AsosiyJamiyat

"Sog`lom bola yilida" gepatit bilan xasta bolaga beparvolik bilan qarayotgan shifokorlar

Kecha Toshkent shahar Hamza tumani Lisunova ko`chasida istiqomat qiluvchi Yusupova Muyassarning Yusupov Arslon ismli o`g`li maktabdan og`ir ahvolda uyga qaytgan. Ona darhol farzandiga uyga umumiy amaliyot shifokorini (UASh) chaqirtirgan.

30-Oilaviy poliklinika UASh Rajabova Gulnoza uyga kelib uni ko`rikdan o`tkazib, surunkali gepatit taxmini bilan bolaga Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga yo`llanma bergan. Ona bolasini mazkur tibbiyot muassasasiga olib borgach, undan kerakli taxlillarni olishgan hamda unga surunkali gepatit bilan Respublika ixtisoslashgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo`naltirgan. Gepatit tashxisi bilan kasallangan bola yana sarson bo`lib, navbatdagi tibbiyot markaziga yo`l oladi. Biroq bu erning shifokorlari undan qayta tashxisdan o`tib, kon taxlillari topshirishini so`rab xususiy laboratoriyaga yo`naltirishadi. Bolaning madori qolmaganini ko`rgan ona u bilan uyga qaytadi va Tez yordamga murojaat qiladi. Tez yordam xizmati kelgach, unga shifoxonalarda joy yo`qligi faqatgina Lor kasalligiga ixtisoslashtirilgan shifoxonadagina bo`sh joy borligini aytib, uni o`sha erga olib ketishini aytadi. Bundan ajablangan ona farzandining kasalligi gepatit ekanligini, Lorga hech qanday aloqasi yo`qligini aytib, shifokordan yozma tarzda shifoxonalarda joy yo`q, degan tushuntirish xatini olib qoladi. Hozirda mazkur tushuntirish xati uning qo`lida mavjud. Tushuntirish xatini olgan onaga birozdan so`ng shifokorlar tomonidan taxdid uyushtirib, ushbu xatni ularga qaytarish talab qilingan, bu o`rinda hatto huquqni muhofaza qilish organlarining vakolatlaridan foydalanish holati ham yuz bergan.
Yurtboshimiz tomonidan 2014 yilni "Sog`lom bola yili" deb e`lon qilingan bir paytda gepatit tashxisi bilan og`rigan bolaga nahotki biror shifokor to`g`ri yo`llanma berib, uni sarson qilmaslikni yo`lini bilmagan bo`lsa.

Shunisi ajablanarliki, nima sababdan Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Virusologiya ilmiy-tekshirish institutining tahlil javoblari bilan qoniqmasdan, bolani qayta xususiy klinikada tekshiruvdan o`tishini talab qilgan.

Bundan tashqari tez tibbiy yordam xizmati tomonidan bildirilgani kabi bemor bolalarni joylashga nahotki shifoxonalar bo`lmasa. Yurtboshimiz tomonidan bolalarga katta e`tibor qaratilayotgan davrda nahotki shifokorlarimiz shu qadar befarq bo`lishsa.

Hozirda biz ushbu masala yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining ishonch telefoniga murojaat qildik, javobni etkazamiz, deyishgan, bolani olib qolishdan bosh tortgan Pediatriya ilmiy-amaliy markazining esa Vazirlik saytida ko`rsatilgan birorta ham telefon raqami ish faoliyatida emas, shu sababdan ular bilan bog`lanishning iloji bo`lmadi.

Hozirda xasta bolaning onasi tahririyatimizga qo`ng`iroq qilib, nahotki uning farzandi biror kasalxonaga yotkizilib davolanishga xaqli bo`lmasa, deya najot ko`z yoshini to`kmoqda. Onaizor shifokorlardan hech qanday sado chiqmagach "Darakchi" tahririyatining murojaatlar telefoniga qo`ng`iroq qilganligini aytgan.

Hozirda gepatit tashxisi qo`yilgan bola hali ham uyda yotibdi, biz esa voqea echimini kuzatamiz va natijasini hukmingizga havola etamiz.

Ko`ramiz, Soglikni saklash vazirligining Ishonch telefonlari ishonchni oklarmikan!

Laylo Rustamova tayyorladi

    Boshqa yangiliklar