Avval xabar qilinganidek, Xitoyda 23 yoshgacha bo`lgan futbolchilar o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionati finalida O`zbekiston yoshlar terma jamoasi vetnamlik tengdoshlari ustidan 2:1 hisobida g`alaba qozonib, chempionlikni qo`lga kiritdi.
Yosh futbolchilarimizning yuksak g`alabasi yurtdoshlarimizga ulkan quvonch va shodlik baxsh etganini, ularning qalbida faxr-iftixor tuyg`ularini jo`sh urdirib yuborganini his etish qiyin emas. Butun xalqimiz bu g`alabani katta hayajon, zavq va xursandchilik bilan qarshi oldi.
Bu unutilmas voqelikka xalqimizning munosabatini, samimiyatga, g`ururga to`la dil so`zlarini ko`cha-ko`yda, ijtimoiy tarmoqlarda ko`rib, kuzatyapmiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Osiyo chempionatida ulkan g`alabaga erishgan yosh futbolchilarimizga o`zining samimiy tabrigini yo`llab, ularning qo`lga kiritgan natijasiga quyidagicha ta`rif berdi:
“Sizlar qo`lga kiritgan mislsiz bu g`alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag`ishlab, O`zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko`rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo`shadi.
El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o`g`lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi”.
Shuningdek, yosh futbolchilarimizning bu tarixiy yutug`i xalqaro jamoatchilikda ham katta qiziqish, hayrat va olqishlar bilan kutib olindi.
Turli ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida Xitoyda sovuq va qorli ob-havo sharoitida o`tkazilgan Osiyo chempionati final uchrashuvi va unda O`zbekiston yoshlar terma jamoasining qayd etgan natijasiga ko`plab xorijlik muxlisu mutaxassislar, futbolning ashaddiy ishqibozlari qizg`in muhokama qilib, o`z fikr-mulohazalarini qoldirmoqda.
Jumladan, Youtube kanaliga joylashtirilgan videoga yo`llangan qator fikrlar buning dalilidir.
Ularning ba`zilarini sizlarga ham ilindik.
money wave:
"O`zbekiston buyuk terma jamoa, Vetnam ham ajoyib, ular katta tarix yaratdi, ikki terma jamoaga ham cheksiz hurmatimizni izhor etamiz, ajoyib o`yin uchun katta rahmat! Janubiy Koreyadan"
Rd Zhang:
"Uchrashuvda O`zbekiston terma jamoasi ustunlik qildi. Vetnamliklar xafa bo`lmasa ham bo`ladi. Ularning finalgacha etib borgani ham katta muvaffaqiyat"
Fajri Reynaldo:
"O`zbekistonni tabriklayman, sizlar g`alabaga munosibsizlar"
Lưu Sơn Tùng:
"O`zbekiston, g`alaba muborak bo`lsin! Siz bunga loyiqsiz. Vetnamliklar ham xafa emas, ular ham xursand"
Hoan Thanh:
"O`zbekistonni tabriklaymiz. Vetnam terma jamoasi uchun mag`lubiyat ham yaxshilikka, chunki endi jahon chempionatiga qatnashish uchun ko`proq mashq qilamiz"
Patrick Chak:
"Bu mag`lubiyat ularga (vetnamliklarga) katta saboq bo`ldi. Sizlar har doim ham penaltidan g`alaba qozonavermaysizlar"
Hoàng Nguyễn:
"O`zbekistonni tabriklayman! Men Venamdanman. Har ikki jamoa ham juda ajoyib. Men o`z jamoam bilan faxrlanaman, ular afsona yaratdi. Vetnam jamoasiga rahmat. Ular juda yaxshi o`yin ko`rsatdi, umid qilamanki, har ikki jamoa ham keyingi jahon chempionatida ishtirok etadi"
Tom Vo:
"O`zbekistonni Vetnam nomidan tabriklayman, sizlar g`alabaga loyiqsizlar!"
()





