O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasida «Rieltorlik faoliyati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi tizimi hamda Toshkent shahridagi ijrosini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o`rganish natijalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Unda tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, rieltorlik tashkilotlari vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
Rieltorlik faoliyati ana shunday zamonaviy yo`nalishlardan biri bo`lib, ushbu soha mutaxassisi shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarning ko`chmas mulk inshootlariga doir bitimlar tuzish bo`yicha xizmat ko`rsatmoqda.
2011 yil 23 iyunda kuchga kirgan «Rieltorlik faoliyati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni ushbu sohani huquqiy jihatdan mustahkamlash, ko`chmas mulk egalarining manfaatlarini ta`minlash, rieltorlik sohasida zamonaviy tamoyillarni joriy etishda muhim asos bo`layotir.
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohaga doir me`yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash, rieltorlik faoliyatini lisenziyalash, aholiga mazkur yo`nalishda xizmat ko`rsatish tartib-tamoyillarini ishlab chiqishga alohida e`tibor qaratilayotir.
Faoliyat yuritish borasida yaratilayotgan sharoitlar tufayli rieltorlik tashkilotlari tobora ko`payib borayotir. 2014 yil 1 aprel holatiga ko`ra 170 ga yaqin yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziya, 1100 nafardan ziyod jismoniy shaxs maxsus sertifikat olgan. Ushbu mutaxassislarning salmoqli qismi Toshkent shahri ulushiga to`g`ri keladi. Mazkur yo`nalishda aholiga xizmat ko`rsatish hajmi yildan-yilga oshmoqda. Jumladan, poytaxtimizda 2013 yilda aholiga sakkiz milliard so`mlikdan ortiq xizmat ko`rsatilgan.
Qonun ijrosini ta`minlashda erishilayotgan natijalar bilan birga o`z echimini kutayotgan muammolar ham mavjud. Ko`chmas mulk bozorida hanuzgacha noqonuniy vositachilar faoliyat yuritayotgani, joylarda rieltorlik xizmati ko`rsatuvchi tashkilotlar tuzish ishlari oqsayotgani bunga misoldir. Tegishli davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida ushbu muammolarni bartaraf etish yuzasidan aholi orasida targ`ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Yig`ilishda rieltorlik faoliyatini rivojlantirish istiqbollari, sohaga oid huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash bilan bog`liq vazifalar muhokama etildi. Mutasaddi tashkilotlar vakillariga qonun ijrosini ta`minlash, sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.





