1

Mavzuga qaytib: Farzandi uchun tibbiy tekshiruv talab qilgan ona nega endi bosh tortdi?

Jamiyat 29.04.2014, 16:31
Mavzuga qaytib: Farzandi uchun tibbiy tekshiruv talab qilgan ona nega endi bosh tortdi?

24 aprel kuni Darakchi.uz saytida chop etilgan "Sog`lom bola yilida" gepatit bilan xasta bolaga beparvolik bilan qarayotgan shifokorlar” nomli maqola joylashtirilgandi.

Ushbu maqoladagi holat yuzasidan 26 aprel Respublika ixtisoslashgan Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida maqoladagi keltirilgan ma`lumotlarga oydinlik kiritish maqsadida uchrashuv tashkillashtirildi. Unda Markaz direktori Dilorom Ahmedova, direktor muovini Kamola Solihova, bosh vrach Abdumannon Abduqayumov, Markazning poliklinika mudiri Dilshod Yusupov hamda tegishli shifokorlar, Virusologiya ITIning UTT shifokori, 30-oilaviy poliklinika Umumiy  amaliyot shifokori Gulnoza Rajabova, www.darakchi.uz axborot portali muharriri Laylo Rustamova va murojaatchi Muyassar Yusupova ishtirok etdi.

Muhokamani uyushtirishdan asosiy maqsad — bolaning salomatligiga oydinlik kiritish edi. Garchi murojaatchi muhokamada barcha ma`lumotlarni asosli taqdim etgan, qo`lida mavjud zaruriy tibbiy xulosalar bilan ishtirok etgan bo`lsa-da, masalaning echimidan ko`ra, jurnalistning maqolada keltirilgan ma`lumotlar noto`g`ri ekanligiga asosiy urg`u qaratildi.

Markaz direktori tomonidan maqoladagi barcha xronologiya noto`g`ri ekanligi va axborot portalidan maqolaga raddiya berish talab qilindi. Axborot portali muharriri bu talabni bajonidil qabul qilgan. Haqiqiy holatni ifoda etuvchi ma`lumotlar asosida Markaz nomidan taqdim etilgan raddiya matni axborot portalida joylashtirilishida muammo yo`qligini ta`kidlagan.

Ayni shunday raddiya matni esa murojaatchining farzandi Arslon Yusupov tegishli Markaz shifokorlari tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilgach, taqdim etilishi kerak edi. Ammo Markaz shifokorlari tomonidan murojaatchining farzandi hech bir ilmiy-amaliy tahlillarsiz tekshirib, uning sog`ligiga qoniqarli baho berildi. Uzoq davom etgan muhokamadan so`ng, shikoyat qilgan Muyassar Yusupovaning farzandiga taxmin qilinayotgan tashxisni aniqlash maqsadida Markazning tashxis bo`limiga yotqizilishi taklif etildi.

2014 yil 28 aprel kuni esa Markaz direktori Dilorom Ahmedova Darakchi.uz axborot portaliga ona farzandini olib kelmaganini ma`lum qildi.

28 aprel kuni soat kechki 19:12 da portal muharriri elektron pochta manziliga Sog`liqni Saqlash vazirligi elektron pochtasidan raddiya xati keldi. Ammo raddiya xatida hech bir imzo, hech bir muhr yo`q. Muallif tomonidan bu holatga oydinlik kiritish va raddiya berish uchun mas`ul shaxsning imzosi talab qilinganda, Markaz direktori yurist bilan maslahatlashgach, javob taqdim etishini bildirdi. Biroz vaqt o`tib Markaz bosh shifokori qo`ng`iroq qilib, raddiya portaldan joylashtirilishi rad etilayotganligi sababi bilan qiziqdi. Bosh shifokor esa raddiya jurnalistning nomidan berilishini, ya`ni maqoladagi ma`lumotlar asossiz ekanligini jurnalist tilidan ifoda etilishini talab qildi. Jurnalist esa maqoladagi ma`lumotlar murojaatchining tilidan berilganini, barchasini murojaatchining o`zi ham hanuzgacha tan olayotgani va qo`lidagi hujjatlar buni tasdiqlashini ta`kidlayotganini tushuntirgan. Shunga qaramay, markaz bolaning sog`ligi haqiqatda qanday ahvolda ekanligiga oydinlik kiritish uchun tegishli tibbiy tahlillarni o`tkazmasdan turib, jurnalist nomidan raddiya berilishini talab qilmoqda. Aks holda hammasi sudda muhokama etilishini aytib, go`shakni qo`ygan (suhbatlar yozib olingan).

