Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida O`zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi hamda Ispaniya Qirolligi Tashqi ishlar va hamkorlik vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, yoqilg`i-energetika, qurilish, mashinasozlik, qishloq va suv xo`jaligi, oziq-ovqat, kimyo, sog`liqni saqlash, farmasevtika, geologiya va mineral resurslar, transport va transport kommunikasiyalari, aloqa va axborot texnologiyalari, elektrotexnika kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vaziri Elyor G`aniev, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Xose Manuel Garsia-Margalo mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotganini ta`kidladi. Ushbu forum o`zaro savdo, iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi qayd etildi.
O`zbekiston bilan Ispaniya o`rtasidagi iqtisodiy aloqalar jadal taraqqiy etmoqda. “O`zbekiston temir yo`llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi, “O`zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan “Maxam” kompaniyasi, “O`zbekturizm” milliy kompaniyasi bilan Ispaniya Qirolligi Sanoat, sayyohlik va savdo vazirligi o`rtasida yaqin hamkorlik aloqalari o`rnatilgan bo`lib, ushbu sohalarda qator qo`shma loyihalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Iqtisodiy sohada O`zbekiston bilan Ispaniya o`rtasida eng ko`p qulaylik yaratish tartibi amal qiladi. Mamlakatimizda “Hispantex” (to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish), “Maxam-Chirchiq” va “Maxam Uzbekistan” (kimyo sanoati), “Balkan Eksport Import Asia” (qurilish materiallari ishlab chiqarish) kabi ko`plab qo`shma korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Forumda ispaniyalik ishbilarmonlar O`zbekistonda sanoat va kichik biznesni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususiylashtirish jarayonlari, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar bilan atroflicha tanishtirildi.
Mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Savdo, iqtisodiyot, sarmoya, neft-gaz, temir yo`l, energetika, kimyo, oziq-ovqat, farmasevtika kabi sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, Ispaniya kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga jalb etish, qo`shma korxonalarni, o`zaro tovar ayirboshlash hajmini ko`paytirish masalalari muhokama qilindi.
Biznes-forum yakunida ikki mamlakat o`rtasida savdo, sarmoya, farmasevtika, temir yo`l qurilishi, mashinasozlik kabi sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid hujjatlar imzolandi.
O`zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Ispaniya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperasion birja bo`lib o`tdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmonlari birgalikda ko`plab sohalarda o`zaro manfaatli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan fikrlashib oldi.





