1

Hayo – insonni yomon yo`ldan qaytarib, yaxshi yo`lga yo`llaydi

Hidoyat sari 10.02.2018, 12:25
Hayo – insonni yomon yo`ldan qaytarib, yaxshi yo`lga yo`llaydi

Hayo, nomus iymondandir.

Hayosiz doimo xoru zalildir.

Alisher Navoiy

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birodariga hayo haqida tanbeh berayotgan kishi oldidan o`tayotib: «Uni tek qo`y! Hayo iymondandir!”deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Islomda 77 ta sho``ba bo`lib, uning bittasi hayodir. Albatta, iymonli kishi hayoli bo`lishi zarurdir. Komil mo`min bo`lishi uchun ham hayo kerak.

Hayosiz kishiga doim balo, ofat etib turadi, odamlarning orasida ham martabasi tushib ketadi, hurmatini yo`qotadi.

Oilada ota o`g`il bolalarni tarbiyalasa, ona qizlarga odob berib, yurish-turish, kiyinish madaniyatini har doim o`rgatishi kerak. Hozirgi kunga kelib ayrim yoshlar g`arb madaniyatiga taqlid qilib bormoqda. Bu millatning madaniyati, milliyligi yo`qolib borishiga sabab bo`layotgan omillardandir.

Ming afsuslar bo`lsinki, bugungi kunda aksar yoshlarimiz besharm, behayo bo`lib ketmoqda, ularning og`zidan chiqayotgan so`zlarga o`zlari uyalmasalar-da, atrofdagilar noqulay ahvolga tushib qolmoqda. Yoshlarni bunday ahvolga solayotgan narsa nima bo`lishi mumkin, deymiz. Bunga sabab oiladagi muhit. Xalqimizda bir gap bor: «Qush uyasida ko`rganini qiladi». Haqiqatdan ham, farzandlar eng ko`p ma`lumotni ota-onasidan yig`adi, ota-ona behayo so`zlarni gapiradi, urush-janjal qiladi, bola esa ularning amalini qaytaradi. Oiladagi muhit nosog`lom bo`lsa, farzandga katta ta`sir ko`rsatadi. Yarim kechasi bola ko`chadan kirib keladi, bunga ota-ona befarq qaraydi. Ayniqsa, qiz bolalarda ham shunday holatlar kuzatilmoqda. Ularga uy eshigini otaning o`zi ochib, “Yaxshi keldingmi?!” – deb kutib olishlarini kuzatmoqdamiz. Ana shunday hol behayolikka, sharmandalikka olib borishini nahotki o`ylashmaydi?! Ota “Qaerdan kelding?”, “Kim bilan eding?”, “Nega kech kelding?” kabi savollar bermasa. Ustiga-ustak yigit – qizlarning kiyimlari ham qoniqarli emas. Kiyimlardagi chet tilida yozilgan behayo so`zlarga ham ular beparvo. Ota-ona “Bolam falon joyda o`qiydi, meni qizim…”, deb kerilishdan oldin farzandlarining xulq-atvorini hech kuzatib ko`rganmi?! Kiyadigan kiyimiga befarq, natijada, farzandlarining behayo bo`lib tarbiyalanayotganlari, eng avvalo, ota-onalarga bog`liq. Muqaddas dinimizda hayo ham katta ne`mat ekanligi ta`kidlanadi. Ota-ona oldida farzanlarning ibosi, farzandar oldida ota-onaning sharm-hayosi, aka-singil, opa-uka, tog`a-jiyan, qondoshlik hayosi bo`lishi zarur. Bu mening otam-onam, akam, singlim, xohlaganimni qilsam bo`laveradi, degan holatlarning ham, afsuski, guvohi bo`lmoqdamiz. Yo`q, aslida unday emas, hayo hammani to`sib turuvchi pardadir. Hatto shunaqa holatlar ham kuzatilmoqdaki, behayo qiliqlar tufayli oilalarning tinchligi buzilmoqda. Ularga tanbeh bermoqchi bo`lsang, “Bezbetni ishi besh”, deb kulishadi. Bularning bari safsata. Behayolikning oqibati noxushlikdir.

Ulamolardan biri Fuzayl ibn Iyoz badbaxtning nishonasi besh narsada ekanligini ta`kidlaganlar:

– Besharm va behayo bo`lmoq;

– Ko`ngli qattiq bo`lmoq;

– Dunyoga moil bo`lmoq;

– Ko`zi yoshsiz bo`lmoq;

– Umidsiz bo`lmoq;

Chindan ham, kishidan hayo ketsa, ko`ngli qattiqlashadi, insonlar orasiga og`rinmasdan nizo solishga harakat qiladi, dunyoga muhabbati borgan sari oshadi, hoy-havasga beriladi, ammo hayo haqida o`ylab ham ko`rmaydi.

Agar odamda zarracha hayo bo`lsa, o`zini ham, boshqalarni ham noqulay holga solib qo`ymaslikka urinadi.

Abdulloh ibn Mas`ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilinglar!”, deb marhamat qildilar. Biz:“Ey, Allohning elchisi! Allohga shukrki, biz hayo qilamiz”, dedik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilishlik boshni va unda joylashgan narsalarni, qorinni va unda to`ldirilgan narsalarni asramog`ing, o`limni (bir rivoyatda: qabrlarni) va sinovlarni eslamog`ingdir. Kimki oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark qilur. Kimki mana shunday qilsa, muhaqqaq, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo`lur”, – dedilar (Termiziy, Hokim, Ahmad, Tabaroniy rivoyat qilishgan).

Hayoli kishilar o`zlarni chiroyli tutadilar, bo`lar-bo`lmas gaplarni gapirib kishilarni o`ziga qaratishga harakat qilmaydilar.

Iyas ibn Qurra rohmatullohi alayhi shunday rivoyat qiladilar:

«Umar ibn Abdulazizning huzurida edim. Uning oldida hayo zikr qilindi va odamlar:

– Hayo dindandir, – dedilar.

Shunda Umar:

– Yo`q! Hayo dinning hammasidir! – dedi”.

Demak, hayo dinning barchasi ekan, kishi hayosi bilan dinining go`zalligini ko`rsatib turadi hamda o`zidagi dini, olgan tarbiyasini hayosi orqali yanada go`zallashtiradi.

Shunday qilib, insonning tarbiyali, hayoli bo`lishida ota-onaning o`rni beqiyosdir. Farzand birinchi bo`lib ota-onadan o`rnak oladi, ularga qarab ish tutadi.

Xulosa qilib aytganda, hayoli kishi barchaning hurmatiga sazovor bo`ladi. Hayo faqat yaxshilik va xayrli ishlarga etaklaydi. Hayosizlik esa yomonlik, nafratga olib boradi. Hayo insonlarning ziynati bo`lib, har doim yaxshilikka sababchi bo`ladi. Yoshlarimizni hayoli va kattalarni hurmat qiladigan qilib tarbiyalash – har bir ota-onaning burchidir. Ayni paytda, qizlarimiz va kelinlarimiz momolarimizdan ibrat olsalar va shu ibratlari natijasida kelajak avlodni sog`lom va barkamol qilib tarbiyalasalar, elimiz, yurtimiz ravnaqi uchun ulkan hissa qo`shgan bo`lardilar.

Muqaddas BUZRUKXONOVA

Xadichai Kubro ayol-qizlar o`rta maxsus
islom bilim yurti t
olibasi

O`MI Matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1