1

Sog`liqni saqlash vazirligi imtiyozlar kimlarga joriy etilishini aytib berdi

Jamiyat 02.05.2014, 09:50
Sog`liqni saqlash vazirligi imtiyozlar kimlarga joriy etilishini aytib berdi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul va pullik tibbiy xizmat ko`rsatish tartib-qoidalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Unda vazirlik tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari olimlari, shifokorlar ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Mamlakatimizda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam va pullik xizmat ko`rsatishning zamonaviy tizimi yaratilgan. Bu boradagi ishlar «Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni va boshqa me`yoriy hujjatlar asosida tartibga solinmoqda.

Tadbirda ta`kidlanganidek, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar doirasiga shoshilinch va kechiktirib bo`lmaydigan tibbiy yordam, sog`liqni saqlashning birlamchi bo`g`inida va davlat tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari, qishloq joylardagi tibbiyot maskanlarida ko`rsatiladigan tibbiy yordam, yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari kiradi. Mamlakatimizda ijtimoiy xavfi yuqori bo`lgan sil, o`sma, ruhiy, narkologik, endokrinologik, kasb kasalliklariga chalingan bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatish ham bepul amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, bolalar, o`smirlar, chaqiruv komissiyasi yo`llanmasiga ega bo`lgan chaqiriq yoshidagi fuqarolar, homilador ayollar, imtiyozli toifaga ega aholi qatlami ham bepul tibbiy yordam bilan qamrab olingan. Shu maqsadda sarflanayotgan barcha xarajatlar davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilayotir.

Bozor islohotlari sharoitida aholiga xizmat ko`rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirish, raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida tibbiyot tizimida pullik xizmatni joriy etish muhim omil sanaladi.

Ayni paytda bu yo`nalishda ko`plab xususiy tibbiyot muassasalari samarali faoliyat yuritmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ham pullik xizmat ko`rsatishning zamonaviy tamoyillari joriy etilgan. Bu aholining zamonaviy tibbiy yordamdan bahramandlik darajasini oshirish, sog`liqni saqlash tizimidagi islohotlarni rivojlantirish, jahon tibbiyoti va ilm-fani erishayotgan ilg`or yutuqlarni tibbiyot tizimiga keng joriy etishga xizmat qilayotir.

Keyingi yillarda tibbiy xizmat ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida vazirlik tomonidan o`nga yaqin me`yoriy hujjat qabul qilindi. Tibbiyot muassasalari rahbarlari va mas`ul xodimlarining bilim va malakasini oshirish bo`yicha o`quv seminarlar tashkil etilayotir.

Tadbirda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida aholiga bepul va pullik tibbiy yordam ko`rsatishning huquqiy asoslari va amaliy mexanizmlari, bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish istiqbollari xususida fikr-mulohazalar bildirildi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1