"O`zbekkonsert" efirga uzatilishi tavsiya etilmaydigan kliplar bo`yicha eslatma ishlab chiqdi

Madaniyat 08.02.2018, 16:48
"O`zbekkonsert" efirga uzatilishi tavsiya etilmaydigan kliplar bo`yicha eslatma ishlab chiqdi

«O`zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «O`zbekkonsert» davlat muassasasi qoshidagi qo`shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash badiiy Kengashining xulosasini olish tartibiga eslatma» e`lon qilindi.

Kengash qo`shiqlar va ularga ishlanadigan videokliplar saviyasini baholashda va lisenziatlarning arizalarni ko`rib chiqishda quyidagi mezonlarni inobatga oladi:

— qo`shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g`oyaviy-badiiy darajasi;

— taqdim etilgan repertuarning milliy an`analarga va umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqligi;

— qo`shiqlar va ularga ishlangan va ishlanadigan videokliplar (ssenariysi)da Vatanga sadoqat, sevgi, muhabbat va insoniylik singari ezgu g`oyalar aks etgani.

Lisenziatning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko`rinish madaniyatiga zid bo`lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma`naviyatga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg`ularini haqorat qiluvchi, axloqsizlik g`oyalarini targ`ib etuvchi asarlari ma`qullanmaydi.

Kengash badiiy jihatdan etuk, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga muvofiq, xalqimizning mentalitetiga mos bo`lgan qo`shiqlar va ular asosida yaratilgan videokliplarning ommalashishiga ko`maklashadi.

Klipda umuminsoniy va milliy madaniyatga zid bo`lgan, nojoiz hatti-harakatlar, turli g`oyaviy tahdidlar aks etmasligi lozim. Jumladan:

— giyohvandlik, spirtli ichimliklar targ`iboti;

— qonli, terroristik xatti-harakatlarni targ`ib qiluvchi, urush va qo`poruvchilikka mayl uyg`otuvchi tasvirlar;

— dinlar va millatlararo nifoq, ziddiyat uyg`otuvchi unsurlar;

— davlat ramzlari (gerb, bayroq, Prezident) tasviridan nojoiz, noo`rin foydalanish;

— turli firma, kompaniyalar hamda ularning mahsulotlarini oshkora va yashirin reklama qilish;

— yotoqxona va boshqa xosxonalarda xonandalarning yonboshlab, o`zbekona odob qoidalariga zid holatda qo`shiq kuylashi;

— ommaviy madaniyatga xos tarzda ochiq-sochiq, yirtiq-yamoq, yarim-yalang`och kiyinish holatlari;

— shahvoniy hirs va behayolikni, engil-elpi hayotni targ`ib qiluvchi ohang va tasvirlar;

— tana a`zolariga tushirilgan turli tatuirovka va «naqsh»larni ko`rsatish;

— erkak xonandalarning ayollar kabi kiyinishi, bezanishi, aytaylik, har xil ziraklar taqishi va shunga o`xshash nomunosib holatlar;

— qo`shiq matni va mazmuniga hech qanday aloqasiz ravishda, faqat qimmatbaho mashinalaru qasrday uylarni, yarashiqsiz zebu ziynatlarni ko`rsatib ko`z-ko`z qilish;

— muqaddas qadamjolar, tabarruk yodgorliklar, qutlug` merosimizga nisbatan hurmatsizlik qilingan holatlar;

— o`zbekona urf-odatlarimizga yot, o`rinsiz va beo`xshov harakatlar.

Izoh: qo`shiq matnidan kelib chiqqan holda foydalanilgan, ezgu g`oyalar targ`ibotiga xizmat qiluvchi salbiy obraz va holatlar, agar maqsad amalga oshgan bo`lsa, Kengash tomonidan rad etilmaydi.

Kengash tomonidan ko`rsatilgan kamchilik va nuqsonlar bartaraf etilgach, klip qayta ko`rikka taqdim qilinishi mumkin. Ko`pchilik ovoz bilan ma`qullangan kliplar efir va boshqa namoyishlarga tavsiya etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1