Poytaxtimizda “Xorijiy investorlarga yaratilgan investisiyaviy muhit: amaliyot va echimini kutayotgan masalalar” mavzusida seminar bo`lib o`tdi. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, bank, soliq, bojxona, shuningdek, xorijiy investisiya ishtirokidagi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Toshkent viloyatida 2014 yilning birinchi choragi yakunlariga ko`ra, o`nga yaqin chet el investisiyalari ishtirokidagi korxona ish boshlagan bo`lsa, ularga qariyb 12 million AQSh dollari miqdorida mablag` jalb qilindi.
Seminarda qayd etilganidek, adliya organlarida xorijiy investorlarning murojaatlarini to`liq va har tomonlama ko`rib chiqish hamda qonuniy hal etish alohida nazoratga olingan. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning o`tgan davrida xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga 1,1 milliard so`mlikdan ortiq da`vo arizasi kiritildi.
Tadbirda nazorat qiluvchi organlar tomonidan xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalarda tekshirishlarning qonuniyligini ta`minlash, xo`jalik sudlariga da`vo ariza kiritishdagi yangicha tartiblar, investisiyaviy dasturlar hamda xorijiy korxonalarni ro`yxatdan o`tkazishdagi asoslar yuzasidan ishtirokchilarning savollariga javob qaytarildi.