Jarayonlar tafsiloti qanday bo`lsa, shundayligicha portal muharriri tomonidan joylashtirilmoqda. Guvohi bo`lganingizdek, jurnalist bor-yo`g`i bir fuqaroning ovoragarchiliklariga barham berilishi va farzandi uchun aniq tashxis qo`yilishi tarafdori. Chunki bugungi taraqqiylashib borayotgan, dunyo bilan bellasha olish imkoniyatiga ega mazkur sohada bunga echim topish muammo emas. Axir davlatimiz va hukumatimiz tomonidan bu borada keng ko`lamli islohotlar amalga tatbiq etilmoqda. Tegishli tizim mas`ullari ham bu borada ayrim amaliy harakatlarni amalga oshirishga urindi: hech bir imzosiz jurnalist nomidan markaz taqdim etgan raddiya matnidagi bir xulosa misolida oladigan bo`lsak, “Bolani  tashxisini aniqlash maqsadida Markazning tashxis bo`limiga yotqizilishi taklif etildi, lekin onasi 2014 yil 28 aprel  kuni olib kelaman, deb uyga bolani olib  ketdi. Biroq  biz  hali  ham Muyassar  Yusupova  va  uning  o`g`li Arslon Yusupovni  kutayapmiz... Muyassar Yusupova bolasini gepatologiya bo`limiga emas, balki tashxis bo`limiga  yotqizmoqchi  bo`lganligi sababli,  bolamni Markazga olib bormayman, deb menga javob berdi...” degan sabablarga oydinlik kiritishga urindik. Murojaatchi esa o`zining bunday harakatlarini quyida taqdim etgan tushuntirishlarida izohladi. Biz esa tegishli markazning jurnalist taqdim etgan ma`lumotlar noto`g`ri ekanligida ayblayotgan e`tirozini inobatga olib, murojaatchining bu boradagi savolimizga bergan yozma izohini hech bir tahrirsiz joylashtirdik:

