Qozog`iston Milliy olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Daniyar Abulgazin hamda qo`mitaning sport tibbiyoti boshqarmasi boshlig`i Janbulat Sarsenov O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi.
Milliy olimpiya qo`mitasidan xabar qilishlaricha, mehmonlarni O`zbekiston MOQ raisining birinchi o`rinbosari Oybek Qosimov hamda bosh kotib Jasur Matjonov kutib oldi. Tashrifdan ko`zlangan asosiy maqsad Milliy olimpiya qo`mitasi huzurida faoliyat yuritayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish, kerak bo`lsa undan andoza olish va Qozog`istonda ham ana shunday markaz tashkil etishni muhokama qilishdan iborat edi.
– O`zbekiston MOQ qoshida faoliyat yuritayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bunday sport tibbiyot majmuasi Markaziy Osiyoda yagona ekanligi ahamiyatlidir. Biz ham Qozog`istonda sport tibbiyoti bo`yicha ana shunday markaz tashkil qilishni istaymiz va bu borada O`zbekiston MOQ bilan yaqin hamkorlik o`rnatish istagidamiz, – dedi Daniyar Abulgazin.
Shuningdek, uchrashuv davomida qishki Olimpiya o`yinlariga ko`rilgan tayyorgarlik bo`yicha fikr almashildi. O`z navbatida, Qozog`iston MOQ bosh kotibi qishki sport turlari bo`yicha terma jamoalarimizning o`quv-mashg`ulot yig`inlarini Qozog`istonning tog`li hududlarida hamkorlikda tashkil qilish taklifi bilan chiqdi.