Toshkentda 12 fevral kuni Koreya Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon boshchiligidagi delegasiya a`zolari bilan biznes-muloqot bo`lib o`tdi.
Unda Janubiy Koreyaning Tashqi ishlar, Savdo, sanoat va energetika vazirliklari, ishbilarmon doiralarining 60 dan ziyod vakillari, O`zbekistondan tashqi savdo, sarmoya, energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, engil sanoat, tibbiyot, ta`lim, transport va transport kommunikasiyalari, axborot texnologiyalari hamda sayyohlik sohalari uchun mas`ul vazirlik va idoralar, kompaniya va konsernlar rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari S.Xolmurodov, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon va boshqalar O`zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda tobora rivojlanib borayotganini ta`kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga davlat tashrifidan so`ng bu munosabatlar yangi sifat bosqichiga ko`tarildi. Koreya Respublikasi delegasiyasining mazkur tashrifidan ko`zlangan maqsad ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvi chog`ida erishilgan kelishuvlarni ro`yobga chiqarish hamda Koreyaning yirik sarmoyaviy kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Janubiy Koreya kompaniyalari O`zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. So`nggi yillarda hamkorlik uchun yangi ufqlar ochildi, energetika, neft-gaz, ta`lim, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, kimyo sanoati va boshqa sohalarda qator qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Forumda O`zbekistonning sarmoyaviy salohiyati haqida videorolik namoyish etildi. Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisi A.Ahmadxo`jaev mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari va investisiya muhitini yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi taqdimotini o`tkazdi.
Muloqot chog`ida tomonlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Janubiy Koreyaning etakchi korporasiyalari rahbarlari O`zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar katta qiziqish uyg`otayotgani, mamlakatimiz bilan aloqalarni kengaytirishdan har tomonlama manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Janubiy Koreya delegasiyasi, shuningdek, Toshkentdagi Inha universitetiga tashrif buyurdi. Bu erda Koreya Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik munosabatlarining tarixi, axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik haqida ma`ruza qildi.