“O`g`lim Toshkent shahar bolalar tibbiy maslaxat diagnostika markazi (TShBTMDM)da 2013 yil 25 dekabrdan 2014 yil 13 yanvarga qadar tekshiruvdan o`tgan. Qon quyish va gematologiya ilmiy tekshirish instituti vrachi TShBTMDMda Olga Saxarova ismli shifokor tekshiruvidan o`tdi va o`g`limni gematologiya institutiga olib borishimni aytdi, shundan so`ng 2014 yil 3 yanvar kuni gematologiya institutida qon topshirdik. Yo`llanmani olgach 3-shahar bolalar shifoxonasida gematologiya bo`limiga yotkizdim. 2014 yil 4 aprel kuni Virusologiya ilmiy tekshirish institutida 3-bo`lim shifokori Xushnora S.S. farzandimni tekshirdi va UTT ko`rigidan o`tishimni aytdi. Men bo`limdagi UTT tekshiruvidan o`tkazdim. UTT shifokori qo`limga quyidagi xulosani berdi (ilova qilinadi): Surunkali gepatit, surunkali xolesistit. Shuningdek bu irsiy kasallik bo`lsa, uni davolash befoydaligini aytdi. O`sha payt ahvolimni tasavvur qilavering. Hattoki bu xulosa bilan shifokor qabuliga kirishga ham qayta kirishga qo`rqdim. So`ng shifokorga UTT xulosasini bersam, u menga Vilson-Konovalova kasalligi borligiga ishonch hosil qilish uchun bir nechta tekshiruvdan o`tish kerakligini tayinladi. Bular quyidagilar: Seruloplazmin qon tahlili, okulist ko`rigi: kolso Kayzera Fleyshera, genetik qon tahlili va onkomarker AFP, ichki a`zolarini MRT qilishni aytdi hamda javoblari bilan oldiga qayta ko`rikka kelishimni aytdi. Men mazkur qon tahllilarini so`rab, ko`p xususiy va Davlat tibbiyot muassasalariga bordim. I- Tibbiyot Akademiyasida bunday tahlilni to`rt yil ichidagi odam men ekanligimni aytishdi. Ohiri Sog`liqni saqlash vazirligining 239-47-21 raqamiga qo`ng`iroq qilsam savolimga o`zini Dilmurod deb tanishtirgan odam Virusologiya bosh shifokori o`rinbosariga uchrashimni, u meni farzandimni ko`rib qo`yishini aytdi. Ertasiga Virusologiya ITI bosh shifokori o`rinbosarining qabuliga borib, “Vazirlikdan Dilmurod oldingizga yubordi. Bolamni ko`rikdan o`tkazing” dedim. U kishi UTT xulosasi va Xushnoraning tavsiya etgan tibbiy qog`ozni ko`zdan kechirib, bular shart emas deyadi, biroq menda baribir gumon qoldi. Nahotki UTT shifokori va 3-bo`lim shifokori yolg`on aytgan bo`lsa, mayli bu tahmin yolg`on ham deylik, endi mening ahvolim nima kechadi. Bolamning har gal mazzasi qochganida, meni shifokorlarning Vilson Kanavalova tashhisi yuragimga g`ulg`ula solmaydimi? 

