Buxoroda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 27 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug`anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida madaniy-ma`rifiy tadbir o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar qilmoqda.
Buyuk Yo`lboshchimizning yubileyi munosabati bilan chop etilgan “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov faoliyati xronikasi (Solnoma)”, “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” hamda "Prezidentga maktublar” asarlarining taqdimotiga bag`ishlab tashkil etilgan tadbirda oliy o`quv yurtlari talabalari, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari o`quvchilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta`kidlandiki, Birinchi Prezidentimizning 1989-2016 yillar davomidagi faoliyati xronikasi aks etgan “Solnoma”ni o`qir ekansiz, ko`z o`ngingizda O`zbekiston milliy davlatchiligi asoschisining serqirra hayoti misolida Vatanimizning istiqlolga erishishi tarixi, mustaqil taraqqiyot yo`li, qo`lga kiritilgan ulkan yutuq va marralarimiz butun murakkabligi, barcha sinov va mashaqqatlari bilan namoyon bo`ladi.
Darhaqiqat, tarixan qisqa vaqtda Islom Karimov rahnamoligida O`zbekiston sho`rolar davrida asosan xom ashyo bazasiga aylantirilgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan va paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g`oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan tez va barqaror sur`atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallagan qudratli davlatga aylandi.
Tadbirda Birinchi Prezidentimiz kelajagimizning hal qiluvchi kuchi bo`lgan navqiron avlodni yuksak ma`naviyatli insonlar etib tarbiyalash, ularni yot g`oya va illatlardan asrash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, o`z iste`dod va salohiyatini namoyon etishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratishga doimiy e`tibor qaratgani ta`kidlandi. Shu ma`noda, «Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch» asari qayta chop etilgani ayni muddao bo`ldi.
Xalqimizning Birinchi Prezidentimizga mehr-muhabbati, kelajagi buyuk O`zbekiston davlatini barpo etish borasidagi yo`liga ishonchi katta edi. Bu «Prezidentga maktublar» asarida ham o`z ifodasini topgan.
Islom Karimovning Buxoroda yashab o`tgan buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini obod etish, ular qoldirgan boy ilmiy-ma`naviy merosni o`rganish va keng targ`ib etish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumenti, viloyat musiqali drama teatri hamda amfiteatrdan iborat yaxlit “Buxoro madaniy markazi”ni barpo etish kabi bunyodkorlik ishlariga bevosita rahnamolik qilgani alohida qayd etildi.
– Mustaqillikka erishganimizdan so`ng ko`p o`tmay Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi ham bevosita Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog`liq, – deydi ushbu korxona bosh texnologi o`rinbosari Xurshid Latipov. – O`ndan ziyod neft mahsulotlari ishlab chiqarayotgan bu korxona bugun mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida alohida o`ringa ega. Biz bundan faxrlanamiz.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev so`zga chiqdi.