1

Elektr ta`minotida faqat “O`zbekenergo” javobgarmi?

Jamiyat 03.05.2014, 08:46
Elektr ta`minotida faqat “O`zbekenergo” javobgarmi?

Siz sahifadagi kabi muammolarga duch kelmaslikni istasangiz, “O`zbekenergo” tatbiq etgan “Elektrhisob” tizimidan foydalaning.

Tizimga ulanish uchun manzilingiz bo`yicha elektr tarmoq korxonasiga murojaat qiling va telefon raqamingizni ro`yxatdan o`tkazing. Ro`yxatdan o`tganligingiz to`g`risida SMS-xabar keladi va Sizga “O`zbekenergo” veb-saytining shaxsiy kabinetiga kirish uchun login taqdim etiladi. SMS-xabar orqali parolga ega bo`lasiz.

“Elektrhisob” yordamida iste`mol qilingan elektr energiyasi uchun amalga oshirilgan to`lov ma`lumoti va hisoblagichning oxirgi ko`rsatgichi to`g`risida SMS-xabar olish imkoniyatiga ega bo`lasiz.

ELEKTR TA`MINOTIDA FAQAT  “O`ZBEKENERGO” JAVOBGARMI?

“Qarzimiz yo`g`-u, ammo tokni  nega uzib qo`yishyapti?” “To`lovlarni to`laganmiz, kompyuterga nega kiritilmagan?” “Elektr  to`lovi uchun oylikdan chegirish to`g`rimi?” Elektr ta`minoti, qarzdorlikning asosliligi, to`lovlardagi tafovutlar bilan bog`liq ayni shunga o`xshash savollar tahririyatga mushtariylar tomonidan bo`ladigan eng ko`p so`rovlardan biridir.

“Darakchi” gazetasining ayni shu rukni orqali elektr ta`minotida uchrayotgan kamchiliklarning barham berilishi, to`lovlar bilan bog`liq e`tirozlar sabablari “O`zbekenergo” AK amaliy ko`magi bilan muntazam o`rganilib, oydinlik kiritilmoqda. Ammo shunga qaramay, bu boradagi murojaatlar hamon uchrab turibdi. Quyida mazkur kompaniyaning “O`zenergosozlash” unitar korxonasi direktor o`rinbosari O.Rafiqov imzosi bilan taqdim etilgan ma`lumotlar adagi savollarga aniqlik kiritadi, degan umiddamiz.

TALAB ASOSLIMI?

Yaqinda elektr hisoblagichlarining sim karta bilan ishlaydigan turini o`rnatishdi. Ammo o`rnatish uchun pul talab qilinmoqda. Shu asoslimi?

Mahamadiyor Ismoilov, Qashqadaryo vil., G`uzor tumani (+99891462-08-65)

Barcha turdagi maishiy elektr hisoblagichlarni xarid qilish, majburiy davlat tekshiruvidan o`tkazish, sinash, hisobdan o`tkazish, plombalash va o`rnatish bo`yicha ishlar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari hisobiga amalga oshiriladi.

KOMPYuTERGA KIRMAGAN TO`LOVLAR

Elektr energiyasi to`lovlarining kompyuterga kiritilmagani uchun kim javobgar hisoblanadi? Bunday hollarda qanday chora ko`riladi?

Faxriddin Sanaev, Samarqand viloyati, Siyob tumani, Farxod ko`chasi

Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarlar elektr ta`minoti shartnomasiga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki iste`molchining o`zi tomonidan yoziladigan to`lov hujjatlari bo`yicha amalga oshiriladi.

            To`lovlar iste`molchi ishlaydigan korxona tomonidan elektr energiyasi iste`moli uchun chegirib qolinishi, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 15.05.2001 yilda 1031-son bilan ro`yxatga olingan “Tashkilotlar va muassalar tomonidan o`z xodimlaridan kommunal xizmatlar uchun xaqni ish xaqidan ushlab qolish ko`rinishida qabul qilish tartibi to`g`risida”gi Nizomga hamda  xodimning arizasiga binoan tartibga solinadi. Ushbu Nizomga asosan mablag`larning tegishli kommunal tashkilotlar hisob varag`iga o`z vaqtida o`tkazilishi uchun korxonalarning rahbarlari va bosh buxgalterlari javobgar bo`ladilar.

            TAHRIRIYaT: Ammo iste`molchi to`lovlarni to`lov shaxobchalarida amalga oshirgan bo`lsa-chi? Taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, agar bunday holatda to`lovlar kompyuterga kiritilmagani kuzatilsa, u holda iste`molchi to`lov kvitansiyalari bilan hududiy elektr tarmoqlariga murojaat etib aniqlik kiritiladi. Bu holatda aniqlangan kamchilik bo`yicha Hududiy elektrtarmoq korxonasi rahbariyati tomonidan o`rnatilgan tartib asosida chora ko`riladi.