Nahotki, bolam bedavo darddan o`lib ketsa deb qo`rqaman. Ahir aytilgan gap, otilgan o`q, bu dahshat bilan yashash xaqiqattan azob, buni aniq bilmay yashash undanda azob. Men unga ham ota, ham onaman. U nima kasalga chalingan yo chalinmaganini aniq bilishga nahotki ona xaqli emas. Qo`limga hatto onkomarker tekshiruvi berishadi-yu, men bunga jim qarab tura olamanmi? Ahir onaman shularni o`ylab, Virusologiya ITI 3-bo`lim shifokori Xushnoraga pediatrim guvohligida qayta qo`ng`iroq qilib, aytgan seruloplazmin va boshqa tekshiruvlarini topa olmaganimni faqat genetikdan qon tahlili javobi qo`limdaligini aytib, bolamni yana ko`rikdan o`tkazishini so`radim. U esa endi bolamni pediatriya ilmiy tekshirish institutiga olib borasan, bolangni o`shalar davolashadi dedi va boshqa unga qo`ng`iroq qilmasligimni aytdi. Buni vrachim Rajabova Gulnoza ham eshitdi. Virusologiya ITIda so`raganimda, ham ular tibbiy qon tahlilini o`tkazishmadi. Shundan so`ng Rajabova pediatriya ilmiy amaliy markaziga yo`llanma berdi. Oilaviy poliklinikada gepatit markerlar (A,V,S,D) tahlili o`tkazilmasligi sababli pediatr mazkur tahlilni o`tkaza olmadi. Pediatriya Markaziga 9 kundan so`ng borganimning sababi yuqorida keltirilgan Xushnora ismli shifokorning buyurgan tahlillarini izlaganim va genetikdan qon tahlili javobini kutganim bo`ldi. 2014 yil 14 aprel kuni pediatriya poliklinikasiga o`g`limni olib bordim. Bolam filtrda ko`rikdan o`tkazilgani yo`q, bolamni faqat gepatolog qabuliga olib kirdim. Gepatolog tavsiyasiga ko`ra, nevropatolog ko`rigi ham o`tkazildi. Pediatriya Markazining poliklinika gepatologi bolamni och qorinda olib kelishimni va uni UTT tekshiruvidan o`tkazishini, ungacha ALT, ATS, bilirubin, HBsAG va HCV markerlarini topshirishimni aytdi. Bu tahlillar poliklinikada yo`qligini aytganimda, pullik bo`lsada ko`chada o`tishimni va javobi bilan huzuriga borishimni aytdi. Men vrachdan iltimos qilib, gepatit markerlari tahlilini  ushbu poliklinikada o`tishini aytganimda, ularda bunday tahlillar olinmasligini aytdi. Men ushbu analizlarni TShBTMDMda topshirib, javobi chiqqach, bolamni pediatriya poliklinikasiga UTT tekshiruviga olib bormoqchi edim. Qayta murojaat qilmaganimga sabab, qon tahlili javobi 26.04.14da chiqishi kerak edi. Shu sababdan istasam ham vrach huzuriga bora olmasdim.  U erga javoblar bilan 27.04.2014 bormoqchi edim. Ammo 23.04.2014 ertalabki 7:00 larda bolam o`rnidan turishga majoli yo`qligini aytganda, uning ranglari oqargan edi, ammo, 7:50 da bolamni yaxshi bo`lib ketar degan umidda maktabga yubordim. Ammo soat 10:15da bola maktabdan zo`rg`a yurib keldi. Men darhol tez yordam chaqirdim, tez yordam kelganida, bolamda kuchli holsizlik va bosh aylanishi kuzatilgani uchun, bolam 4 soatdan oshiq qimirlamay yotdi. Tez yordam menga bolani “Boshliq” mavzesidagi LOR bo`limiga yotkizishini aytdi, lekin hozirda bolada tomoq qizarish yo`qligini ham aytdi. Men rad etdim. Boshliqda bizning tuman uchun 10 ta koyka ajratilganini aytdi. Biroq bu ahvoldagi bolani UTT xulosasida yozilgan surunkali gepatit tashhisi va dizagrigasionnaya trombasitopatiya bilan u erga ham olishmasligini aytib, bolani tashlab ketdi. Tez yordam shifokori tomonidan faqatgina bolaning qon bosimi o`lchandi va UASh Rajabova G. Bolani uyga ko`rishga kelganida, uyimga uch nafar mahalla noziri kirib keldi. Voqeadan hayron bo`lib, Rajabovadan ba`zi savollarga javob so`radi. Rajabova ularga UTT surunkali gepatit berganini, vrachlar Vilson-Kanavalovaga tahmin qilishayotganini aytdi, bu paytda soat 14:00dan oshgan edi. Shu kuni bolam ko`chaga chiqadigan ahvolda bo`lmagan va chiqmagan, buni Rajabova qo`lidagi bolaning ambulator kartasidagi 23 aprel kundagi yozuvlari ham tasdiqlaydi. Bolamni ertasiga 24.04.2014da 20 daqiqaga o`z nazoratim ostida ko`chaga toza havoga olib chiqdim. Do`sti bilan gaplashib turganida Rajabova uyimizga keldi, bolamning ko`chada ekanligini shifokor 24 aprel kuni kechqurun ko`rgan.  24 aprel kuni Sog`liqni saqlash vazirligiga bordim, bir necha soat Vazirlikda kutib o`tirdim, tushlikda esa men bolam uyda yolg`izligini aytdim, bolamdan tashvishlanganim sababli kotiba qizga 11 ming so`m pul va hujjatlarimni tashlab, taksi xizmati orqali uyimga yuborarsizlar deb ketganman. Ertasiga bu hujjatlar uyimga olib borilgan.

