“O`zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi Yoshlar tajriba ijodiy 5-studiyasi O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning 60 yilligiga bag`ishlab “Bu yorug` dunyoda o`chmas chirog`im” deb nomlangan hujjatli filmni tasvirga oldi.
Ushbu film shoir yubileyiga bag`ishlangan tantanali yig`ilishda “Turkiston” saroyida namoyish etildi, deya xabar beradi “O`zbekkino” milliy agentligi rasmiy sayti.
Yoshlar tajriba ijodiy 5-studiyasi direktori Izzatilla Saidjabborov ushbu film O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 2013 yil 27 dekabrda imzolagan “O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning 60 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan ishlanganini qayd etdi.
─ Xalqona va samimiy she`rlarida Vatani, mustaqillikni yonib kuylagan shoirning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi ushbu film ssenariysini O`zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Said yozib berdi, yosh kinorejissyor Ayub Shahobiddinov va operator Azizbek Arziqulov tasvirga oldi, ─ dedi I.Saidjabborov.