“QARZDORLIGIMIZ YO`G`-U, AMMO...”

Qish mavsumida bizning hudud na elektr energiyasi va na gaz bilan ta`minlandi. Qarzdorligimiz umuman yo`q. Farzandlarim bilan nihoyatda qiynalib qoldik, doimiy davolanishda bo`ldik. Ushbu holatlarni kim nazorat qiladi? Yoki elektr energiyasini tejash maqsadida biror ko`rsatma berilganmi?

Umida Xallomova, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Beruniy tumani,

Shabboz QFY

  Qish mavsumida, iste`molchilar tomonidan elektr energiyasiga bo`lgan talabning oshib ketishi natijasida elektr tarmoqlarida yuklamaning kuchayishiga va himoya avtomatika tizimining ishlab ketib, tarmoqning uzib qo`yilishiga sabab bo`lmokda. Shuningdek, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida sodir bo`lishi mumkin bo`lgan avariyalarni oldini olish zarurati tufayli hamda rejali ta`mirlash ishlarini olib borish maqsadida elektr tarmoqlarini qisqa muddatga uzishga to`g`ri kelgan.

Bundan tashqari energetika tizimida quvvat tanqisligi davrlarida yuklamani kamaytirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 avgustdagi 245-sonli Qarori bilan tasdiqlangan "Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari" talablariga qat`iy rioya etgan holda mahalliy hokimiyat bilan kelishilgan cheklash jadvaliga muvofiq cheklashlar kiritiladi.

TAHRIRIYaT: bunga e`tiroz yo`q. Ammo, bizningcha, aynan kunning qaysi vaqtida qancha muddatga tugishli hududda elektr ta`minotida uzilish bo`lishi haqida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mahalliy hokimiyat bilan birgalikda aholini xabardor qilish lozim. Ehtimol o`shanda tizimda anglashilmovchiliklar va o`rinsiz e`tirozlarga hojat qolmasdi. Ha, yana bir gap: avariya holati kuzatilganda bunday ogohlantirishlar mustasno.

“OYLIKDAN ChEGIRIShYaPTI, BU TO`G`RIMI?”

Birinchi savol: oylik va nafaqalardan to`g`ridan-to`g`ri kommunal to`lovlarga, xususan elektr energiyasi iste`moli uchun chegirib qolinadigan pullarni nazoratga olish kimning zimmasida? Sababi to`lovlarning kompyuterga kiritilmagani natijasida aholi elektr qarzdorligi paydo bo`lib, iste`molchi qo`lidagi kvitansiya orasida farq yuzaga kelmoqda.

Odil Choriev, Qarshi shahri

Oylik va nafaqalardan to`g`ridan-to`g`ri kommunal to`lovlarga, xususan elektr energiyasi iste`moli uchun chegirib qolinishi, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 15.05.2001 yilda 1031-son bilan ro`yxatga olingan “Tashkilotlar va muassalar tomonidan o`z xodimlaridan kommunal xizmatlar uchun xaqni ish haqidan ushlab qolish ko`rinishida qabul qilish tartibi to`g`risida”gi Nizomga hamda xodimning arizasiga binoan tartibga solinadi. Ushbu Nizomga asosan mablag`larning tegishli kommunal tashkilotlar hisobvarag`iga o`z vaqtida o`tkazilishi uchun korxonalarning rahbarlari va bosh buxgalterlari javobgar bo`ladilar.

XULOSA O`RNIDA

Garchi yurtimizda biz so`z yuritgan masala ham amaldagi me`yoriy hujjatlar talablari bilan tartibga solinsa-da, guvohi bo`lganingizdek, ayrim e`tirozli holatlar uchrab turibdi. Bu nimadan dalolat? Bizningcha, bu boradagi tartiblardan iste`molchilarning to`la xabardor emasligi, o`z huquqlari qonuniy himoyadaligini bilmasligidan. Biroq faqatgina ularni ayni shunday bexbarlikda ayblab muammolarga echim topib bo`lmaydi. Buning uchun taklif o`rnida aytish mumkinki, ularning ana shu tizimda duch kelayotgan so`rov va murojaatlariga mazkur sohaning hududiy mas`ullari ham ozgina vaqt ajratib, tushuntirish ishlarini yo`lga qo`yishsa, maqsadga muvofiq bo`lardi.

Barno MADALIEVA tayyorladi                                                                  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1