bayonida ko`rsatilgan aholi va tadbirkorlik sub`ektlari bilan ishlashda inson aralashuvini kamaytirish maqsadida ushbu jarayonlarga interaktiv xizmatlarni joriy etish, bu boradagi tadbirlarning samaradorligini ta`minlashda davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining javobgarligini oshirish yo`lidagi vazifalar ijrosi bo`yicha hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Joriy yil I choragi uchun belgilangan prognoz ko`rsatkichlarining ijrosi tanqidiy ko`rib chiqildi. Byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg`armalarga tushumlarni ta`minlashda kamchiliklarga yo`l qo`ygan Namangan, Samarqand, Sirdaryo va Andijon viloyatlari davlat soliq organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, ularning mazkur yo`nalishdagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi hamda II chorak prognoz ko`rsatkichlarini so`zsiz bajarishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi, deya xabar beradi DSQ axborot xizmati.

Shu bilan birga, soliq to`lovchi jismoniy shaxslardan 2013 yilgi jami yillik daromadlari to`g`risidagi deklarasiyalarni qabul qilish natijalari sarhisob qilinib, Farg`ona va Jizzax viloyatlarida bu boradagi tadbirlar to`liq yakunlanmagani uchun mutasaddi rahbarlarning mas`uliyati ko`rib chiqildi.

Davlat soliq xizmati organlarini halol, yuqori malakali xodimlar bilan jamlash, kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning bilim saviyasi va kasbiy mahoratini oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Yig`ilish ishtirokchilariga o`tgan davrda zimmasidagi vazifalarni vijdonan bajarmasdan, ta`magirlik kabi salbiy holatlar sodir etgan soliq xodimlari to`g`risida tayyorlangan maxsus videolavhalar namoyish etildi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrifi chog`ida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solish, shart-sharoitlarni yaxshilash borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish, ularning hududida faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish samaradorligini oshirish bo`yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Muhokamada markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, faoliyatida kamchiliklarga yo`l qo`ygan 3 nafar rahbar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 32 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo`llanildi. Bundan tashqari, davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Yig`ilishdan so`ng hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlari uchun amaliy seminarlar tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar guruhlarga bo`linib, Qibray, Yakkasaroy, Chilonzor tumanlari hamda Chirchiq shahrida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar rahbarlari, bosh hisobchilarining moliyaviy va soliq hisobotlarini elektron shaklda taqdim etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mazkur yo`nalishda ularga texnik va amaliy yordam ko`rsatish maqsadida tashkil etilgan “Axborot-resurs shoxobchalari” faoliyati, shuningdek, “Farhod” va “Eski jo`va” bozorlarida savdo madaniyatini oshirish, naqd pul tushumini ta`minlash borasidagi ish tajribasi bilan bevosita joyiga chiqib tanishdilar.

 

    Boshqa yangiliklar