Suratda: Taklifa Karimova, Sanobar aya (I.Karimovning onasi), Mehriniso Karimova (I.Karimovning opasi). Arxiv
Islom Karimovning akasi — Quddus Karimovning rafiqasi, ayni paytda Samarqand shahridagi «Qo`shbaqqolli» mahalla fuqarolar yig`ini raisi bo`lib ishlayotgan Taklifa Karimova qaynog`asi haqidagi o`z xotiralarini quyidagicha bayon etgan:
— Men bo`lg`usi prezident oilasiga 1964 yilda kelin bo`lib tushganman. To`yning ertasi kuniyoq bu oilada o`zaro inoqlik, mehr, ilmga tashnalik benihoya yuqori ekanini anglaganman.
Islom Karimov oilada ettinchi farzand bo`lib, opasi Mehriniso hamda aka-ukalari bilan ahil-inoq yashar, ular bilan o`zaro ilmiy va aqliy tortishuvlar qilib turardi. Ayniqsa, turmush o`rtog`im Quddus Karimov bilan fan, sport, ta`lim-tarbiya, diniy va dunyoviy bilimlar borasida mudom bahslashardi.
O`sha paytlarda Islom Karimov Chkalov nomidagi Toshkent aviasiya ishlab chiqarish birlashmasida ishlar, Samarqandga har ikki-uch oyda kelib turardi. Har kelganida xo`jayinim bilan tarix, iqtisodiyot va astronomiya sohasida fikr almashardi, tonggacha bahslashishardi.
Bir safar «Dadasi, ukangiz yosh bo`lsa-da, kattalardek fikrlaydi, ong, tafakkur doirasi o`ta keng. Buning sababi nimada?», deb so`radim. «Kitobni sevishida, mutolaa qilish, o`qib-izlanishdan erinmaganligida», dedi va bir voqeani so`zlab berdi.
«Urush yillaridan keyin otamiz Abdug`ani aka Ishtixon tumanidagi «zagotkontora» (o`sha vaqtda shunday nomlangan)ga ishga o`tdi va shu sababli Islom Mitan shaharchasidagi maktab-internatda tahsil oldi.
To`rtinchi sinfda o`qib yurganida 2-sinf o`qituvchisi qattiq betob bo`lib qoladi va uch-to`rt oy maktabga kela olmasligi oydinlashadi. Shunda maktab-internat direktori 4-sinf o`quvchisi — ukam Islomga ishonch bilan o`sha sinf o`quvchilarini o`qitib turishni topshiradi. Yosh Islom bu ishonchni oqilona uddalash uchun kechalari uxlamay o`qiydi, o`z ustida ishlaydi. Natijada uch oy davomida o`quvchilarni o`qituvchidan kam bo`lmay o`qitadi. Uning bu salohiyati nafaqat maktabda, balki tumanda alohida e`tirof etiladi».
Islom Karimov ana shunday chuqur bilim, iste`dod va iqtidor egasi edi. Buni men yaqin odami, qarindoshi sifatida ellik yillik o`zaro munosabatlarimiz davomida teran anglaganman.
Samarqand shahridagi “Dahbediy” mahallasida yashovchi Abdulla ota Dadajonov I.Karimovni shunday xotirlaydi:
— Islom Karimov bilan bir mahallada yashaganimdan doim qalbimda cheksiz iftixor tuyib yurganman.
Mahallamiz ahli foydalanadigan katta, ko`rkam va tiniq hovuz Islom Karimov yashaydigan xonadon qarshisida edi. Bu erdagi bir tup tut va o`rik daraxti hovuzga ertadan kechgacha salqinlik berib, suvning mo``tadilligi va muzday bo`lishini ta`minlardi.
Islomning bolaligi ana shu hovuz atrofida do`stlari bilan turli o`yinlar o`ynash, kitob o`qish, dars qilish, varrak va samolyot yasash bilan o`tgan.
Kechagiday ko`zim oldida, ertalab hovuzdan suv olishga kelsam, Islom tut soyasiga ko`rpacha tashlab, dars qilib o`tirgan bo`lardi. Qo`lidan doim kitob tushmasdi. Men akasi Ikrom bilan do`st edim. Uyiga ko`p borardim, dadasi Abdug`ani aka o`ta oqil, zukko, samimiy inson edi. Shuning uchun biz, bolalar bilan erinmay suhbatlashar, orzu-umidlarimiz, shu kunlarda qilayotgan ishlarimiz haqida so`rar, zarur maslahatlar berardi. «Shaxmat, shashka kishi aqlini charxlaydi, bo`sh vaqtlaringni behuda o`tkazmay, jilla qursa, bir-bir yarim soat shaxmat yo shashka o`ynanglar», derdi. Ko`pincha birgalashib shashkaning «Burchak» deb ataladigan turini o`ynardik. Islom shaxmatni ham, bu o`yinni ham mohirona o`ynar, hammamizni yutardi. Ammo vaqtni juda qadrlar va darhol yana dars qilishga sho`ng`ib ketardi.