AsosiyJamiyat

Islom Abdug`anievich Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan suhbat

' Islom Abdug`anievich Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan suhbat'ning rasmi

Savol: Hurmatli Tatyana Akbarovna! Shu kunlarda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov tavalludining 80 yilligi nishonlanmoqda. U kishini Yurtboshimiz sifatida yaxshi taniymiz. Birinchi Prezidentimiz kundalik hayotda, oila davrasida qanday bo`lganlari ham o`quvchilarimizni qiziqtirishi tabiiy. Biz Islom Abdug`anievichni irodali, sobitqadam, qat`iyatli, jasur, yuksak obro` qozongan inson deb bilamiz. Bunday fazilatlar qanday shakllangan? U kishining bolalik yillari haqida Sizga nimalar ma`lum?

Tatyana Karimova: Haqiqatan ham, Islom Abdug`anievichning butun hayot yo`llari Siz sanagan xislatlar haqida shahodat beradi. Nimagaki erishgan bo`lsalar, bari o`sha xislatlari tufaylidir. Islom Abdug`anievichning bolaligi urush va urushdan keyingi og`ir damlarga to`g`ri keldi. Kichiklikdayoq peshona teri bilan non topish nima ekanini bildilar. Urushdan keyin barcha mashaqqatli hayot kechirgani ma`lum. Ularning ham oilalari ehtiyojmand edi. Samarqandning eski shahar qismida yashagan oddiy oila. Islom Abdug`anievich maktabga chiqqan kezlari rus tilini bilmas edilar, ammo bukilmas iroda, qat`iyat va sobitqadamlik bois maktabni oltin medalga bitirdilar. U kishi yozgan insholar namuna o`laroq butun sinfga o`qib berilgan ekan. Keyinroq sinfdoshlari tan olishicha, Islom Abdug`anievichning insholaridan oliy o`quv yurtiga kirish imtihonida “shpargalka” sifatida foydalanishgan. Shu tariqa oddiy oilada voyaga etgan yigit maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, taqdiriga peshvoz chiqmoq uchun safarga otlandi. O`sha kezlar oltin medal va olam-olam orzular u kishining bor-yo`q bisoti edi. Taqdir hukmi bilan kindik qoni to`kilgan ona zaminga mustaqil O`zbekistonning Birinchi Prezidenti bo`lib manguga qaytdilar.

Sinfdoshlaridan biri Islom Abdug`anievichning shaxsiy maslagini yorqin namoyon etuvchi, maktab yillariga doir bir voqeani xotirlagan edi. Yozgi meva yig`im-terimi payti yoshi ulug` bir kishi bolalardan kelajakda kim bo`lishlari haqida so`raydi. Ko`pchilik uchuvchi, tokar kabi kasblarni egallash istagini bildiradi. Islom Abdug`anievichning javobi esa bolalarni ham, kattalarni ham hayron qoldiradi: “Men Amir Temurga o`xshasam deyman!”

Maktab yillaridanoq Maksim Gorkiy hikoyasi personaji – o`z jonidan kechgan, yuragini mash`al kabi yoqib xalqni qutqarib qolgan Danko eng sevimli adabiy qahramonlari bo`lgan.Uning “Otash kabi yonib, o`zgalar yo`lini yorit!” degan shiori yosh Islom Abdug`anievichning yuraklarida muhrlanib qolgan. Bu keyinroq Prezidentning hayotiy maslagiga aylandi.

Savol: Sizlar qanday tanishgansizlar? Bo`lajak turmush o`rtog`ingiz qalbingizni qanday zabt etganlar?

Tatyana Karimova: Islom Abdug`anievich bilan 1970 yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o`qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G`anievichning uyida bo`lgan. Ibod G`anievichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G`anievich oqko`ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edilar.

Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o`tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so`ng endigina ketishga taraddud ko`rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G`anievichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug`anievich edilar. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. O`shanda opam yo`ldan kelgan mehmon qo`lini yuvishi uchun ko`zadan suv quyib berishimni so`radilar. Keyin oila davrasida yana bir necha bor uchrashdik.