Darakchi.uz saytida keltirilgan ma`lumotlarni aniqlash maqsadida Pediatriya markazida o`tkazilgan uchrashuvda gap asosan jurnalistni sudga berish haqida bordi. Virusologiya ITI UTT shifokori tekshiruv paytida bemorning jigarida xaqiqattan o`zgarish bo`lganligini tan oldi. Biroq nima sababdan irsiy kasallikka gumon qilingani haqida umuman gap bo`lmadi. Muhokamadan so`ng bolamni pediatr gepatolog va pediatriya poliklinikasi mudiri Dilshod Yusupov, UASh Rajabova G. va men ishtirokimda bolamni koykaga yotkizib, qornini paypaslab ko`rib, bola mutlaqo sog`lom bir oydan keyin sportga qatnashsa ham bo`ladi dedi. U erda bolam birorta ham qon tahlili va tibbiy apparat tekshiruvidan o`tkazilmadi. Men onkomarker va siruloplazminlar tekshiruv shart emasmi deganimda, “Yo`q, bolangiz sog`lom desam sizga yoqmaydimi” - dedi. Biroq men baribir gumonda ekanligimni aytdim. Men esa Virusologiya ITI bosh shifokori o`rinbosari yozib bergan reseptni unga taqdim etdim, u esa bularni bolamga shart emasligini aytdi. O`z navbatida Virusologiya ITI bosh shifokori o`rinbosari TShBTMDM shifokorlari yozgan reseptlarni shart emasligini va bolamga ichirmasligimni tayinladi.

O`rinli savol tug`iladi, nima sababdan shifokorlar bir-birini inkor etadi, men qaysi birining gapiga ishonishim va qaysi dorini ichirishim kerak. Pediatrim esa TShBTMDMda vrachlar yozgan resept bo`yicha bolamni davolashim kerakligini tavsiya qilgan. Men kimga ishonishni bilmay, bolamni hozirda hech qanday dori ichirmasdan, ushlab turibman. Pediatriya poliklinikasi ham hech qanday tekshiruvsiz, o`zining reseptini yozib berdi. Bu erda kim xaq? Qaysi vrachga ishonish kerak? Virusologiyadagilar aytgan bedavo dardni Pediatriya Markazida tekshirishsa-yu, aniq tahlillar javobini olsam va hotirjam bo`lsam degan maqsadda edim. Biroq menga Pediatriya Markazida 26 aprel kuni hammaning oldida 28 aprelda olib kelishimni aytishdi. Poliklinika boshlig`i gepatologiya bo`limida yotmasligimni u erda yuqumli kasalliklar borligini aytdi va bolamni o`zlari tavsiya qilgan joyda yotqizishlarini aytishdi. Umuman olganda, gap mening qaysi bo`limda yotishimda ham emas, gap shifokorning bolamni sog`lomligiga ishongan holda uni tashhis bo`limiga yotkizib, bolamning sog`lomligini isbotlab, o`zlarini oqlashda bo`lgan. Agarda bola sog`lom bo`lsa, u nima sababdan maktabdan qaytib keladi. 1-sinfdan beri nima sababdan fizkultura darslarida qatnashsa o`ng qovurqasi ostida qattiq narsani his qilishini aytadi.  Onaman, men unda sariq kasalligi belgilarini ko`ryapman. Lekin ilmiy kitoblarda yozilishicha, qonda ba`zan bu kasallik alomatlari sezilmasligi ham mumkin ekan.

Nega amalda bolamni birgina savol-javob natijasida sog`lom, degan xulosaga kelindi. Markaz direktori bilan gaplashib, nega pediatr qabulida bo`lgan, degan yolg`on qog`oz qilgansizlar deganimda, u savolimga javob bermadi. Nima sababdan o`zinglarda bor gepatit markerlari tahliliga ko`chaga yozib berganliklari haqida so`rasam, yana javob bermadi. Javobi faqat, “Mana endi nimaga bolangni olib kelmayapsan?”- bo`ldi. Buning sababini men aytadigan bo`lsam, endi men Pediatriya ilmiy amaliy markazi ba`zi shifokorlariga ishonchim qolmaganligi bo`ldi.

Markaz direktoriga qo`ng`iroq qilib, ularga ishonchim qolmaganligi sababli bolamni olib borishdan bosh tortganimni aytganman. Virusologiya UTT vrachi surunkali gepatit bergani va uni yo tasdiqlanishi, yo yo`q bo`lishini istashimni aytdim.

