1

Bo`lajak kuyovni kim tanlaydi?

SUG'DIYONA 31.01.2018, 12:05
Bo`lajak kuyovni kim tanlaydi?

Yoshim yigirma uchda. Ikki oycha oldin menga og`iz solgan sovchilardan biriga rozilik berishdi. Yigit ota-onamga, qarindosh-urug`larimga juda ma`qul. Ularning qistovi bilan men ham taqdirga ko`ndim. Mana, unashtiruv arafasidamiz. Biroq endi ko`ngilsizlikdan qiynalyapman. Avvalo, kuyovning tashqi ko`rinishi yoqmadi. Qolaversa, to`yoldi uchrashuvlarni boshqacha tasavvur qilardim. Balki o`ta xayolparastdirman... U ham bee`tibordek tuyulyapti. Ota-onamning ra`yi bilan oila qurib, bir umr afsusda o`tishdan cho`chiyapman. Kelajakda baxtli bo`lishim uchun qanday yo`l tutishim kerak?

Zebo

Kuyovni kim tanlagani ma`qul? Albatta, ikki yoshning tanlovi ixtiyoriy bo`lishi kerak. Biroq qiz bola doim ham o`z hissiyotlarini aniq-tiniq anglay olmaydi. Shu ma`noda ota-ona tajribasiga quloq tutgan ma`qul. Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan «kundaligi»mizga yangi mavzuni yozamiz.

Kutil(ma)gan o`zgarishlar

Hayotda hamma narsa ham qat`iy bir yo`riqnomaga asoslanganda uning qizig`i bo`lmasdi. Shu ma`noda bizning rejalarimiz kutilmaganda boshqacha tus olishi tabiiy hol. Muhimi, har bir vaziyat va tanlov qarshisida turganimiz mahal mas`uliyatni to`liq zimmamizga ola bilishimizdir. Ayni paytda sizning ichki dunyoingiz va ong ostida o`zgarishlar yuz berayapti. Balki shu paytgacha barcha talab va takliflarga «Іa», «Xo`p», «Roziman» deya javob qaytargandirsiz. Endi esa ikkilanish paydo bo`layapti. Bu yaxshi, albatta. Chunki ota-onangizga qanchalik ishonmang va ular sizni qanchalik ishontirishmasin, oila qurish, o`zaro munosabatlar borasida mustaqil fikringiz shakllanayapti. Savol tug`iladi: ota-onaning tanloviga qarshi chiqish kerakmi? Yo`q. Ularning fikrini hurmat qilish va o`rganish lozim. Qat`iy yo`q deyish yoki taqdirga ko`nib «Xo`p bo`ladi» dasturi bilan ish ko`rish ham yaramaydi. Axir, gap sizning taqdiringiz ustida ketayapti.

Yigit ota-onaga ma`qul bo`lsa...

Bizning zamonamizda ota-ona o`zi tanlagan yigitga qizining oyoq-qo`llarini bog`lab uzatib yuborishi... Bunga nafaqat ishonish qiyin, balki yuz berishi mumkin bo`lmagan holat hamdir. Yo`q, deyishga shoshmang. Bosim ostida, majburlov, qat`iy shartlar asosida ko`ngilsiz turmush qurishlar ham uchrab turadi. Ammo bu o`rinda ham gap yoshlarning mas`uliyatdan qochishi, o`z meniga ega egamasligidadir. Xo`sh, siz taqdiringizni bog`lashingiz mumkin bo`lgan inson (ota-onangiz tanlagani emas, umuman yigitlar)ga o`z talablaringiz bormi? Qanday yigit bilan oila qurishni istaysiz? Birinchi o`rinda siz uchun nima muhim? Munosabatlarni qanday tasavvur qilasiz? Bu savollarga oydinlik kiriting. Rozilik berilgan yigit esa ota-onangizning talablariga javob bergan. Atrofingizda girdikapalak bo`lishi, quchoq-quchoq gullar, orzudagi uchrashuvlar, oliftanoma ko`rinish — bular qaysidir ma`noda rol o`ynashi mumkin,ammo o`ta hayotiy zarurat emas.

U nega e`tiborsiz?

Uchrashuvga chiqqanda orzu-xayollar chilparchin bo`lgach, kayfiyatingiz tushib ketishi tabiiy. Natijada yigit bilan yaqindan tanisha olmaysiz. Aslida, qizlarga yigit haqida ma`lum bir xulosaga kelish uchun uch uchrashuv kifoya, deydi mutaxassislar. Keling, chegaralamaymiz. Yaxshisi, unashtiruv arafasida turgan yigitning ko`ngliga qo`l solib ko`rishingizni tavsiya qilamiz. U bilan uchrashuvga chiqqanda siz ham to`nni teskarib kiyib, o`z qobig`ingizga o`ralib olmasligingiz kerak. Avval neytral mavzuda gap boshlang. Darrov chuqurlashmang. Bolalik, qiziqishlar, o`ziga xos prinsiplari, sekin-asta, maqsadlar, tuyg`ular, oilaviy hayotga munosabatini bilib olish mumkin. Muhimi, u sizga qalbini ochadi. Siz unga. Shunda oila qurish masalasiga ikkingizda ham xayrixohlik kuchayadi.

Unutmang, biror qaror qabul qilayotganda faqat hissiyot yoki aqlning o`ziga suyanish noto`g`ri. Ikkisining uyg`unligida bir xulosaga kelinsa, oxiri baxayrbo`ladi.

Sizga baxt va muhabbat tilab...

DUGONANGIZ

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1