Kechagidek yodimda, martning ettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko`klamning xush iforga to`la iliq havosi. Shig`alab yog`ib o`tgan yomg`irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go`zal bo`lib ketgan. Ko`lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko`ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to`lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so`rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham kalaolmaganim rost. Chiqib ko`rdimki, meni yo`qlab kelgan odam Islom Abdug`anievich ekanlar.

Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdilar. Biz ilk bor yolg`iz o`zimiz ko`rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o`qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug`anievich to`xtab, hech kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?” deb so`radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to`liq anglab, baholab bo`lmasdan, qalb va yurak “ha” deya javob berib bo`lgan edi. Ko`ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo`ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat`iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo`lsam kerak… Men “ha” deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo`g`i bir necha qisqa uchrashuv…

Islom Abdug`anievich aprelda ota-onamdan qo`limni so`ragani Quvasoyga bordilar. To`yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo`lib o`tdi.

Savol: Islom Abdug`anievich bilan ko`p yillar birga hayot kechirdingiz. Kundalik hayotingiz qanday kechardi, qanday qiyinchiliklar bo`lardi?

Tatyana Karimova: To`ydan keyin Toshkentdagi ikki xonali kvartirada juda oddiy hayot kechira boshladik. Bu kvartirani Islom Abdug`anievich Davlat plan komiteti raisining yordamchisi bo`lgan kezlarda olganlar. Tinch-totuv yashaganmiz, maoshimiz uncha katta bo`lmagani bois ta`mir ishlarini o`zimiz qilganmiz. Bo`yoq olib kelib, o`zimiz xona oqlaganmiz, eshik bo`yaganmiz, polni loklaganmiz, balkon derazasiga oyna solganmiz. Hech qachon ta`mir ishidan qochmaganmiz. Odatda, Islom Abdug`anievich uydagi ta`mir yumushlarini o`zlari qilardilar. Barcha ishlari baroridan kelar edi. Sirasini aytganda, u kishi barini o`z qo`llari bilan qilishni yaxshi ko`rardilar. Kerak paytda qidirib qolmasdik,turli asboblar solingan butun boshli jomadonim bo`lardi. Parma, bo`yoq cho`tkasi, qisqich, ombur, buragich, bolg`a va boshqa birtalay asboblar zarur paytda asqotardi.

Bir gal Islom Abdug`anievich pol bo`yayotib lok hididan qattiq zaharlandilar. Kuchli astma xuruji boshlandi, lekin “tez yordam” chaqirishga izn bermadilar. Tuni bilan sut ichirdim. O`sha voqeadan keyin bo`yoq hidini xushlamaydigan bo`lib qoldilar.

Islom Abdug`anievich shanba va yakshanba kunlari odatda soat 4 ga qadar ishlardilar, keyin zarur bo`lsa birgalikda oqlash va bo`yash yumushlarini qilardik.

Islom Abdug`anievich qanday lavozimda ishlamasinlar, hech qachon xizmat vazifasidan foydalanmaganlari, vakolatlarini suiiste`mol qilmaganlariga guvohman. U kishidan pastroq darajadagi mansabdorlar ham boshqacha yashar va shu bois gohida umr yo`ldoshimning ustlaridan kulishar edi. Ammo bu – Islom Abdug`anievichning qat`iy pozisiyasi edi.

Hatto davlat bog`-hovlisida yashaganimizda ham avvalgidek aksar ishlarni o`zlari qilishni afzal bilardilar. Masalan, kechqurun ishdan keyin devorga kartina osish yoki mebel o`rnini o`zgartirish fikri tug`ilib qolardi. Garchi men e`tiroz bildirib, bu ishni ertasi kuni xizmatchilar bilan qilishlarini so`rasam-da, Islom Abdug`anievich kutib o`tirmay o`zlari ishga kirishib ketardilar.

Savol: Birinchi Prezidentimiz hayotiga doir biz bilmagan yana qanday jihatlar bor?

