1

Deputatlar davlat xaridlari to`g`risidagi qonun loyihasini ko`rib chiqdilar

Siyosat 25.01.2018, 20:55
Deputatlar davlat xaridlari to`g`risidagi qonun loyihasini ko`rib chiqdilar

25 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini sifat jihatidan isloh etish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo`lgan bir qator qonun loyihalarini ko`rib chiqdi, deb xabar beradi O`zA.

Jumladan, parlament a`zolari ikkinchi o`qishda «Davlat xaridlari to`g`risida»gi qonun loyihasini muhokama qildi. Loyiha davlat xaridlarini tartibga soluvchi hamda amaldagi mavjud qarama-qarshiliklarni va eskirgan normalarni bartaraf etishga qaratilgan to`g`ridan-to`g`ri ta`sir kuchiga ega yagona qonun hujjatini o`zida kasb etadi.

Qonun loyihasini maromiga etkazish jarayonida ekspert birlashmasi bilan maslahatlar olib borildi. Deputatlar tomonidan O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Bosh prokuratura, Axborot va kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi, biznes, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan birgalikda qonun loyihasi oxirgi tahriri ishlab chiqildi. Ushbu sohadagi xalqaro tajriba o`rganildi.

Majlisda ta`kidlanganidek, maromiga etkazish jarayonida qabul qilinayotgan qonunning amaliy ahamiyatini oshirishga alohida e`tibor qaratildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishga yo`naltirilganlik, davlat xaridlari bozorida tadbirkorlik sub`ektlarining halol raqobatli kurashi uchun sharoitlar yaratish, ushbu sohada davlat va jamoatchilik nazoratining ta`sirchan mexanizmlarini ta`minlash maqsadida davlat xaridlarini elektron shaklga o`tkazish loyiha qoidalarining muhim jihatlaridir.

Shundan so`ng «Davlat xaridlari to`g`risida»gi qonun qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga yuborildi.

Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1