Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti (BSST) barchaga antibiotiklarni faqat shifokor tavsiyasiga ko`ra va tartibga rioya etgan holda ishlatishni maslahat bermoqda. Ekspertlar bugungi kunda antibiotiklar o`z samarasini yo`qotib bormoqda degan havotirda. Bu esa aksari hollarda ushbu dorilarni haddan ortiq ko`p iste`mol qilinganlik bilan bog`liq.
Antibiotiklar kashf etilganiga 70 yildan oshdi. Bu dorilar shuncha vaqtdan beri bakterial infeksiyalarni davolash yo`li bilan juda ko`p insonlar hayotini saqlab qolgan. Ammo bugun haddan ortiq antibiotiklarga bo`lgan ishqibozlik, ularga nisbatan organizm chidamliligini oshirmoqda. Bu degani bakteriyalar shu qadar o`zgaruvchanki, antibiotiklar ularga qarshi kurasholmayapti.
Chorshanba kuni BSST antibiotiklarga chidamlilik holati yuzasidan yangi ma`ruzasi bilan chiqdi, bu haqda O`zbekiston respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi. Hisobot 114 mamlakatda o`tkazilgan ma`lumotlarga tayangan holda tayyorlangan. Hujjatda aytilishicha, antibiotiklarga chidamlilik dunyoning barcha mamlakatlarida jiddiy xavf tug`dirmoqda.
«Operativ harakatlarning yo`qligi sababli antibiotiklarga samaradorlik yo`q davr yaqinlashmoqda. Endi bir necha o`n yillardan beri o`ldirib kelinayotgan infeksiyalar yana insonlar umriga zomin bo`lishi mumkin», — deydi BSST sog`liqni saqlash xavfsizligi bo`yicha Bosh direktori Keyji Fukuda.
Uning aytishicha, bugungi kunda antibiotiklarni ishlab chiqarish, qo`llash va buyurish uslublarini zudlik bilan qayta ko`rib chiqish lozim.
BSST hisobotida etti bakteriya, qon zararlanishi (sepsis), diareya, pnevmoniya, siydik yo`li infeksiyalari va gonoreyaga nisbatan antibiotiklarning chidamliligi haqida so`z bordi.
Hujjatda keltirilishicha, Evropa mamlakatlarida uchinchi avlod sefalosporin va metisillinga nisbatan turg`unlik holati ko`rib chiqilgan.
Hisobot mualliflari bemor va shifokorlarni haddan ortiq antibiotiklarga berilmaslikka chaqirishmoqda, sababi bu mikrobga qarshi ushbu dori vositalariga nisbatan turg`unlikni oshiradi.
Shuningdek, ekspertlar yangi vositalar ishlab chiqarish bilan shug`ullanishni maslahat berishmoqda. Ular so`nggi 25 yilda bitta ham yangi antibiotiklar toifasi kashf qilinmaganligiga urg`u berishgan.