Tatyana Karimova: Faqat yaqinlari ko`ra olgan jihatlar xususida ham so`zlab bersam. Islom Abdug`anievich gul sovg`a qilishni xush ko`rar edilar. Oila qurganimizning dastlabki kezlarida ham, keyinchalik Prezident bo`lganlaridan so`ng ham bundan bir olam zavq olardilar. Bog`-hovlida sayr qilib yurganimizda Islom Abdug`anievich hamisha biror gullagan novda yoki chechak topib, menga tuhfa etar edilar. Bu xotiralarni qalbim to`rida saqlayman…

Dam olish kunlari tennis kortidagi mashg`ulotlardan keyin sheriklar bilan bog`-hovlida sayr qilib yurgan paytlarimiz ham bo`lardi. Gohida Islom Abdug`anievich sheriklari uyga borganda o`z rafiqalariga sovg`a qilishlari uchun xushbo`y shumurtdan yoki o`zlari sevgan rayhondan guldasta qilib berardilar.

Hamisha odamlar ko`ngliga yorug`lik ulashishni istardilar.

Islom Abdug`anievich qo`li ochiq inson edilar. Umuman, sovg`a ulashishni yoqtirardilar. Uyimizda hamisha ko`plab suvenirlar bo`lar edi. Biznikiga mehmon kelib, kuzatayotganimizda qo`llariga tushgan buyumni hadya qilib yuborardilar. Men olib qolishni istagan buyumni sovg`a qilib yuborsalar, ranjigan paytlarim ham bo`lgan. Islom Abdug`anievich istaganlarini tuhfa etib yuborishlari mumkin edi. Muhimi – sovg`a mehmonga yoqsa bas. Bundan esa bir olam mamnuniyat tuyardilar.

Talabchan, ammo adolatli inson edilar. O`zlariga ham, atrofdagilarga ham talabchan edilar. U kishining hayot tarzini, ta`bir joiz bo`lsa, zohidona deb sifatlash mumkin. Taom tanovul qilishda qanoatli bo`lib, aslo me`yordan oshmas edilar. Butun umr sportga oshno yashadilar. Hamisha yaxshi sport formasida bo`lishga intilganlar. Yoshliklarida kurash bilan shug`ullanganlar. Hayotlarining so`nggi kunlariga qadar mashq zaliga borishni kanda qilmaganlar. Qolaversa, suzish va tennis bilan shug`ullanganlar.

Odatda, yillik mehnat ta`tillari bir haftadan oshmasdi, shunda ham bu yil bo`yi olinadigan ikki-uch kunlik qisqa tanaffuslar edi.

Biz o`sha kezlar toqqa, Toshkent yaqinidagi Qaynarsoy maskaniga chiqardik. U kishi mahalliy manzaralarni yaxshi ko`rar, yurtimiz tabiati go`zalligini benazir deb hisoblar edilar.

Shifokorlarga murojaat qilishni xush ko`rmas edilar va u kishini biror tibbiy ko`rikka borish uchun ko`ndirishim oson bo`lmas edi. Butun fikru xayollari ish bilan band bo`lardi.

Islom Abdug`anievich tabiatni yaxshi ko`rar, borliqni tinglay olar, his qila bilar edilar. Bu zavqni o`zlari his etib qolmay, yon-atrofidagilar ham undan bahra olishini istardilar. Hatto bunday his-tuyg`ulardan yiroq odamlar ham vaqt o`tishi bilan, qaerda bo`lmasin, bog`-hovlidami, tog`dami – tabiatdagi o`zgarishlarni kuzatish, undan hayrat tuyishni o`rgandi. Ayniqsa, gullagan daraxtni ko`rganida Islom Abdug`anievichning kayfiyatlari ko`tarilardi. U kishi uchun oppoq paxta kabi qiyg`os gullaydigan gilos va olchadan chiroylisi yo`q edi. Daraxtlar ko`klamda ilk barg chiqarganini ko`rganda xursand bo`lib ketar, kuzda arg`uvon tusga kirganida esa hayratga cho`mar edilar.