Qaysi ona bolasiga befarq qaraydi, shuncha yugurdim, shifokorlarga yalindim, garchi bolam surunkali gepatitga chalingan bo`lsa ham, agar shifokorlar davolashsa uning tuzalib ketishiga ishonganim sababli shu harakatlarni amalga oshirdim. Bu mening qo`limdan kelgani xolos. Pediatriya vakili bolamni qo`l bilan paypaslab, uni sog`lom deb tursa, bola sog`lom bo`lib qoladimi? Unda Virusologiya ITI UTT shifokori va 3-bo`lim shifokorining menga aytgan gaplarini qanday tushunish mumkin? Bunda kim yolg`on gapiryapti, men kimga ishonishim kerak? Savollarim ko`p, lekin hali ham javob ololmadim! Lekin 3-bo`lim shifokori va UTT xulosalaridagi qo`rqinchli gaplar menga tinchlik bermayapti. Bolamning nega boshqa bolalar singari sog`lom emasman, deganiga qaysi vrach javob bera oladi? Illohim bolamning bedavo dardga chalinmagani rost bo`lsin! Shifokorlarga bitta so`nggi savolim bor: Virusologiya tahliliga asoslanib, farzandimga Vilson-Kanavalova tahminini aytishsa-yu, mazkur tekshiruvlardan o`tkazishlarini so`rab, pediatriya ilmiy-amaliy markaziga murojaat qilsam, men yolg`on gapirgan bo`lamanmi? Bu erda kim aybdor? Menmi? Farzandimmi? Yoki shifokorlarmi?”.

Har bir shaxs bevosita o`zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 35-moddasidan.

Bosh Qomusimizda aks etgan ushbu moddaning mazmun-mohiyatini tushuntirishning hojati bo`lmasa kerak. Bugungi kunda respublikamizda fuqarolar murojaatlariga e`tibor qaratish, unda jamiyatimiz rivojiga tahdid solayotgan masalalarga oydinlik kiritish Davlat siyosati darajasiga ko`tarilmoqda. Barcha davlat boshqaruvi organlarida, vazirliklar va mutasaddi idoralarda ana shu talab ijrosini ta`minlash uchun Ishonch telefonlari yo`lga qo`yilgan. Bu bejiz emas: sabab inson sha`ni va qadr-qimmati yuksak qadrlanadigan yurtimizda haq-huquqi poymol bo`layotgan oddiy fuqarolarni to`g`ridan-to`g`ri mutasaddi rahbarlar bilan bog`lana olishga imkon yaratishdir. Yuqorida keltirilgan fuqaro murojaati haqida ham jurnalist tomonidan masalaga oydinlik kiritish Sog`liqni saqlash Vazirligining Ishonch telefoniga murojaat qilingan. Fuqarolar murojaatiga e`tiborning isboti sifatida vazirlik ishonch telefoniga tushgan masalaga aniqlik kiritish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markaziga yo`naltirganiga ishonchimiz komil. Buni jarayonlar ham isbotlab turibdi. Sababi fuqaro qayd etganidek, uning murojaatiga ayni shu ishonch telefoniga axborot portaliga qilingan qo`ng`iroqdan keyin aniqlik kiritishga kirishilgan.

Markaz esa ishonch telefoniga tushgan murojaatga oydinlik kiritib, fuqaroni qiynayotgan masalaga echim topishdan avval fuqaro va davlat boshqaruvi organlari o`rtasida vositachi bo`lgan OAV vakiliga o`z tilidan hali echimi topilmagan masala yuzasidan raddiya berishni talab qilmoqda. Raddiya berish uchun esa vaziyatni aniq tahlil qilib, o`rganiladigan jihatlarga e`tibor qaratib, haqiqiy vaziyat haqida tegishli markaz ma`lumot taqdim etishi kerak, bizningcha.

Xulosa qilmaymiz, hali-hamon bolaga qo`yilgan taxminiy tashxislar aniqlanmagan, ona esa bezovta. Garchi ona tegishli markaz shifokorlari tekshiruvidan o`ziga ma`lum sabablarga ko`ra bosh tortayotgan bo`lsa-da, Markaz mas`ullari albatta bu masalaning echimini topishadi, degan umiddamiz.

Laylo Rustamova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1