Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali bir ayolning shifoxonada og`ir ahvolda yotgan ukasi haqida so`zlab bergan videoroliklari tarqaldi. Ayni damda u ayol ukasini qutqarish uchun Rossiyaga kelgan.
Uning aytishicha, jabrlangan Nuriddin Qirg`izovning asli kelib chiqishi Samarqanddan bo`lib, Moskva viloyatining Pushkin tumanida, Sofrino qishlog`i yaqinida ishlagan.
Nuriddin kechga yaqin ko`chaga chiqqan va yong`in ichida qolgan uyni ko`rgan. Uy ichida esa keksa ayol bo`lgan. Uni qutqarish uchun Nuriddin ichkariga kirgan.
Hozirda yigit Pushkin shahridagi shifoxonaning reanimasion bo`limida shifokorlar nazoratida yotibdi. U sun`iy ventilyasiya (shamollatish) sababligina tirik. Bu ahvolda uni O`zbekistonga olib ketish juda xavfli.
Moskvadagi kuyish markazining mutaxassislari yigitni davolash uchun 2 million rubl kerakligini aytishmoqda. Hozir uning opasi mazkur mablag`ni topish uchun yordam so`rab qator xayriya tashkilotlariga murojaat qilmoqda.