1

“O`zulgurjisavdoinvest” 2014 yilda 70 ming tonnadan ziyod zaxira jamg`arishni rejalashtirdi

Jamiyat 05.05.2014, 09:21
“O`zulgurjisavdoinvest” 2014 yilda 70 ming tonnadan ziyod zaxira jamg`arishni rejalashtirdi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida "O`zulgurjisavdoinvest"    uyushmasining ichki iste`mol bozorida oziq-ovqat xavfsizligini hamda chakana savdo tarmog`ini keng turdagi iste`mol tovarlari bilan ta`minlash borasidagi faoliyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

“O`zulgurjisavdoinvest” uyushmasi raisi o`rinbosari R.Hamidbekov va boshqalar mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish hajmini oshirish, bozorlarda mo`l-ko`lchilik va aholi dasturxoni to`kinligini ta`minlashga xizmat qilayotganini ta`kidladi. Xususan, 2013 yilda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish hajmi 6,8 foizga o`sdi, deya xabar beradi O`zA.

Ayni paytda uyushma tizimida 57 hududiy ulgurji savdo bazasi va korxona faoliyat yuritmoqda. Ular mahsulotlarni nafaqat dehqonlardan xarid qilayotir, balki ichki imkoniyatlardan foydalangan holda qishloq xo`jaligi mahsulotlari ham etishtirmoqda.

Zaxira mahsulotlarini jamg`arish, mahsulotni to`g`ri va sifatli saqlash borasidagi ishlar ko`lami ham oshmoqda. Tayyorlash-saqlash omborlari mavsumga talab darajasida taxt qilinsagina, aholini kelgusi pishiqchilik davriga qadar sifatli qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlash imkoni yaratiladi. Shu bois tizimdagi korxonalarda 116 ming kvadrat metr sovutilmaydigan va 60 ming tonnalik sovutkichli omborxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularda  kartoshka, sabzi, piyoz, meva, poliz, go`sht mahsulotlari, un, o`simlik yog`i, shakar, konservalar va boshqa mahsulotlar saqlanmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 aprelda qabul qilingan “2011-2015 yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida omborlarni rekonstruksiya va modernizasiya qilish, zamonaviy sovitish kameralarini qurish ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, 2011-2013 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi    va viloyatlarda 38 ming 440 tonnalik zamonaviy sovutkichli omborxonalar ishga tushirildi. Natijada 2013-2014 yil qish-bahor mavsumida 65 ming tonna qishloq xo`jalik mahsulotlari zaxirasi yaratildi. Joriy yilda 70 ming tonnadan ziyod zaxira jamg`arish rejalashtirilmoqda.

Tadbirda aholining iste`mol tovarlariga bo`lgan ehtiyojini qondirish, ichki bozorni raqobatbardosh mollar bilan to`ldirish maqsadida keyingi yillarda tizimda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo`yicha ellikka yaqin zamonaviy sex tashkil etilgani qayd etildi. Jumladan, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish yo`nalishida 18 loyiha amalga oshirildi. Ularda o`tgan yili 5,8 milliard so`mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo`lsa, joriy yilning birinchi choragida bu ko`rsatkich 3,1 milliard so`mni tashkil qildi.

Yil oxiriga qadar qirqqa yaqin non, makaron va qandolat mahsulotlari, nooziq-ovqat va qishloq xo`jalik mahsulotlarini qayta ishlash sexlari, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va asalarichilik xo`jaliklarini tashkil etish hamda aholiga savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlarini barpo etish bo`yicha saksonga yaqin loyihani amalga oshirish mo`ljallanmoqda.

– Tizimdagi uch mingga yaqin firma va bir ming uch yuzta chakana savdo tarmog`i orqali oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari iste`molchilarga nisbatan arzon narxlarda etkazib berilayotir, – deydi "O`zulgurjisavdoinvest" uyushmasining oziq-ovqat boshqarmasi boshlig`i Ne`matjon Ahmadjonov. – Joriy yilning o`tgan davrida aholiga 218  milliard so`mlik, jumladan, olis va tog`li hududlarda yashaydigan aholiga 50 milliard so`mlikdan ziyod savdo xizmati ko`rsatildi.

Anjumanda aholini ijtimoiy muhim va boshqa mahsulotlar bilan uzluksiz ta`minlash, qayta ishlash hisobiga oziq-ovqat zaxirasini ko`paytirish hamda iste`mol bozori xavfsizligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida mulohazalar bildirildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1