Bir gal biznikiga ikkita laylak qishlagani keldi, keyinroq ular soni etmish-saksonga etdi. Laylaklar nozikta`b emasmi, Islom Abdug`anievich avvalo o`zlari qushlarga ehtiyotkor munosabatda bo`lar va boshqalardan ham shuni talab qilar edilar. Deylik, birov laylaklar yoniga borib ularni qo`rqitsa, qattiq ranjir edilar. Axir, ular o`ta sezgir va nafis mavjudotlar-da. Kechki qorong`i osmonda oppoq laylaklarning parvozi hayratomuz manzara edi, albatta.

Islom Abdug`anievich uchun oppoq qushlar tinchlik, ezgulik, baxtu saodat va osoyishtalik timsoli edi. Nafaqat o`zlari, balki butun mamlakat uchun laylaklar o`ziga xos ramzga aylangani bejiz emas. Bu keyingi yillarda bunyod etilgan me`moriy obidalarda ham aks etgan. Mamlakatning bosh maydoni kiraverishidagi “Ezgulik” arkasini ko`rib, bunga amin bo`lish mumkin.

Savol: Birinchi Prezidentimiz qanday ota, qanday bobo bo`lganlari haqida ham so`zlab bersangiz.

Tatyana Karimova: Islom Abdug`anievich qorni, alalxusus, birinchi qorni juda yaxshi ko`rardilar. Qorda farzandlar, keyinroq nabiralar bilan sayr qilish uchun hamisha vaqt topishga intilardilar. Islom Abdug`anievich bolalarni suzish, qo`rqmay suvga sho`ng`ish, velosiped minishga o`rgatdilar.

Kenja qizimiz Lola kichkinaligida uni chanada uchirish va qorbobo yasash uchun ko`chaga olib chiqar edilar. Kuzda daraxt barglarini to`plashardi, o`sha gerbariylar hozirgacha saqlanadi. Yakshanba kunlari esa ular bog`-hovlida velosipedda uchishardi.

Keyinroq Islom Abdug`anievich bog`-hovli hududida o`shanday tuganmas zavq ila nabiralar bilan sayr qildilar, ularga ham suzish, velosiped minish va tabiat go`zalligini his etishni o`rgatdilar. Bolalar skeytbord va rolikda uchayotganini tomosha qilishni yaxshi ko`rardilar. Ularning abjirligidan hayratga tushardilar, bu boradagina oddiy kuzatuvchi edilar.

Islom Abdug`anievich Prezidentlikka kirishganlaridan keyin yanada band bo`ldilar va shu bois biror erga borishga vaqt ham bo`lmas edi. Umr yo`ldoshim ishga yanada ko`proq diqqat-e`tibor qaratgan edilar va oila uchun yanada kamroq vaqt qolgan edi.

Taqdir menga butun umr Islom Abdug`anievichga xizmat qilishni nasib etdi. Men turmush o`rtog`im ishlashi uchun, ayniqsa, Prezident bo`lganlaridan keyin imkon qadar kerakli shart-sharoit yaratishga intildim. Negaki, Islom Abdug`anievich uchun ish juda ham muhim ekanini yaxshi bilar edim.

U kishi kuchli iroda va xarakter sohibi bo`lib, juda ko`p ishlar edilar. Biz oila qurgan kezlarimizda kamolga etgan inson edilar. Men o`shandayoq u kishining shaxsiyati ko`lamini anglagan, murakkab, lekin sharafli bir yo`lni bosib o`tishlarini his etgan edim.

Men hamisha Islom Abdug`anievichga hamnafas bo`ldim. Mendan butun umr izlanish, o`sish, matonatli bo`lish va tushunishga odatlanish, takomillashish yo`lidan yurmoq talab etildi. Negaki, umr yo`ldoshim mudom o`qib-izlanib yuksak cho`qqilar sari talpinardilar. Muhabbat bizni birlashtirdi, butun hayot yo`limizni yoritdi…

Manba: www.fondkarimov.uz

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar