AsosiyJamiyat

Janubiy Koreyaning Inha universitetiga kirish shartlari ma`lum bo`ldi

Bugun aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari Davlat qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida Toshkentda tashkil etilayotgan Janubiy Koreyaning Inha universitetiga kirish shartlari bilan tanishtirildi.

Kirish uchun nima kerak?

Dastavval abiturientlar 7 maydan 20 iyunga qadar universitetning rasmiy saytida ro`yhatdan o`tishlari kerak bo`ladi. Bundan tashqari oliy o`quv yurtga kirish uchun ingliz tilidan minimal 5 balli IELTS sertifikati bo`lishi shart.

Onlayn ro`yhatdan o`tgandan so`ng, abiturientlar 6 dan 20 iyunga qadar qabul komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

- ariza (Application Form);

- IELTS tizimi bo`yicha sertifikat nusxasi;

- o`rta, o`rta maxsus yoki oliy ma`lumot to`g`risida hujjat nusxasi va asli;

- 3x4 hajmdagi 6 ta fotosurat;

- tibbiy ma`lumotnoma (086 shaklda);

- harbiy guvohnoma nusxasi (yigitlar uchun);

- pasport nusxasi.

Abiturientlarga qulaylik yaratish maqsadida qabul komissiya tomonidan 9.00 dan 18.00 gacha ishlaydigan ma`lumot telefonlarini tashkil qilinadi. Hozirda universitet binosi rekonstruksiyada bo`lganligi sababli qabul komissiyasi Turin politexnika universitetining akademik lisey binosida ishlaydi: Toshkent sh., Umid ko`ch.,1a.

Imtihonlar

Universitetga kirish uchun abiturientlar 6 iyul kuni matematika va fizikadan yozma imtihon, shuningdek 27 iyul kuni ingliz tilidan og`zaki imtihon topshirishadi (intervyu). Kirish imtihoni javoblari 8 avgust kuni e`lon qilinadi.

Kirish imtihoni savollari O`zbekiston respublikasi umumta`lim maktab va o`rta maxsus ta`lim muassasalarining dasturidan olinadi.

Ta`lim

Inhaning Toshkent filialiga tanlov asosida o`rta maktab, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarini a`lo baholarga tamomlaganlar qabul qilinadi.

Qabul komissiya dekani Jung Xo Kimning ta`kidlashicha, birinchi yili Inha uch yo`nalishda 150 nafar talab qabul qiladi: kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring hamda kompyuter tizimi injiniringi.

Universitetda o`qish muddati 4 yil. OO`Yu bitiruvchilariga O`zbekistonda tan olinadigan Inhaning namunali diplomi topshiriladi. 2014/2015 o`quv yili uchun birinchi mashg`ulotlari 1 oktyabr kuni boshlanadi. 

To`lov

Universitetda grant va to`lov shartnoma asosida ta`lim olish mumkin. Grant beruvchilar sifatida O`zbekistonning yirik xususiy va davlat kompaniyalari ishtirok etishadi: «O`zbekneftgaz», «O`zbektelekom», «O`zbekenergo», «O`zbekiston havo yo`llari» shular jumlasidandir. Aloqa qo`mitasi raisi o`rinbosari Sherzod Shermatovning Podrobno.uz nashriga bergan ma`lumotlariga ko`ra, ana shunday grant beruvchilardan 10 tasi bilan hozirda shartnoma imzolangan, ularning zimmalarida hech bo`lmasa bir nafar talabaga grant ajratish talabi qo`yilgan, grant olgan talaba bitirganidan so`ng homiy kompaniya xodimi sifatida ishlab beradi. Byudjet asosida o`qiydigan talabalar koreyaliklar tomonidan kirish imtixonlari natijasida aniqlanadi. 

Qo`mita vakillarining so`zlariga ko`ra, shartnoma summasi chamasi 5 ming AQSh dollari qiymatida belgilangan bo`lib, u Markaziy bankning to`lov amalga oshirilgan kundagi kursi bo`yicha amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar