Belgiyaning Antverpen provinsiyasi Savdo-sanoat palatasida O`zbekiston savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatining taqdimoti bo`lib o`tdi. U mamlakatimizning Belgiyadagi diplomatiya missiyasi tomonidan tashkil etildi, deya xabar beradi “Jahon” AA.
Antverpen - Belgiyaning besh provinsiyalaridan biri bo`lib, u Shelda daryosi oqimi orqali Shimoliy dengizga tutashadi. Provinsiya poytaxti ham Antverpendir. U Belgiyaning Bryusseldan keyin turadigan ikkinchi shahri va Flandriyadagi eng yirik shahar sanaladi. Antverpenning dengiz porti dunyodagi eng yirik o`ntalikka kiradi. Provinsiyada mashinasozlik, atom energetikasi, neft-kimyo va dori-darmon ishlab chiqarish singari sohalarning etakchi sanoat markazlari joylashgan. Shu bilan birga, Antverpen yirik ta`lim markazi hamdir. U erda universitet va bir necha oliy maktablar faoliyat ko`rsatmoqda.
Ushbu provinsiya kompaniyalari faoliyatining o`ziga xos jihatlaridan biri shundaki, shahar Evropada kattaligi bo`yicha ikkinchi o`rinda turuvchi dengiz porti va dunyodagi etakchi logistika nuqtalaridan biriga ega bo`lib, bu erdagi ko`pgina korxonalar logistika xizmatlari ko`rsatish va transportda yuk tashish jabhalariga ixtisoslashgan.
Taqdimot chog`ida Antverpen Savdo-sanoat palatasiga a`zo kompaniyalar vakillariga O`zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda yurtimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit to`g`risidagi batafsil axborotlar taqdim etildi. Shuningdek, ular mamlakatimizdagi maxsus industrial hududlar va ularning imkoniyatlari, Belgiya korxonalari ishtirok etishi mumkin bo`lgan investision loyihalar borasida ham zarur ma`lumotlarga ega bo`ldilar.
Tadbir doirasida mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlari, iqtisodiyotni diversifikasiyalash bo`yicha hayotga tadbiq etilayotgan chora-tadbirlar hamda qonunchilikdagi xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni rag`batlantirishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar haqidagi axborotlar ham taqdim etildi.
Taqdimot chog`ida alohida ta`kidlanganidek, respublikaning ulkan salohiyati, uning boy mineral, xom-ashyo va yoqilg`i-energetika resurslari, yuqori malakali mutaxassislari, qulay jo`g`rofiy joylashuvi mamlakatning jadal iqtisodiy taraqqiyoti va xorijiy sheriklar bilan faol hamkorlik aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Tadbir chog`i uning ishtirokchilariga yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohada erishgan muvaffaqiyatlari, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqidagi maxsus materiallar taqdim etilgani barobarida O`zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotiga bag`ishlangan hujjatli film ham namoyish etildi.
Belgiyalik ishbilarmonlar O`zbekiston bilan sarmoyaviy hamkorlik aloqalarini o`rnatish yuzasidan katta qiziqish bildirdilar.
21.04.2014 14:51





