O`zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e`lon qilindi.
Qarorda umumta`lim maktablari, kollejlar va oliy ta`lim muassasalari o`quv dasturlariga OIV infeksiyasi masalalarini kiritish ko`zda tutilgan.
Ushbu qarorni qabul qilish va amalga oshirish orqali kutilayotgan natijalar quyidagilardan iborat.
aholini OIV infeksiyasiga va yondosh kasalliklarga tekshiruvlar bilan qamrab olishni amalga oshirish orqali mamlakatda OIV infeksiyasi bo`yicha epidemiologik vaziyat barqarorlashuvini mustahkamlash;
OIV infeksiyasi diagnostikasi va davolash tadbirlari samaradorligini oshirish, OIV infeksiyali shaxslarda kasallik tashhisi tasdiqlanib, dispanser nazoratiga olingan vaqtdan boshlab maxsus davolash strategiyasini amalga oshirish maqsadida OIV infeksiyali shaxslarni retrovirusga qarshi terapiya bilan bosqichma-bosqich qamrab olishni davom ettirish;
OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish va Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining bu boradagi sertifikatiga ega bo`lish;
OIVga ixtiyoriy maslahat va tibbiy tekshiruvdan o`tish qamrovini oshirish va kasallik oldini olishning yangi uslublarini tatbiq etish, shu jumladan, olis hududlar va aholi gavjum joylarda ko`chma laboratoriyalardan foydalanish, OIV masalalari bo`yicha individual va konfidensial maslahatlar berish uchun “ishonch telefonlari”ni tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida OIV infeksiyasi mavzusini yoritishning zamonaviy yondashuvlaridan foydalanish, umumta`lim maktablari, kollejlar va oliy ta`lim muassasalari o`quv dasturlariga OIV infeksiyasi masalalarini kiritish;
fuqarolik jamiyati tashkilotlari, din vakillari etakchilarini OIV infeksiyasiga qarshi kurashish sohasidagi profilaktika tadbirlari, axloq-odob mezonlarini shakllantirish, xavfli xulq-atvor shakllanishining oldini olish, OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslarga nisbatan bag`rikenglik munosabatida bo`lish borasidagi axborot-ma`rifiy tadbirlarga jalb etish;
statistik ma`lumotlarning aniqligi va sifatli tayyorlanishi hamda tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun OITSga qarshi kurash xizmatida axborot almashinuvining tezligi va samaradorligini oshirish;
OIV infeksiyasi diagnostikasida va bemorlarni davolashda sifatli, arzon diagnostikumlar, test-sistemalar va reagentlar ta`minotining uzluksizligini ta`minlash;
davolanishga muhtoj OIV infeksiyali shaxslarni antiretrovirus terapiya bilan qamrab olish va ularning hayot sifatini yaxshilash;
davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida faoliyat ko`rsatayotgan tibbiyot xodimlarining OIV infeksiyasi masalalari bo`yicha malakasini oshirish;
aholining OIV infeksiyasi masalalari bo`yicha xabardorligini oshirish va ularda OIV infeksiyali shaxslarga nisbatan bag`rikenglik munosabatini shakllantirish.
Mazkur qarorning qabul qilinishi OIV infeksiyali shaxslarni erta aniqlash, kasallik boshqalarga yuqishining oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni tez amalga oshirish va bemorlarni samarali davolash hamda ularga zarur boshqa tibbiy xizmatlarni ko`rsatish bo`yicha yangi sifatli bosqich bo`lib xizmat qiladi va mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oldida OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo`yicha olgan majburiyatlari to`laqonli bajarilishini ta`minlaydi.
Qarorning to`liq matni O`zAda keltirilgan.