1

Nikohni parchalovchi muloqotning 3 turi

Hidoyat sari 27.01.2018, 02:06
Nikohni parchalovchi muloqotning 3 turi

Nikoh muqaddas tushuncha. U jamiyatning kichik, biroq o`ta muhim birligi. Mustahkam nikoh rishtasi, oilalar baxtiyorligi demakdir. Oilalar saodati esa jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Biroq odamlarning hammasi ham oilada baxt-iqbol topavermaydi. Eru xotinning bir-birini tushunmasligi, sabr-toqat etishmasligi, shar`iy qoidalardan bexabarlik ko`pincha oilalarning parchalanib ketishiga olib keladi.

Ulamolarning aytishicha, oilaning mustahkamligi er-xotinning kundalik o`zaro muloqotiga bog`liq. Bunda shunday holatlar borki, bora-bora o`shalar oilani emiradi, parokanda qiladi. Mutaxassislar nikohga raxna soluvchi asosiy xavfni 3 turga bo`ladi.

1. Tanqid

Tanqidning tanqidi farqi bor. Kamchiliklarni to`g`ridan-to`g`ri yuziga solib, o`sha nuqsonlar bilan ayblash, harakteridagi qusurlar bilan doimiy kamsitish eru xotin munosabatlariga sovuqchilik soladi. Biri-biridan bezdiradi.

Turmush o`rtog`ingizni doim kamchiliklari uchun tanqid qilaversangiz, u o`zini aybdor his qila boshlaydi. O`ziga va shu bilan birga sizga bo`lgan ishonchi ham kamayib boradi. Oilaning mustahkamligini istasangiz, ayolingizning eng yaxshi hislatlarini ko`proq e`tirof qilib, uni qo`llab-quvvatlab turing. Kamchiliklarini maslahatlar va tushuntirishlar bilan bartaraf qilishga ko`maklashing. Qattiq jaxlingizni chiqargan holatda ham imkon qadar sovuqqonlikka intiling. Bu bilan siz turmush o`rtog`ingizga ham “ko`zgu” bo`lasiz.

2. Hurmatsizlik va mensimaslik

Siz turmush o`rtog`ingizni to`xtovsiz haqorat qilsangiz, yomon so`zlar bilan so`ksangiz, zarracha hurmat qilmasangiz, bilib qo`ying-ki, bu bilan hech nimaga erisha olmaysiz. Munosabatlardagi dag`allik va qo`pollik oiladagi parokandalikkacha olib borishi mumkin. Zero, inson o`zining eng yaqin odamlaridan qo`pollik kutmaydi va bu sodir bo`lganda yurakka og`ir botadi. Shu bois, har doim o`z turmush o`rtog`ingizga, farzandlaringiz onasiga xurmat bilan muomalada bo`ling. Erga urish, kamsitish va haqoratlardan butkul yiroq bo`ling. Unutmangki, hech qachon bunday uslub bilan muammolarni hal etib bo`lmaydi, obro`ga ham erishilmaydi.

3. Himoya mexanizmi

Biror muammo tug`ilsa, darrov turmush o`rtog`ingizni ayblashga tushasiz, doim jabrdiyda bo`lasiz. O`zingizni oqlashga, barchasi uchun uni aybdor qilishga sabab qidirasiz. Himoya tomoniga o`tib olasiz. Muammodan siz jabr ko`rsatgandek qilib ko`rsatasiz. Qarabsizki, oilada o`zaro ishonch, bir-birini qo`llab-quvvatlash degan tushunchalar barham topadi. Xo`sh, bu bilan oila mustahkamligini ta`minlab, to`kin baxtga erishib bo`ladimi? Albatta, yo`q. Shuning uchun ma`lum muammolar paydo bo`lganda asosiy aybdorni qidirishga oshiqmang. Birinchi navbatda muammoni bartaraf etish yo`llarini izlang va bu jarayonda turmush o`rtog`ingizga ham maslahat soling.

Azizlar, nikoh rishtalarini uzuvchi bu kabi holatlarni yana ko`plab keltirish mumkin. Biroq aksar oqibatlarni yuqorida keltirilgan asosiy xatolar keltirib chiqaradi. Unutmang, oila ham bir imorat. Uning poydevorini eru xotin birgalikda ko`taradi. Avval boshda poydevor nosoz bo`lsa yoki to`g`ri qo`yilmasa, oila qo`rg`oni bir umr qulash xavfi ostida qoladi.

Muslim Mirzajonov tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1