Poytaxtimizdagi «Botanika» bog`ida Navro`z umumxalq bayramiga bag`ishlangan ommaviy sayl va ekologik festival bo`lib o`tdi. Tadbir Toshkent shahar hokimligi, O`zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, Badiiy akademiya, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
«Botanika» bog`idagi ommaviy sayl doirasida o`tkazilgan milliy liboslar festivali, hunarmandlik, oilaviy va xususiy tadbirkorlar mahsulotlari ko`rgazmasida bu an`analar izchil davom etayotgani va zamonaviy jihatlar uyg`unlashtirilgan holda rivojlanib borayotgani yaqqol namoyon bo`ldi, deya xabar beradi O`zA.
Milliy qadriyatlarimizni munosib davom ettirishga qaratilayotgan ulkan e`tibor tufayli oilaviy tadbirkorlik va xususiy biznes izchil rivojlanmoqda.
Mazkur ommaviy sayl va ekologik festivalning «Botanika» bog`ida o`tkazilishi bejiz emas. Zero, Navro`z insoniyatni tabiat bilan uyg`un yashashga, er, suv, o`simlik va hayvonot olamini asrashga da`vat etuvchi milliy bayramimizdir. Tadbir doirasida «Botanika» bog`i – bolalar nigohida» mavzusidagi rasmlar ko`rgazmasi, o`quvchi-yoshlar o`rtasidagi intellektual o`yinlar, viktorinalar, rassomlik bo`yicha mahorat saboqlari kabi tadbirlarda mutaxassislar va o`qituvchilar tomonidan yoshlarga barqaror rivojlanishga erishishda tabiatdan oqilona foydalanishning ahamiyati xususida bilim va tushunchalar berildi. Dillarga bahoriy kayfiyat ulashuvchi gul saylida yurtimizda etishtiriladigan turfa gullarni ekish, parvarishlash usullari haqida mutaxassislar atroflicha ma`lumot berdi.
San`atkorlarning konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.





