O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5 may kuni Oqsaroyda Yaponiya Bosh vazirining o`rinbosari, moliya vaziri Taro Asoni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O`zbekiston uni nafaqat nufuzli siyosat va davlat arbobi, ayni paytda mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va strategik sheriklik o`rnatishga katta hissa qo`shgan ishonchli do`st deb bilishini ta`kidladi. Prezidentimiz Taro Asoni ushbu tashrif davomida unga O`zbekiston Bank-moliya akademiyasining Faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabrikladi, deya xabar beradi O`zA.
Qayd etish joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil fevral oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi O`zbekiston-Yaponiya munosabatlariga yangi sur`at bag`ishladi, siyosiy muloqotni faollashtirib, strategik hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitdi.
Yaponiya O`zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. 2013 yil yakuniga ko`ra, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 215,2 million AQSh dollaridan oshgan. Yaponiya tomonidan O`zbekistonga kiritilgan moliya vositalarining umumiy hajmi 2,32 milliard dollarni tashkil etadi.
Yaponiyalik hamkorlar “Ko`kdumaloq” konida kompressor stansiyasini va Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg`ona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish, Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizasiyalash kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.
Bugungi kunda Qarshi – Termiz temir yo`l tarmog`ini elektrlashtirish, Navoiydagi issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizasiya qilish bo`yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda energetika, kon sanoati, neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik va telekommunikasiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Taro Aso samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Yaponiya hukumati O`zbekiston bilan keng ko`lamli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.





